Kontent qismiga oʻtish

Antioksidlovchilar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Oksidlanish ingibitorlaridan yoʻnaltirildi)

Antioksidlovchilar, antioksidantlar, oksidlanish ingibitorlari – moddalarning molekulyar kislorod bilan oksidlanishiga yoʻl qoʻymaydigan yoki oksidlanishini sekinlashtiradigan moddalar. Antioksidlovchilarga koʻp atomli fenollar, aromatik aminlar, dialkilsulfidlar, dialkil fosfat va diarilditiofosfatlar (rux tuzi), dialkilditiokarbamatlar (kadmiy, rux tuzlari) va boshqa kiradi. Organik birikmalarning oksidlanish jarayoni zanjir reaksiya tarzida boradi; oksidlanishning birinchi bosqichi erkin holatdagi faol peroksid radikal (RO2), alkoksil (RO) va alkil ® radikallar ishtirokida boʻladi. Antioksidlovchilar shu radikallar bilan reaksiyaga kirishib, oksidlanishning toʻxtashi yoki sekinlashishiga – zanjir reaksiyaning uzilishiga sabab boʻladi. Samarali antioksidlovchilar moddalarga juda oz miqdorda (0,01 – 0,001%) qoʻshilganda ham ularning oksidlanish tezligini keskin kamaytiradi va maʼlum vaqtgacha (toʻxtash davri, induksiya) ularda oksidlanish mahsulotlari hosil boʻlmaydi. Antioksidlovchilarning taʼsirchanligi ularni reaksiyaga kiritish paytiga bogʻliq. Ular moddalarga oksidlanish jarayoni boshlanmasdan avval qoʻshilsa, juda yaxshi natija beradi. Transformator, turbina va motor moylariga Antioksidlovchilar qoʻshilganda, ularning ishlash muddati 2 – 4-martagacha uzayadi. Antioksidlovchilar kauchuk va oziq-ovqat sanoatida ham ishlatiladi.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil