Kontent qismiga oʻtish

Kal

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Parshadan yoʻnaltirildi)

Kal, parsha, favus — terining zamburugʻ kasalligi; koʻpincha boshning sochli qismi, teri va tirnoq zararlanadi. Sogʻlom odamga bemordan yoki uning buyumlari (bosh kiyimi, tarogʻi va boshqalar)dan foydalanganda, baʼzan hayvonlar (mushuk, kalamush, sichqon va boshqalar)dan yuqishi mumkin. Aksariyat, yosh bolalar kasallanadi. Dastlab boshning sochli qismida katta-kichik, sargʻish qasmoq bosgan joylar uchraydi. K. zamburugʻlari soch xaltachasi va sochga zarar yetkazadi. Soch xira tortib, chang bosganga oʻxshaydi, kulrang tusga kiradi, moʻrt boʻlib qolib, toʻkila boshlaydi. Keyinchalik oqish kepakka oʻxshagan poʻstchalar yoki sargʻimtir qasmoq bilan qoplanadi. Qasmoq kun sayin koʻpaya borib, boshni butunlay qoplab olishi, baʼzan qobiq osti yiring boylashi mumkin. Vaqtida davo qilinmasa, qasmoq ostidagi teri chandiqqa aylanib, umrbod soch chiqmaydi. Bemor boshini qashishi natijasida K. zamburugʻlari tirnoqqa va ular orqali terining boshqa qismlariga ham yuqishi mumkin. Teri kasallanganda gavdaning turli qismida qasmoq bosgan joylar paydo boʻladi. Kasallangan tirnoq qalin tortadi, dagʻallashadi, bora-bora yumshab, uvalanib ketadi. Kasallikning oldini olish uchun gigiyena qoidalariga qatiy rioya qilish talab etiladi. Bemorni sogʻlom kishilardan ajratib, asosan, kasalxonada davolanadi.

It, mushuk, sichqon, qushlar, sichqonsimonlar, baʼzan ot va qoramollarning ham K. bilan ofishi kuzatiladi.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil