Kontent qismiga oʻtish

Pugachyov qoʻzgʻoloni

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Pugachyov qo'zg'olonidan yoʻnaltirildi)
Boshqird chavandozlari

Pugachyov qoʻzgʻoloni (1773-75) -rossiyada hokimiyatga qarshi koʻtarilgan qoʻzgʻolon. Uralboʻyi, Uralorti, Oʻrta va Quyi Volgaboʻyiga tarqalgan. Unga Ye.I. Pugachyov rahbarlik qilgan. Yoyiq kazaklari, zavod ishchilari, krepostnoy dehqonlar, Volgaboʻyi aholisi, Salavat Yulayev, Kinzya Arslonov boshchiligidagi boshqirdlar dehqonlar urushining harakatlantiruvchi kuchlari boʻlgan. 1773-yil sentabrda qoʻzgʻolonchilar Iletsk va boshqa istehkom shaharchalarini egallaganlar. 1773-yil oktabrda Pugachyov 2500 kishilik otryadi bilan Orenburg qalʼasini qamal qilgan. Qoʻzgʻolonchilarning soni dekabr oyida 30 ming kishiga yetib, ularning qoʻlida 86 toʻp boʻlgan. Qoʻzgʻolon noyabr-dek. oylarida katta hududga yoyilgan. 1774-yil fevralda Chelyabinsk egallangan. Qoʻzgʻolonchilarga qarshi Yekaterina II hukumati muntazam qoʻshinlarini yuborgan. Pugachyov Orenburg qamalini boʻshatish, Chelyabinsk va Kurganni tashlab chiqish, qoʻzgʻolon avj olgan Ural zavodlariga ketishga majbur boʻlgan. 1774-yil iyulida qoʻzgʻolonchilar Qozon uchun boʻlgan jangda yengilganlar. Pugachyov dehqonlar harakati keng yoyilgan Volganing oʻng sohiliga oʻtib ketgan. Uning keng yoyilishiga Pugachyovning dehqonlarga yerlarni boʻlib berish, krepostnoy huquqni tugatish, dvoryan va podsho amaldorlarini yoʻqotishga daʼvat etuvchi manifestlari yordam bergan. Dehqonlar qoʻzgʻoloni magʻlubiyatga uchragan. Pugachyov tutib olinib, 1775-yil Moskvada qatl etilgan. Minglab qoʻzgʻolonchilar shafqatsiz jazolangan.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil