Kontent qismiga oʻtish

Kiyev rusi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Qadimgi rus davlatidan yoʻnaltirildi)

Kiyev Rusi yoki Qadimgi rus davlati — oʻrta asrlarda Sharqiy Yevropadagi davlat. 9-asrning soʻnggi choragida Ryurikovichlar sulolasi knyazlari hukmronligi ostida sharqiy slavyanlarning 2 asosiy markazi — Novgorod va Kiyev, shuningdek, "varyaglardan greklarga" savdo yoʻli boʻylab joylashgan yerlarni (Eski Ladoga, Gnyozdovo va boshqalar atrofidagi qishloqlar) birlashtirilishi natijasida vujudga kelgan. 882 yil knyaz Oleg Kiyevni (Qadimgi Ukraina) bosib olib uni davlat poytaxti qilgan. 988—89 yillarda Vladimir I Svyatoslavich xristianlikni davlat dini sifatida joriy etgan. Shaharlarda (Kiyev, Novgorod, Ladoga, Beloozero, Rostov, Suzdal, Pskov, Polotsk va boshqalar) hunarmandchilik va savdo rivojlangan; meʼmoriy va yozma obidalar yaratilgan. Janubiy va gʻarbiy slavyanlar, Vizantiya, Gʻarbiy va Shimoliy Yevropa, Kavkaz, Oʻrta Osiyo bilan aloqalar oʻrnatilib, ular yanada mustahkamlangan.

Qad. Rus knyazlari koʻchmanchilarning (bijanaklar, torklar, polovetslar) bosqinlarini daf qilganlar. Yaroslav Mudriy hukmronligi (1019—54) — davlatning eng ravnaq topgan davri. Ijtimoiy munosabatlar qadimiy rus huquqi toʻplami — Rus haqiqati va boshqalar huquqiy hujjatlar orqali tartibga solingan. 11-asrning 2-yarmida knyazlarning oʻzaro nizolari va polovetslarning bosqinlari davlatni zaiflashtirgan. Q.Qadimgi rus davlatining yaxlitligini saqlash yoʻlida knyazlar Vladimir II Monomax (1113 —25) va uning oʻgʻli Mstislav (1125—32) koʻp harakat qilganlar. 12-asrning 2-choragida davlat parchalanib, bir necha mustaqil knyazliklar, Novgorod va Pskov respublikalariga boʻlinib ketgan.