Kontent qismiga oʻtish

Pallali gʻoʻza

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Qaychibarg gʻoʻzadan yoʻnaltirildi)

Pallali gʻoʻza – qaychibarg gʻoʻza (Gossypium lobatum Gent) – yovvoyi gʻoʻza turi. Genomi D7, xromosomalar soni 2p=26. 1956-yilda kashf qilingan. Pallali gʻozaning vatani – Meksika (Michoa-kan shtati). Palali gʻoza – ingichka, boʻyi 8 m gacha yetadigan och yashil daraxt; yuqoriga yoʻnalgan oʻsuv shoxlari koʻp. Hosil shoxlari kalta; gullari barg qoʻltigʻidan chiqadi. Gʻoʻza yulduzchasimon tuklar bilan qoplangan. Barglari yirik, och yashil, qalin tukli. Barg plastinkasi bilinar-bilinmas 3 boʻlakchaga (keng qirrali uchburchak shaklda) boʻlingan. Barg shira bezi bitta, silindr shaklida, och yashil. Yonbarglari yirik (9 mm gacha), tezda toʻkilib ketadi. Gullari yirik, qoʻngʻiroqsimon, gulbargi och qizil, olcha rang dogʻlari bor, tashqi tomonining cheti toʻq qizil. Kosachasi uzun uchburchak tishli. Gulyonbarglari mayda, toʻkilib ketmaydi. Koʻsaklari maydaroq, 3 chanoqli, ingichka silindrsimon, oʻtkir konussimon shaklda, sirtida koʻzga aniq tashlanadigan bezchalari bor. Chigiti uzunchoq, 3–4 mm uzunlikdagi qoʻngʻir tuklar bilan qoplangan. Pallali gʻoza fotodavriy oʻzgarishlarga taʼsirchan. Shiraga chidamli. Chigiti qattiq – toshchigit. Uch boʻlma bargli gʻoʻzaga payvand qilingan Pallali gʻoza yaxshi rivojlanib gullaydi. Meksika gʻoʻzasining yovvoyi shakllari bilan oson chatishib, bepusht duragaylar hosil qiladi[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil