Kontent qismiga oʻtish

Narx

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Qiyosiy narxlardan yoʻnaltirildi)

Narx — bazor mexanizmining muhim tarkibiy unsurlaridan biri. U oʻzining vazifalari orqali barqaror iqtisodiyotning shakllanishi hamda samarali amal qilishiga, bozor muvozanatining taʼminlanishiga, milliy daromadning iqtisodiyot turli tarmoq va sohalari, xoʻjalik yurituvchi subyektlari boʻyicha taqsimlanishiga, aholining ijtimoiy jihatdan himoya qilinishiga sharoit yaratadi. Shuningdek, u ishlab chiqaruvchilarni ragʻbatlantirib, sogʻlom raqobat muhitining yaratilishiga katta taʼsir koʻrsatadi.

Narx, baho — tovar qiymatining puldagi shakli; bozor iqtisodiyotida amal qiluvchi iqtisodiy dastak. Iqtisodiy tafakkur tarixidagi ayrim qarashlarda narxni qiymatning mehnat nazariyasiga asoslanib talqin qilishgan, unga qiymatning puldagi ifodasi deb qaralgan. 21-asr boshlaridagi nazariyalar narxni pulning miqdoriy nazariyasi asosida izoxlab, narxga harajatlar, tovarning nafliligi va raqobat taʼsir etishini eʼtirof etadi. Narxni qiymat belgilaydi, ammo u aniq bir qiymatdan yuqori yoki past boʻlishi mumkin, bu esa bozordagi muayyan tovarga boʻlgan talab va taklift bogʻliq. Narx faqat qiymatni emas, balki talab va taklif, shuningdek, tovarning ijtimoiy foydaliligi, sifati va boshqa tovarlar oʻrnini bosa olishi, muomaladagi pulning xarid qobiliyatiga ham bogʻliq. Binobarin, narx qiymatdan miqdoran farqlanadi. Mahsulot tannarxi har qanday narxning asosi boʻlib, mahsulotning hayotiy sikli davomida uning narxidagi oʻzgarishlarga katta taʼsir koʻrsatadi. Narx miqdori xarajatlarga va tovar sifatiga toʻgʻri mutanosiblikda, rakrbatning shiddatiga esa teskari mutanosiblikda turadi. Bozor iqtisodiyotida narx bir nechta vazifalarni bajaradi: 1) hisob-kitob va oʻlchov vazifasi —Narx vositasida qilingan harajatlar, olingan natijaning puldagi miqdori aniqlanadi. Harajatlar ishlatilgan resurslar miqdorini uning narxiga koʻpaytirish orqali hisoblanadi; 2)ragʻbatlantirish vazifasi — narxning oʻzgarishi ishlab chiqarish hajmini oʻzgartiradi. Talab narxga nisbatan teskari mutanosiblikka ega. Narx pasaysa talab ragʻbatlantiriladi, aksincha, narx oshsa (boshqa shart-sharoit oʻzgarmagan taqdirda) taklif ragʻbat oladi. Narxdagi oʻzgarish ishlab chiqaruvchilar va isteʼmolchilarga ishtiyoq bagʻishlaydi; 3)raqobat vositasi vazifasi — Narx raqibni bozordan siqib chiqarish va bozorda oʻz mavqeini mustahkamlash uchun ishlatiladi. Raqobatchilar narxni oʻzgartirib turish, uni sharoitga qarab turlicha belgilash orqali oʻzaro bellashadilar. Narx raqobatlashuvning iqtisodiy vositasi hisoblanadi; 4) iqtisodiyotni tar-tiblash vazifasi — narx bozor mexanizmidagi asosiy iqtisodiy dastak yoki vosita. Narx oʻzgarishiga qarab nimani va qancha ishlab chiqarish kerakligi aniqlanadi. Muayyan tovarlar narxining oshishi ularni koʻplab ishlab chiqarish kerakligini bildiradi, aksincha, narxning pasayishi tovar ishlab chiqarishni kamayishi yoki umuman toʻxtatilishi lozimligini anglatadi. Narxga qarab bozori kasod tovarlardan voz kechilib, bozori chaqqon tovarlarni ishlab chiqarishga oʻtiladi. Bu esa resurslarning bir sohadan ikkinchisiga oqib oʻtishiga, eski soha qisqarib, yangi sohaning tez rivojlanishiga olib keladi. Narx resurslarni qayta taqsimlash orqali iqtisodiyotni tartiblaydi.

Iqtisodiyotning turli tarmoqlarida tovarlar va xizmatlar oldi-sotdisida qoʻllanishi narx tizimini yaratadi. Milliy iqtisodiyot holatini hisoblashda joriy va qiyosiy narxlar qoʻllanadi. Joriy narxlar amaldagi narxlar boʻlib, ular yordamida yil davomidagi ishlab chiqarish natijalari hisoblanadi. Qiyosiy narxlarda maʼlum yil asos qilib olinib, ishlab chiqarishning natijalari shu narxda hisoblanadi va boshqa yillar bilan taqqoslanadi. Joriy narxlar inflyasiya tufayli oʻzgarishi va real iqtisodiy natijani koʻrsatmasligi sababli yalpi milliy mahsulot, milliy daromad, real ish haqi va shahri k. koʻrsatkichlar dinamikasi qiyosiy narxlarda hisoblanadi.

Narx qaysi bozorda amal qilishi, kimga moʻljallanganligi va qaysi maqsadni koʻzlashiga qarab bir necha turlarga boʻlinadi.

Erkin bozor narxi (muvozanatli nar) — erkin bozorda sotuvchilar va xaridorlar koʻpchilik boʻlganidan ulardan hech biri oʻzi xohlagan narxni oʻrnatolmaydi. Bu yerda talab-taklif nisbatiga qarab erkin savdolashuv narxi, yaʼni muvozanatli narx yuzaga keladi; monopol narx — monopol bozorda sotuvchi yoki xaridor ozchilik yoxud tanho boʻlganida ular xohlagan narx oʻrnatiladi. Bu bozorga zoʻrlab kiritiladigan narx boʻlib, odatdagi narxlardan yuqori boʻladi va monopol foyda olishga xizmat qiladi; Ulgurji narx — tovar ishlab chikaruvchilar savdo firmalariga tovarlarni bir yoʻla koʻtarasiga sotishida qoʻllanadi. Tovar birjalari va savdo uylarida ham ulgurji narxlar qoʻllanadi; shartnoma narxlari — sotuvchi va xaridorlarning roziligi bilan belgilanadigan va oʻzaro tuziladigan shartnomada koʻrsatiladigan narx. Bunday narx, odatda, shartnoma muddati amal qiladigan davrda oʻzgarmaydi. Koʻproq milliy va xalqaro bozorlarda qoʻllanadi. Chakana narx — tovarlar bevosita isteʼmolchilarga yakkalab sotilgan chogʻda qoʻllanadi va miqdori ulgurji narxdan yuqori boʻladi; Preyskurant narx — xaridor uchun bildirgich yoki maʼlumotnoma narx boʻlib xizmat qiladi va haqiqiy narx preyskurantlar (koʻrsatkichlar)da eʼlon qilingan narx atrofida boʻlishini anglatadi; D otatsiyalangan narx — davlat byudjeti hisobidan maxsus arzonlashtirilgan, bozor narxidan pastroq qilib belgilangan narx, narxdagi farq byudjet beradigan dotatsiya bilan qoplanadi. Bu narxni oʻtish davrida turgan mamlakatlarda davlat aholini ijtimoiy himoyalash uchun qoʻllaydi; Demping Narx — bozorda oʻz mavqeini mustahkamlash va raqiblarni siqib chiqarishda qoʻllanadigan maxsus pasaytirilgan narx, xalqaro bozorlarda koʻproq qoʻllanadi.

Bozor koʻlamiga koʻra, narxlar hududiy (mintaqaviy), milliy va xalqaro bozor narxlariga boʻlinadi. Hududiy narx — faqat maʼlum hududiy bozorga xos boʻlib, u shu hudud doirasidagi omillar taʼsirida hosil boʻladi. Milliy bozor narxi — bir mamlakat doirasida amal qiluvchi va ularning xususiyatini aks ettiruvchi Nlardir. Xalqaro narx — muayyan tovarga ketgan baynalminal harajatlarni, tovarning nafliligi jihatidan jahon standarti talabiga mos kelish darajasini va xalqaro bozordagi talab va taklif nis-batini hisobga oladi.

Narxlar farqining miqdoriy ifodasi narx diapazoni deyiladi. Narx diapazoni narxlar oraligʻining puldagi ifodasidir. Narx diapazoni quyi, oʻrta va yuqori narxlarni oʻz ichiga oladi. Bu diapazon qanchalik katta boʻlsa, tovar muomalasi shunchalik tez yuz beradi, talab bilan narx oʻzaro bogʻlanadi. Iqtisodiyot bir-biriga bogʻliq va yagona boʻlganidan turli tovarlar va xizmatlar narxlari bir-birini yuzaga chiqaradi, toʻldiradi va oʻzaro taʼsir koʻrsatadi. Ularning har biri oʻzi bilan bogʻliq keyingi mahsulot harajatlarini shakllantiradi. Koʻpgina sohalarda ishlatiladigan eng muhim iqtisodiy resurlar (metall, neft, kumir, gaz, yogʻoch, bugʻdoy, paxta kabi tovarlar) narxining oʻzgarishi bozordagi jami narxlar nisbatiga taʼsir koʻrsatadi.Narxga taʼsir etuvchi eng qulay omil bu monopoliyadir.Monopolist korxona narxni xohlagancha oʻynatishi mumkin.Shunday ekan demping narx psixologik narx bularning hammasini monopolist hal qiladi xohlasa qiladi, xohlamasa yoʻq.Ushbu nazariya Buxoro Davlat Universiteti Iqtisodiyot kafedrasi kafedra mudiri Abdullayev.A ga tegishli nazariyadir.

Ahmadjon Oʻlmasov.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil