Kontent qismiga oʻtish

Kolit

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Qo'lunjdan yoʻnaltirildi)

Kolit (lotincha: colitis; grekcha: kolon — yoʻgʻon ichak), qoʻlunj — yoʻgʻon ichakning yalligʻlanishi. Koʻpincha yuqumli kasalliklar (dizenteriya, paratif), shuningdek, ovqat mahsulotlaridan zaharlanganda, ichak faoliyatining nerv orqali boshqarilishi izdan chiqqanda, baʼzan gijjalar taʼsirida kelib chiqadi. Uning ikki turi farqlanadi: O'tkir va surunkali kolit. Kolitga sanoatda ishlatiladigan zaharli moddalar (simob, margimush, sulema, organik moddalar), baʼzi kasalliklarda organizmda hosil boʻladigan toksinlar (intoksikatsion Kolit) sabab boʻladi. Antibiotiklar va boshqa dorilarni nazoratsiz qabul qilish oqibatida ham Kolit yuzaga keladi. Oʻtkir va surunkali Kolit farq "qilinadi. Oʻtkir Kolit toʻsatdan boshlanadi, qorin dam boʻladi va toʻtibtutib ogʻriydi, ich ketadi, u, koʻpincha, shilliq, yiring yoki qon aralash, achimsiq hidli boʻladi. Kolitning infeksion xilida bemor darmonsizlanadi, ogʻzi quriydi, koʻngli ayniydi, harorati 39-40° gacha koʻtariladi. Oʻtkir Kolit oʻz vaqtida qunt bilan davolatilmasa, surunkali Kolitga aylanadi. Surunkali Kolitda kasallik dam zoʻrayib, dam pasayib turadi. Kasallikning zoʻrayishiga yoʻgʻon ichakka taʼsir qiluvchi taomlar (toʻzlamalar, achchiq va nordon narsalar) isteʼmol qilish, jismoniy va ruhiy toliqish, hayajonlanish, quyosh tigʻida turib qolish, badanning qizib ketishi, ovqat hazm qilish yoʻllari boshqa kasalliklarining avj olishi sabab boʻladi. Bunda suyuq ich ketishi qabziyat bilan almashinib turadi, axlat bilan koʻp miqdorda shilimshiq ajralib chiqadi. Bemorning ishtahasi yoʻqoladi, holsizlanadi va salga toliqadi, ozib ketadi, vitamin yetishmovchiligi va boshqa holatlar kuzatiladi. Yoʻgʻon ichakda yuza-kataral yalligʻlanishdan to yarali yalligʻlanishgacha boʻlgan oʻzgarishlar kuzatiladi. Kasallikning oldini olishda ichak infeksiyasini bartaraf etish, ovqatlanishni maromida olib borish, shuningdek, ichak kasalliklarini oʻz vaqtida davolatish muhim. Meʼda-ichak shillik qavatiga taʼsir etuvchi zaharli moddalar (masalan, qoʻrgʻoshin) bilan ishlaganda xavfsizlik texnikasi qoidalariga toʻla amal qilish va vaqt-vaqti bilan vrach nazoratidan oʻtib turish kerak. D a v o s i . Kasallikning turi va kechishiga qarab davo buyuriladi. Parxez taomlar, doridarmonlar, fizioterapiya, meʼda-ichak kasalliklariga ixtisoslashgan davolanish maskanlaridan foydalanish tavsiya etiladi.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil