Kontent qismiga oʻtish

Qoʻychilik

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Qo'ychilikdan yoʻnaltirildi)

Qoʻychilik – chorvachilikning qoʻylarni urchitish bilan shugʻullanadigan tarmogʻi. Oziq-ovqat mahsulotlari (goʻsht, yogʻ, sut) va yengil sanoatga qimmatli xom ashyo (jun, teri, moʻyna) yetkazib beradi. Qoʻy juni xalq xoʻjaligi uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Qoʻy junidan gazmol, trikotaj buyumlar, gilam va hokazo, terisidan poʻstin, moʻynasidan turli kiyimkechaklar tikiladi, goʻshti oqsil va yogga boy toʻyimli mahsulot, sutidan pishloq, brinza va boshqa tayyorlanadi.

Qoʻychilik olinadigan mahsulotga qarab goʻsht-yogʻ, goʻsht-jun va goʻsht-jun-sut, ular oʻz navbatida, mayin junli, yarim mayin junli, dagʻal junli, yarim dagʻal junli, moʻynali, poʻstin-bop yoʻnalishlarga boʻlinadi.

Oʻrta Osiyo va Qozogʻistonda qorakoʻlchilik va goʻsht-yogʻ yoʻnalishidagi q. rivojlangan. Qoʻy xonakilashtirilgandan boshlab odamlar undan olinadigan xom ashyo va goʻsht mahsulotlaridan foydalana boshladilar. Inson faoliyati natijasida qad. kammahsul dagʻal junli qoʻylar yaxshilangan va mahsuldorligi oshirilgan. Miloddan bir necha ming yil oldin Kichik Osiyoda birinchi mayin junli qoʻylar, Oʻrta Osiyoda esa qorakoʻl qoʻy zotlari paydo boʻldi. Qoʻychilik chorvachilikdagi mustaqil tarmoq sifatida, asosan, choʻl va dasht, togʻli hududlarda qoʻychi boylarning xususiy xoʻjaliklarida olib borilgan.

20-asrning 20-yillaridan boshlab Oʻzbekistonda Qoʻychilik ka alohida tarmoq sifatida eʼtibor berila boshlandi. Yirik davlat va jamoa Qoʻychilik xoʻjaliklari, keyinchalik ixtisoslashgan naslchilik yoʻnalishidagi xoʻjaliklar (naslchilik zavodlari) tashkil etildi. 30-yillardan jamoa va davlat xoʻjaliklari (kolxozlar va sovxozlar)da Qoʻychilik fermalari tashkil etildi. Sobiq Ittifoqning boshqa hududlaridan mayin junli qoʻy (merinoslar) keltirildi. Mayin junli Qoʻychilikni rivojlantirish, kammahsul qoʻylarni mahsuldor qoʻy zotlari bilan chatishtirish, qoʻylarni sunʼiy urugʻlantirishning yangi usullarini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish ishlari olib borildi, qoʻylarni boqish va asrash sharoitlari yaxshilandi. Veterinariya xizmati koʻrsatish tizimi tashkil etildi. Natijada podalarning zot tarkibi yaxshilandi, qoʻy tuyogʻi soni koʻpaydi, qoʻylarning mahsuldorligi oshdi, Qoʻychilikda mayin junli va oʻrtacha mayin junli qoʻylar salmogʻi ortdi, bosh soni koʻpaydi. Respublikada 1923-yilda barcha zotdagi qoʻylar bosh soni 3,1 mln. boʻlsa, 80-yillar boshiga kelib, ularning soni 8,9 mln. boshga, shu jumladan, qorakoʻl qoʻylari 5,3 mln. boshga yetdi.

Oʻzbekistonda qoʻylar, asosan, yaylovda boqiladi (ob-havo sharoiti noqulay hollarda qoʻshimcha oziqlantiriladi). Goʻshtga topshiriladigan qorakoʻl qoʻylarni yaxshi semirtirish uchun kuzda ularning suruvlari tuziladi. Boʻrdoqiga boqiladigan qoʻylarga shulxa, kunjara yoki tert beriladi. 70-80 kunda qoʻylar yaxshi semiradi va goʻshtga topshiriladi.

90-yillar boshidan Qoʻychilikda chuqur iqtisodiy islohotlar amalga oshirildi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 15 martdagi „Respublika chorvachiligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi qaroriga muvofiq barcha jamoa xoʻjaligi Qoʻychilik fermalari xususiylashtirildi va fermer xoʻjaliklari barpo etildi. Qoʻychilikka ixtisoslashgan davlat xoʻjaliklari (z-dlari) jamoa (shirkat) xoʻjaliklariga aylantirildi. 1998-yil iyunda qorakoʻlchilikda ishlab chiqarish va savdo masa-lalari bilan shugʻullanadigan va respublikada barcha qorakoʻlchilik shirkat xoʻjaliklarini va hududiy viloyat birlashmalarini oʻz ichiga olgan „Oʻzbek qorakoʻli“ kompaniyasi tashkil etildi.

Respublika Qoʻychilikda dagʻal jun va goʻsht-yogʻ beruvchi hisori va jaydari qoʻy zotlari asosiy oʻrinni egallaydi. Hisori qoʻylar, asosan, togʻ va togʻ oldi mintaqalarida (Surxon-daryo, Qashqadaryo va Jizzax viloyatlari) boqiladi (qarang Hisori qoʻy zoti). Xonadon xoʻjaliklarida boqiladigan jami qoʻylarning deyarli yarmini jaydari qoʻylar tashkil qiladi. Bu zotlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro va Navoiy viloyatlarida koʻp tarqalgan. Yarim dagʻal jun olinadigan saraja, Olay va tojikiston qoʻy zotlari, asosan, fargʻona va Toshkent viloyatlaridagi togʻ, togʻ oldi yaylovlariga yaxshi moslashgan.

Qoʻychilikka oid ilmiy tadqiqot ishlari Chorvachilik instituti, Qorakoʻlchilik va choʻl ekologiyasi institutit olib boriladi.

Qoʻychilik jahondagi koʻpgina mamlakatlarda rivojlangan. Dunyo boʻyicha 1068669 ming bosh qoʻy boqildi, 497,6 mln. bosh qoʻy soʻyildi va 7,4 mln.t qoʻy goʻshti ishlab chiqarildi (1999).

Jahon mamlakatlarida urchitilayotgan qoʻylarning deyarli yarmi Avstraliya, Yangi Zelandiya, Hindiston, Turkiya, Janubiy Afrika Respublikasiga toʻgʻri keladi. Qoʻylarning bosh soni boʻyicha (mln. bosh) Xitoy birinchi oʻrinda turadi (127,1), Avstraliya (119,6), Hindiston (57,6), Yangi Zelandiya (46,1), Sudan (42,5), Pokiston (31,3), Turkiya (30,2), Afgʻoniston (14,3)da ham Qoʻychilik mamlakat qishloq xoʻjaligida muhim oʻrinni egallaydi.

Fayoz Jaqsimov.