Kontent qismiga oʻtish

Qoʻshin

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Qo`shindan yoʻnaltirildi)

Qoʻshin — urush xavfi tugʻilganda yoki harbiy yurish oldidan shahar, viloyatlarda toʻplangan harbiy qism, lashkar; keng maʼnoda — koʻp sonli harbiy qism (korpus, armiya). 13— 14-asrlardan eʼtiboran turkiy tillarda, xususan, oʻzbek adabiy tilida qoshuntarzida qoʻllanila boshlagan. Chingiziylar harbiy istilohlari tizimidan harbiy qism, tuzilma maʼnosida oʻrin olgan. Temuriylar davrida ming yoki undan oz jangchilardan iborat askariy guruh Qoʻshin deb nomlangan. Nizomiddin Shomiyning taʼkidlashicha, bir oʻrinda Amir temur 200 kishidan 4 ta Qoʻshin tuzishni buyurgan. Yana bir joyda 600 askardan 7 ta Qoʻshin tuzilganligi aytib oʻtilgan. Abdurazzoq Samarqandiy "Matlaʼi saʼdayn va majmai bahrayn" asarida 1405-yil voqealarini tasvirlaganida Mironshoh Mirzoning oʻgʻli Umar Mirzo har biri 500 otliqdan tashkil topgan 47 Qoʻshinni koʻrikdan oʻtkazganini qayd etadi. Keyingi davrlarga kelib Qoʻshin yuqorida qayd etilgan atamalarning deyarli barchasini harbiy terminlar tizimidan siqib chiqargan va armiya maʼnosini ifodalash uchun ishlatilgan.

"Qoʻshin" atamasi zamonaviy qurolli kuchlar turlari, Qoʻshin turlari, maxsus Qoʻshinlar, shuningdek, operativ va hududiy birlashmalarning harbiy kuch va vositalarining umumlashgan nomlarini ifodalash uchun qoʻllanadi.