Kontent qismiga oʻtish

Qon ketishi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Qon yoʻqotishdan yoʻnaltirildi)

Qon ketishi, qon oqishi-jarohatlangan tomirlardan qon oqishi bilan kechadigan patologik holat. Shikastlanishlar va turli xil kasalliklar oqibatida yuzaga keladi. Arterial (arteriya tomirlaridan och qizil rangdagi qon otilib chiqadi), venoz (vena tomirlaridan qoramtir qon оqadi), kapillyarlar va parenximatoz aʼzolar (jigar, taloq, buyrak va boshqalar)dan qon ketadi. Qon ketishi tezligi shikastlangan tomirlarning kattakichikligi va uning devorlari holatiga bogʻliq. Qon birorta aʼzo (meʼda, ichak, miya va boshqalar)ga yoki tashqariga oqadi. Qon qusish, qon tuflash, qon siyish, plevra va qorin boʻshligʻida qon toʻplanishi, bachadondan qon ketishi va boshqa qon ketish turlari ham mavjud. Arteriyadan qon ketishi juda xavfli, bunda qon tomirdan bosim bilan otilib chiqadi. Bolalar va qariyalarda qon yoʻqotish ayniqsa xavfli. Ayollarda qon yoʻqotish erkaklarga nisbatan yengilroq kechadi. Qon ivishining pasayishi bilan kuzatiladigan baʼzi kasalliklarga (gemofiliya, nur kasalligi) duchor boʻlgan odamlarda qon koʻp ketmasada, qon ketish jarayoni uzoq davom etishi tufayli xavfli boʻladi. Qon ketishi tashqi (qon teridagi jarohat orqali tashqariga chiqadi) va ichki (qorin, koʻkrak, kalla suyagi boʻshliqlari va boshqalar) boʻlishi mumkin. Qon toʻqima ichiga quyilganda yumshoq toʻqimalarni suradi va u yerda toʻplanib, gematoma hosil qiladi yoki singib ketadi (lat yeyish). Tashqi qon ketishi, odatda, teri va ogʻiz, burun bushligʻi shilliq pardalarining jarohatlanishi bilan bogʻliq. Bevosita shikastlanishdan soʻng paydo boʻladigan travmatik qon ketishi birlamchi, jarohatlangandan soʻng bir necha kun oʻtgach takrorlangan qon ketishi ikkilamchi qon ketishi deyiladi. Bunday qon ketishining sababi koʻpincha jarohatdagi yiringlash jarayonlari boʻlib, ular shikastlangan tomirni berkitib qoʻygan qon laxtalarining erib ketishiga olib keladi. Tananing yopiq yoki chegaralangan boʻshligʻiga qon ketishi, asosan, ichki aʼzolar (jigar, oʻpka va boshqalar)ning shikastlanishi natijasida yuz beradi va bunda qon tashqariga chiqmaydi. Bunday qon ketishi faqat qon yoʻqotish tufayli organizm umumiy holatining oʻzgarishi va boʻshliqqa toʻplangan suyuqlik belgilari orqali bilinishi mumkin. Qorin boʻshligʻiga qon ketishi, asosan, oʻtkir kamqonlik belgilari-rangparlik, tomirning kuchsiz, lekin tez urishi, chanqash, uyquchanlik, koʻz oldi qorongʻilashishi, hushdan ketish bilan ifodalanadi. Koʻkrak boʻshligʻiga qon ketishida kamqonlik simptomlari hansirash (qiynalib va tez nafas olish) bilan birga namoyon boʻladi. Koʻkrak boʻshligʻiga qon toʻplanganligini eshitib, urib koʻrib va rentgenologik tekshirishlar yordamida aniqlanadi. Kalla suyagi ichiga qon ketishida birinchi oʻrinda qon yoʻqotish simptomlari emas, balki bosh miyaning ezilish belgilari es-hushning oʻzgarishi, nafas olishning izdan chiqishi, falajlar va boshqa nevrologik xususiyatlar yuz beradi. Ichki qon ketishida boʻshliqli (kovak) aʼzolarga qon toʻplangan sari u tabiiy chiqaruv teshiklari orqali tashqariga chiqa boshlaydi, lekin bunday qon ketishining sababini aniqlash hamma vaqt ham oson boʻlavermaydi. Ogʻizdan qon kelishi oʻpka, yuqori nafas yoʻllari, halqum, qiziloʻngach va meʼdadan qon ketishi bilan bogʻliq. Axlatda qon boʻlishi meʼda-ichak yoʻlining istalgan qismidan qon ketishida kuzatiladi. Siydikda qon boʻlishi buyrak, siydik yoʻli va qovuqdan qon ketishidan dalolat beradi. Bunday hollarda toʻgʻri diagnoz qoʻyish uchun ajralib chiqayotgan qonning koʻrinishi va holati katta ahamiyatga ega. Ogʻizdan qip-qizil koʻpirgan qon kelishi oʻpka sili uchun xos.

Kofe quyqasi rangida qusish meʼdadan va oʻn ikki barmoq ichakdan qon ketishini, qoramoysimon axlat meʼda-ichak yoʻlining yuqori boʻlimidan qon ketishini bildiradi. Toʻq qizil axlat bilan bir tekis ajralgan qon ingichka ichakdan, rangi oʻzgarmagan va axlat bilan aralashmagan qon yoʻgʻon ichakning eng pastki boʻlimidan qon ketishidan dalolat beradi. Ammo hamma vaqt ham bu belgilar Qon ketishining sababi, manbasini aniqlash imkonini bermaydi, shuning uchun murakkab diagnostik tekshiruvlardan foydalanishga toʻgʻri keladi.

Qon ketishini vaqtincha va tamoman toʻxtatish mumkin. Vaqtincha qon toʻxtatishda bogʻlamlar bogʻlanadi, tomir toraytiruvchi moddalar, muz ishlatiladi. Tamoman qon toʻxtatishda jarrohlik usullari (tomirlarni bogʻlash, tikish, shikastlangan aʼzolarni olib tashlash), shuningdek, qon quyish, qon oʻrnini bosuvchi suyuqliklar va dorilar qoʻllanadi.