Kontent qismiga oʻtish

Qora piar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Qora PR (piar)dan yoʻnaltirildi)

Jamoatchilik bilan aloqalar (PR eng. „Public relations“) har doim biznesni ilgari surishning muhim qismi boʻlib kelgan, ammo Internet unga yangi turtki berdi va bu imkoniyatning salbiy tomonini namoyish etdi. Koʻpgina tadbirkorlar, sanoat rahbarlari va bosh direktorlar hali ham qora PR deb ataladigan kuchni tushunishmaydi, ammo uni nimaligini anglash juda muhim, chunki u raqobatchilarning strategiyasida muhim vositaga aylanmoqda.[1] Jamoatchilik bilan aloqalar oq, kulrang va qora boʻlishi mumkin. Oq PR ishonchli, ijobiy maʼlumotlardan iborar boʻladi. Kulrang PR — salbiy maʼlumotlardan iborat boʻladi, ammo eʼlon qilingan maʼlumotlarning haqiqatligi aniq boʻladi. Qora PR esa obyekt haqida notoʻgʻri va salbiy maʼlumotlardan tashkil topadi. Shunday qilib, tanlangan PR strategiyasi yo tashkilotni yoki biror shaxsni omma orasida hurmatini oshirishi yo obroʻsizlantirib, butunlay yoʻq qilib yuborishi mumkin.[2]

Qora PR nima?

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Qora PR  - bu shaxs, tashkilot, siyosiy kuch va boshqalarning ijobiy imidjini yoʻq qilishga qaratilgan faoliyat. Bu atamaning ruscha kelib chiqishiga qaramay, shunga oʻxshash faoliyat uzoq vaqtdan beri mavjud boʻlib, xorijiy mamlakatlarda juda yaxshi rivojlangan. Qora PR dunyodagi barcha yirik korporatsiyalar va jahon siyosatchilari tomonidan qoʻllanadi. Qora PR saylov kampaniyalari davrida ayniqsa faollashadi.

Qora PR deganda PR harakatlari orqali raqobatchi yoki raqobatchi kompaniyaga qasddan zarar yetkazish, obroʻsizlantirish yoki yoʻq qilishga qaratilgan har qanday amaliyot tushuniladi. Koʻpgina hollarda, oʻz brendining ijobiy tomonlarini taʼkidlash oʻrniga, raqobatchilarning salbiy tomonlarini alohida taʼkidlaydigan siyosiy taʼsirga ega kampaniyalar tomonidan qora PR qoʻllanadi. Ushbu uyushtirilgan tuhmat kampaniyalari zarar koʻrgan kompaniyalar uchun uzoq muddatli oqibatlarga olib kelishi mumkin va eng yomon holatda, hatto butun korporativ obroʻga putur yetkazadi.[3] „Qora PR“ tushunchasi reklama va marketing bilan bogʻliq boʻlganlar hayotiga mustahkam kirib keldi. 90-yillarning oxirida postsovet hududida paydo boʻlgan qora PR koʻplab sohalarda raqobatni hayratlanarli darajada ragʻbatlantirdi va oʻzining aniq salbiy maʼnosiga qaramay, biznes egalari va marketologlarni isteʼmolchilar bilan oʻzaro munosabatlarning yangi, yanada samarali va salbiy boʻlmagan usullarini izlashga majbur qildi.[4]

„Qora PR“ atamasi rus tilidan kelib chiqqan. ingliz tilida bu atama faqat "afro-amerikaliklarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha PR maʼnosida qoʻllanadi. Bu atama 1980-yillarning oxiri va 1990-yillarning boshlarida ommaviy axborot vositalaridagi pullik nashrlar va norasmiy ravishda toʻlanadigan varaqalar orqali tarqatiladigan siyosiy va tijorat maʼlumotlariga nisbatan paydo boʻlgan. Qoidaga koʻra, ushbu nashrlarda shaxs yoki ob’ektning imidjiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan ishonchli dalillar yoki boshqa maʼlumotlar mavjud edi.

Tabiiyki, qora PR biznes vositasidir. Va kimning qoʻliga tushishiga qarab, u yaxshilik keltirishi yoki yomonlik qal’asi boʻlishi mumkin. Agar u halol tadbirkor qoʻliga tushsa, u oʻzini va isteʼmolchilarini nohaq raqobatdan, mansabdor shaxslarning oʻzboshimchaliklaridan himoya qiladi. Qoʻlidagi qora PR past sifatli mahsulotlarni, zaif biznesni yoʻq qiladi va sogʻlom va kuchli narsaning rivojlanishiga imkon beradi. Bunda eng sifatli va raqobatbardoshlar gʻalaba qozonadi va bundan barcha foyda oladi.

Notoʻgʻri faoliyat yurutuvchi tadbirkorning qoʻlidagi qora PR yovuzlikka aylanadi. U foydali tovarlarni yoʻq qilishni boshlaydi, halol biznesni yoʻq qiladi va hokazo. Bu jamiyat uchun zararli faoliyatga aylanadi. Bundan tashqari, muvaffaqiyatli kompaniyalar xodimlarida kuchli PR guruhi boʻlmasa, oʻzlarini undan himoya qila olmaydi. Faqat hujum va mudofaa usullarini oʻzlashtiribgina, ushbu faoliyat turida muvaffaqiyatga erish mumkin.

Yaʼni, qora PR qanday qilib yomonlik qilish haqidagi ilm emas, balki salbiy maʼlumotlar yordamida bozorda adolat, odob va ustunlikka erishish texnikasidir.[5]

Qora PRdan koʻzlangan maqsad nima?

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qora PR koʻproq siyosatchilar, biznes mutaxassislari, startap asoschilari, bosh direktorlarga nisbatan qoʻllanadi. Albatta, kundalik hayotda mashhur faollar va taʼsir oʻtkazuvchilarga qaratilgan minglab PR kampaniyalarini uchratish mumkin. Xoʻsh, bunday qora PR kompaniyalardan koʻzlangan maqsad nima? Quyidagilarni qora PRning asosiy maqsadlari desak boʻladi:

  • mahsulot(shaxs)ning salbiy imidjini yaratish;
  • kompaniya(shaxs)ning obroʻsiga putur yetkazadi;
  • isteʼmolchi(saylovchi)lar oʻrtasida unga nisbatan salbiy munosabatni shakllantirish;
  • mijoz (saylovchi)larni oʻz tomoniga ogʻdirish.[6]

Qora PRda turli hil axborot hujumlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Jamoatchilik bilan aloqalar boʻyicha mutaxassislar axborot hujumlarining quyidagi turlarini ajratadilar:

  • Professional axborot hujumlari. Ular maxsus idoralar tomonidan tashkil etiladi, puxta oʻylangan strategiya va katta byudjetga ega boʻladi. Bunday hujumga qarshi turish hamda buyurtmachini aniqlash juda qiyin kechadi.
  • Noprofessional axborot hujumlari. Bunday hujumlar odatda obroʻga jiddiy zarar yetkazmaydi. Mahalliy gazetada buyurtma qilingan maqola, norozi boʻlgan isteʼmolchi nomidan shahar ijtimoiy tarmogʻi guruhidagi post kabilar bu turdagi axborot hujumlariga misol boʻla oladi. Yana bir narsa muhimki, notoʻgʻri maʼlumotni rad etishga boʻlgan har qanday urinish mavzuga qarshi ishlaydi, chunki bu asossiz daʼvolarga ahamiyat beradi.
  • Toʻsatdan yoki kutilmaganda sodir boʻlgan axborot hujumi. Bu turdagi hujumlarni uchinchi tomon qoʻllab-quvvatlaydi. Ular toʻsatdan paydo boʻladi, ular biznes yoki shaxs kimningdir manfaatlariga taʼsir qilganda sodir boʻladi.[7]

Qora PRga qarshi kurashish usullari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Vaziyatni yanada yomonlashishini oldini olish maqsadida imijga qilingan hujumlarni tez fursatda qaytarish kerak boʻladi. Mutaxassislar qora PRga qarshi turishni quyidagi usullarini aniqlashgan:

  • Qarshi hujum. Qora PR nishoniga aylangan obyekt raqibiga (yaʼni qora PRni tashkillashtirgan shaxs yoki guruhga) oʻz strategiyasini qarshi qoʻllaydi.
  • Flash. Tarqatilayotgan maʼlumotni tomoshabinlar uchun dolzarbligi bilan soya qiladigan yangilik yaratish kerak boʻladi. Asosiysi, bu yangiliklar tasmasi hech qanday holatda qora PR bilan kesishmasligi kerak, yaʼni u boshqa axborot makonida yotishi kerak boʻladi.
  • Hujumning tartibsizligi. „Oldini ola olmadingmi, unda uni boshqar“ shiori ushbu qarshi kurash usulining toʻliq mazmunini ochib beradi. Raqobatchilar A obyektni isteʼmolchilarni aldashda ayblab, u haqida yomon narsalarni yozishdimi? Bunda A obyektning oʻzi tarmoqni oʻziga qarshi kulgili va bemaʼni ayblovlar bilan toʻldiradi, shunda qora PRchilarning ovozi umumiy oqimga gʻarq boʻladi.[8]

Anton Vuyma, Cherniy PR. Zaщita I Napadenie V Biznese I Ne Tolko

A. V. Chubukova, L. V. Ilyasova, I. V. Pomaz ChYeRNIY PR: OSNOVNIYe FORMI I MYeTODI

Anna Sazonova. Kogda cherniy piar rabotaet na ruku: keys agentstva 1PS.RU

  1. „What Is Black PR and How to Fight with It“.
  2. „ЧЕРНЫЙ PR: ОСНОВНЫЕ ФОРМЫ И МЕТОДЫ“.
  3. „Public relations in a new light – the evil sibling of PR“.
  4. „ЧЁРНЫЙ ПИАР Что такое черный пиар?“.
  5. „Черный PR. Защита И Нападение В Бизнесе И Не Только“.
  6. „Dark PR purposes, Black PR and How to Fight with It“.
  7. „Разновидности атак в черном пиаре“.
  8. „Как противостоять черному пиару?“.