Kontent qismiga oʻtish

Javdar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Qora bugʻdoydan yoʻnaltirildi)
Secale cereale

Javdar, qora bugʻdoy (Secale) — gʻalladoshlar oilasiga mansub bir yillik va koʻp yillik oʻsimliklar turkumi, don ekini. 13 turidan 11 tasi yovvoyi boʻlib, Kichik va Oʻrta Osiyoda, Eron, Afgʻoniston, Zakavkazye, Janubiy Afrikada oʻsadi, qolgan 2 turidan biri — dalalarda begona oʻt tariqasida uchraydi (S. segetale), biri asosan Shimoliy yarim shar mamlakatlarida yetishtiriladigan madaniy yoki ekiladigan javdar (S. cereale) dir. Javdarning vatani Kavkaz, Kichik va Oʻrta Osiyoning togʻ oldi mintaqalari. Kuzgi va bahorgi shakllari bor, asosan kuzgisi ekiladi. Jahon boʻyicha ekin maydoni 9,9 mln.ga oʻrtacha hosildorlik 20,3 s/ga, yalpi hosili 20,1 mln. t (1999). Asosan Yevropa mamlakatlarida koʻp ekiladi (Polshada — 2,2, Rossiyada 3,5, Ukrainada 0,6 mln.ga). Oʻzbekistonda javdar kam ekiladi (8 ming ga, 1999).

Javdar ildiz tizimi popuk ildiz, baquvvat, yerga asosan 120 sm (ayrim ildizlari 2 m) gacha kirib boradi. Poyasi poxol, 5—6 boʻgʻimdan iborat, boʻyi 60 sm dan 2—2,5 m gacha. Bitta oʻsimlikda 4—8 ta poya boʻladi. Bargi barg qini va xanjarsimon uchli barg plastinkasidan iborat: toʻpguli — boshoq, gullari ikki jinsli, mevasi don, yalangʻoch, choʻzinchoq, asosan kulrang. Javdar chetdan changlanadigan oʻsimlik. Javdar dan oziq-ovqat, yem-xashak va texnika maqsadlarida foydalaniladi. Javdar non (bugʻdoy non bilan birgalikda) eng muhim oziq-ovqat mahsulotidir. Yormasi va koʻk massasi, uni chorva mollari uchun qimmatli ozuqa; donidan aralash ozuqa, spirt va kraxmal, patoka ishlab chiqariladi, somonidan qogʻoz, sellyuloza, lignin va boshqa olinadi, shuningdek, mollarga yediriladi va toʻshama oʻrnida foydalaniladi. Kuzgi javdarning faol vegetatsiya davri (120—150 sutka) ikkiga boʻlinadi: vegetativ organlari rivojlanib boradigan kuzgi davr (40—50 sutka) va generativ organlari shakllanadigan va oʻsimlik hosil beradigan bahorgiyozgi davr (75—100 sutka). Urugʻi 1—2° issiqda unib chiqadi, maysalari sovuqqa chidamli. Javdar aprel ning oxiri — mayning boshlarida boshoq chiqaradi, iyun oyida pishadi. Sugʻoriladigan mintaqalarda kuzgi javdarni makkajoʻxori, gʻoʻza, kartoshka va boshqa dala ekinlaridan boʻshagan unumdor yerlarga ekish tavsiya etiladi. Oʻzbekistonda sugʻoriladigan yerlarda, asosan, kuzda 4—6 sm chuqurlikda ekiladi (gektariga 2—2,5 s urugʻ sarflanadi). Sugʻoriladigan yerlarda hosildorligi 20—50 s/ga, bahorikor yerlarda 10—20 s/ga boradi. Baʼzi joylarda javdarni oraliq ekin tariqasida koʻkatini mollarga berish uchun ham ekiladi.

Navlari. javdarning Vyatka, Kozon, Duragay 2, Vaxsh 116 (bahori) va boshqa ekiladi.

Zararkunandalari: shved pashshasi, gessen pashshasi, kuzgi pashshalar, xasva va boshqa

Kasalliklari: ildiz chirish, qorakuya, qorakoʻsov va boshqa

  • Yormatova D., Dala ekinlari biologiyasi va yetishtirish texnologiyasi, T., 2000.

Qoʻziboy Dushamov.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil