Kontent qismiga oʻtish

Qudrat hikmat

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Qudrat Hikmatdan yoʻnaltirildi)

Qudrat hikmat (1925 - Toshkent — 1968.10.4) — bolalar shoiri. Toshkent Pedagogika instituti kechki boʻlimini tugatgan (1957). Respublika gaz.larida adabiy xodim (1950—53), Badiiy adabiyot va sanʼat nashriyotida boʻlim mudiri (1960—68). Dastlabki sheʼriy toʻplami — "Mening Vatanim" (1950). "Baxtli bolalar" (1951), "Obodlik" (1953), "Doʻstlik" (1954). "Uch oʻrtoqning sovgasi" (1957), "Nevara mehri", "Chirchiq farzandi" (1961), "Alisher va kitob" (1962), "Ilonshoh va uning amaldori ari haqida ertak" (1963), "Soatjonning soati" (1964), "Toshbaqalar hujumi" (1965), "Shamol botir" (1966), "Daydi bola", "Oʻgʻlim bilan suhbat" (1970), "Olmos mening yuragim" (1983), "Mening yuragim" (1986) va boshqa toʻplamlarga kirgan sheʼr, ertak va dostonlari Onavatan madhi, tabiat va fasllar tasviri, bolalar hayoti hamda taʼlim-tarbiya muammolariga bagʻishlangan.

Q.H.ning vatan madhidagi "Mening Vatanim", tabiat va fasllar tasviridagi "Bu qaysi fasl?", "Togʻ manzarasi", "Ertalab", Yangi yil taʼrifidagi "Yasha, Yangi yil", "Biz ekkan archa", xalq ogʻzaki ijodidagi oʻyin qoʻshiqlari asosida yaratgan "Oq terakmi, koʻk terak?", "Chillak oʻyini" singari sheʼrlari ifodasining soddaligi, serboʻyoq va yorqin manzaralar yaratilganligi bilan ajralib turadi. Q.H. tugʻma bolalar shoiri sifatida oʻzbek bolalar sheʼriyatiga yangi badiiy tovlanishlarni olib kirgan, uning vazn, band, qofiya tizimini bolalar ruhiyatidan kelib chiqqan holda isloh etgan. V.Mayakovskiy, S.Marshak, S.Mixalkov, A.Surkov, M.Bajan, A.Barto va boshqalarning bolalarga atalgan sheʼrlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan.

  • Qoʻshjonov M., Quddus Muhammadiy va Qudrat Hikmat, T., 1969; Qoʻshjonov M., Qudrat Hikmat, T., 1978.

Rahmatulla Barakayev.