Kontent qismiga oʻtish

Quloqlashtirish. quloqlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Quloqlashtirish. "quloqlar"dan yoʻnaltirildi)

QULOQLASHTIRISH. "quloqlar" (rus. kulachestvo — mushtumzoʻr) — mustabid sovet rejimining badavlat va oʻrta hol dehqonlarni qishloq burjuaziyasi sifatida tugatish siyosati (1929—33). Oʻrta Osiyoda yer-suv islohoti oʻtkazilishi jarayonida qishloqlardagi badavlat xonadonlarni "mushtumzoʻr" ("quloq") sifatida badargʻa qilish boshlangan. Bu islohot davridayoq 28 ming yirik va oʻrta mulkdorlarning xoʻjaliklari tugatilgan va ularning yerlari musodara qilingan edi. Sovet hukumati qishloq xoʻjaligini jamoalashtirish (kollektivlashtirish) davridan boshlab quloqlarni sinf sifatida tugatishga jiddiy tayyorgarlik koʻrgan.

VKP(b)MK Siyosiy byurosining "yoppasiga jamoalashtirish rayonlarida quloq xoʻjaliklarini tugatish tadbirlari toʻgʻrisida"gi qarori va VKP(b)MK Oʻrta Osiyo byurosining "Quloqlarni sinf sifatida tugatish bilan bogʻliq tadbirlar toʻgʻrisida"gi koʻrsatmalari (1930-yil 26 yanvar) asosida Oʻzbekiston Kompartiyasi MK 1930-yil 17 fevralda "Kollektivlashtirish va quloq xoʻjaliklarini tugatish toʻgʻrisida" qaror qabul qilgan. Oʻzbekiston SSRda quloq xoʻjaliklarini tugatish kompaniyasi shu qarordan soʻng avj olgan.

Q. va oʻrtahol dehqonlarga nisbatan zoʻrlik qilish respublikadagi siyosiy vaziyatni keskinlashtirdi. Dehqonlarning noroziligi kuchayib, Fargʻona va Zarafshon vodiylari, boshqa hududlarda ommaviy norozilik namoyishlari, sovet tuzumiga qarshi isyonlar va qurolli chiqishlar yuz berdi. Baʼzi isyonlar qurolli qoʻzgʻolon darajasiga koʻtarilgan. Faqat Qashqadaryo okrugida 1930-yil boshlarida dehqonlarning 14 ta norozilik chiqishlari yuz berib, ularda 3700 kishi ishtirok etgan. 1930-yil mart oyida OʻzSSRda 240 ta, SSSRda 2 mingdan ortiq qurolli chiqishlar qayd etilgan.

"Quloqlar" sifatida roʻyxatga olingan badavlat xoʻjaliklarning molmulki toʻliq musodara qilinib, ularning oilalari oʻzga yurtlar (Ukraina, Shimoliy Kavkaz, Sibir, Qozogʻiston, Uzoq Sharq va x.k.) ga surgun qilingan. Shuningdek, respublikaning oʻzida quloqlar uchun maxsus konsentratsion lagerlar va koʻchirib keltirilganlarning majburiy mehnat posyolkalari (17 ta) tashkil qilingan. Sovet hokimiyatiga qarshilik qilgan "quloqlar" esa qamoqqa olingan va otib tashlangan.

"Quloqlar"ga qarshi kurash OʻzSSR da kun sayin kengayib borgan. 1931-yil avgustda 3828 ta "quloq" xoʻjaliklari tugatilgan, 3871 xoʻjalik "quloq oila-si" sifatida Ukraina, Sibir va Shimoliy Kavkazga surgun qilingan. Rasmiy maʼlumotlarda koʻrsatilishicha, 1933-yilda Oʻzbekistonda surgun qilingan "quloq" xoʻjaliklari son 5500 taga yetgan.

Oʻrta Osiyo respublikalaridagi majburiy mehnat koʻchkindilarining soni 1934-yil 1 yanvar holatida 29559 kishi boʻlsa, oradan bir yil oʻtgach, ularning soni 12039 kishiga tushib qolgan (kamayish, asosan, vafot etganlar va qochib ketganlar hisobidan).

1933-yilda Q. siyosati, asosan, amalga oshirib boʻlingan. Biroq 1934—37 yillarda ham koʻplab badavlat dehqon xoʻjaliklari "quloq" qilingan.

Sovet rejimi qishloqda oʻz hokimiyatini toʻla oʻrnatib, jamoalashtirishni amalga oshirib boʻlgach, surgun qilingan "quloq" xoʻjaliklariga nis-batan oʻz siyosatini bir oz "yumshatgan". Mas, SSSR MIK 1934-yil 27 mayda"Sobiq quloqlarning grajdanlik huquqlarini tiklash tartibi toʻgʻrisida" qaror qabul qilib, unda "quloqlar"ning saylov huquqlari tiklangan.

Ikkipchi jahon urushi davrida majburiy mehnat koʻchkindilari tarkibida katta oʻzgarishlar yuz bergan. Urushgacha va urushning dastlabki davrida "quloqlar" va ularning chaqiriq yoshidagi farzandlarini mehnat surgunidan ozod qilish boshlangan edi. Urush boshlangach, bu jarayon ham toʻxtatildi. 1942-yilda SSSR hududida mehnat surgunida boʻlgan 100 ming kishi (OʻzSSRda 1152 kishi) — "quloqlar" harakatdagi armiya safiga chaqirilib, frontga joʻnatilgan.

Sovet tuzumi davrida quloqlikka tortilib, surgun qilinganlardan tirik qolganlarining erkin fuqarolik maqomini olib, oʻz yurtiga qaytish jarayoni juda ogʻir kechib, u taxminan 20 yildan koʻproq vaqt (1934—56 yil)ni oʻz ichiga oladi.

"Quloq" qilinganlar miqdori toʻgʻrisida tarixiy adabiyotlar va arxiv manbalarida turli raqamlar keltiriladi. Faqat 1930—31 yillarda SSSRdagi maxsus posyolkalarga ishlash uchun koʻchirib keltirilgan "quloqlar" soni 1803000 kishi (391 026 xoʻjalik) boʻlgan. Ayrim tad-qiqotchilar hisobiga koʻra, "quloq" qilinganlar 3,5—9 mln. kishi atro-fida edi.

Oʻzbekistonda tugatilgan va surgun qilingan "quloq" xoʻjaliklarining aniq miqdori hozirgacha toʻliq aniqlanmagan. Baʼzi maʼlumotlarga koʻra, bu davrda 20 ming "quloq" xoʻjaliklari (taxminan 80 000 - 100 000 kishi) badargʻa qilingan, ulardan 31 700 kishi esa repressiyaga uchragan. Faqat 1931-yil avgust — 1932-yil may oylari ichida respublikadan 9 651 xoʻjalik (61 872 kishi) "quloqlar" sifatida sur-gun qilingan.

  • Golovanov A. A. Krestyanstvo uzbekistana: evolyutsiya sotsialnogo polojeniya 1917-1937 gg., T.. 1992: Aminova R.X.. Vozvrashayas k istorii kollektivizatsii v uzbekistane, T., 1995; Oʻzbekistonning yangi tarixi, 2-kitob [Oʻzbekiston sovet mustamlakachiligi davrida), T., 2000; Oʻzbekiston tarixi (1917-1991-yil). T.. 2000: Shamsutdi-nov R., Oʻzbekistonda sovetlarning quloklashtirish siyosati va uning fojeali oqibatlari, T., 2001; Shamsutdinov R., Qishloqfojeasi: jamoalashtirish, quloklashtirish, surgun, T., 2003.

Rustambek Shamsutdshyuv, Qahramon Rajabov.