Rafiq Moʻminov
Rafiq Moʻminov | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlari | |
Tavalludi |
1900-yil Namangan, O'zbekiston |
Vafoti | 1951-yil |
Fuqaroligi | SSSR |
Millati | oʻzbek |
Kasbi |
|
Rafiq Moʻmin (asl ismi Rafiq Moʻminov, 1900—1951) – oʻzbek shoiri, dramaturgi va pedagogi.
Hayoti va mehnat faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Rafiq Moʻminov 1900-yilda Namangan viloyati, Qarqonquloq qishlogʻida etikdoʻz Abdumoʻmin Toʻxtaboy oʻgʻli oilasida dunyoga kelgan. 1916-yilgacha „Namuna“ va „Irfon“ usuli jadid maktablarida taʼlim olgan.
1917-yildan boshlab „Irfon“ maktabida muallim sifatida taʼlim bergan. 1917-yildagi davlat toʻntarilishidan soʻng, oʻqituvchilar kursini tugatib, maktablarda oʻqituvchilik qilgan. 1918-yilda H.Makeyev nashr etgan „Fargʻona nidosi“ gazetasida ishlagan.
Sheʼriyatga boʻlgan qiziqishi uni „Yangi Fargʻona“ gazetasiga yetaklab kelgan. Ayniqsa, uning 1920-yildagi shoir Choʻlpon-Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli bilan tanishuvi, uni oʻziga ustoz deb qabul qilishi va shoir sifatida shakllanishida muhim oʻrin tutgan.
Rafiq Moʻmin matbuotda „Mashrab“, „Rafiq“, „Hulkar“ taxalluslarini qoʻllagan. Ijodi davomida bir qancha ijtimoiy-siyosiy va lirik asarlarni, jumladan, 20-yillarning boshlarida Fargʻona vodiysida roʻy bergan fojiali voqealar taʼsirida Oʻgʻuzxon (H. Yoʻldoshqoriyev) bilan hamkorlikda „Yosh qurbonlar“, „Yoriltosh“ hamda „Gulyor“ dramalarini yozib, havaskorlar sahnasida sahnalashtirgan „Bolaxoʻr“ dostonini nashr ettirgan. 1924-yilda „Inqilob“ jurnalida eʼlon qilingan „Qapchigʻay“ dostoni 20-yillar sheʼriyatida oʻziga xos ahamiyat kasb etgan[1].
Rafiq Moʻminov ijtimoiy hayotda sodir boʻlayotgan adolatsizliklarni hazm qila olmagan shoirlardan biri boʻlgan. Shu sababli ham uning „Yangi Fargʻona“, „Zarafshon“ va boshqa nashrlarda eʼlon qilingan sheʼrlarida bu tuygʻu yaqqol sezilgan. Uning 1929—2930-yillarda yozilib, 1937-yilda eʼlon qilingan „Tiyonshon choʻponi“ asarida ham shu kabi hislar oʻz aksini topgan.
Shoir faqat badiiy ijod bilan kifoyalanib qolmasdan, balki xalq ogʻzaki ijodi namunalarini toʻplashga ham jiddiy eʼtibor qaratgan. 1923-yilda Fargʻona vodiysiga ilmiy ekspeditsiya uyushtirib, Yormat baxshidan „Zevak“ („Yozi bilan Zebo“) va boshqa asarlarni yozib olgan.
Vafoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Rafiq Moʻminov 1937-yil 25-mayda millatchilikda ayblangan holda hibsga olingan va oʻn yilga surgun qilingan. 1947-yilda vataniga qaytgan. Biroq, mahkumlik davrida orttirgan kasalligi sabab 1951-yil 5-mayda vafot etgan[2].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- ↑ Ahmad, Sirojiddin. Qizil mustamlaka: e'lon qilinmagan urush Katta qirg'in qomusi (1929-1950). Toshkent: Info Captal Books, 2022-yil — 635-bet. ISBN 978-9943-5789-3-7.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |