Kontent qismiga oʻtish

Ribonuklein kislotalar

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Ribonuklein Kislotalardan yoʻnaltirildi)
RNK

Ribonuklein kislotalar (RNK) — yuqori molekulali murakkab birikmalar, nuklein kislotalardan biri, monomerlari nukleotidlardan iborat. Har bir nukleotidi tarkibiga uglevod D — riboza, azotli asoslardan adenin (A), guanin (G), sitozin (C cytosine) va uratsildan (U) biri hamda fosfor kislotasi qoldigʻi kiradi. Barcha tirik organizmlar va koʻpgina viruslarning muhim komponenti. Irsiy axborotning nasldan naslga oʻtishida ishtirok etadi. Ribonuklein kislotalar molekulasining fazoviy strukturasi, asosan, bir ipli polinukleotid zanjirdan iborat boʻlib, tarkibida 75 tadan 10000 tagacha nukleotid qoldigʻi bor. Molekulasining ayrim qismlarida azot asoslarining komplementarlik prinsipiga binoan qoʻsh zanjirlar hosil boʻladi. Funksiyasi va strukturasiga koʻra, Ribonuklein kislotalar ribosomal (rRNK), transport (tRNK), informatsion (iRNK) va kichik molekulali (km RNK)ga ajratiladi. Tirik hujayralarda RNK sintezi DNK matritsasida RNK polimeraza fermenti yordamida amalga oshadi (qarang Transkripsiya). Eukariot hujayralarda RNK molekulalari 3 xil RNK — polimeraza ishtirokida sintezlanadi. Sintezlangan DNK matritsasiga komplementar, chunki RNK zanjiridagi nukleotidlar izchilligini DNK matritsasidagi nukleotidlar qatori belgilaydi. Muayyan gen sintezidagi DNKning komplementar 2 zanjiridan faqat bittasi RNK uchun matritsa vazifasini bajaradi. Odatda, RNK molekulalari u sintezlaydigan funksional molekulalarga nisbatan birmuncha katta molekulyar massaga ega. Hujayradagi RNK sonining 80% ini ribosomal RNK tashkil etadi. Uning molekulyar massasi 1,1 — 1,7 mln boʻlib, 4000—6000 mononukleotid qoldigʻidan iborat. RNKning bu xili ribosomalarning shakllanishida ishtirok etadi. Shakllangan ribosomalarning 60% massasini rRNK tashkil qiladi. Transport RNK hujayradagi RNKning 15% ini tashkil etadi. U aminokislotalarni oqsil sintezlaydigan ribosomalarga yetkazib beradi. Transport RNKning molekulyar massasi 25000 ga yaqin boʻlib, 60—90 nukleotid qoldigʻidan iborat. Transport RNK boshqa RNKga nisbatan yaxshi oʻrganilgan. Uning strukturasi beda bargiga oʻxshaydi. Har bir aminokislotaning oʻziga xos tRNKsi mavjud boʻlib, aminoatsilsintetaza fermenti bilan birga taʼsir koʻrsatadi. Bu ferment oʻziga xos keladigan tRNK va aminokislotani tanish xususiyatiga ega. Ayrim hollarda bitta aminokislota ikki va undan ortiq tRNK yordamida kodlanadi. Informatsion RNK hujayradagi RNK massasining 2—6% ini tashkil etadi. Har xil iRNK molekulalari bir-biridan molekulyar massasi va nukleotidlar tarkibi bilan farq qiladi. Hujayrada sintezlanadigan oqsil molekulalari muayyan iRNK yoki uning bir qismi orqali kodlanadi. Eukariotlar hujayrasida iRNK yadroda sintezlanib, u yerdan maxsus ribonukleoprotein zarrachalar (informosomlar) tarkibida sitoplazmaga koʻchiriladi. Eukariotlarda iRNK sintezi kodlanmaydigan qism(intron)larga ega boʻlgan juda uzun zanjirli pre-iRNK sintezidan boshlanadi va birmuncha oʻzgarishlar bilan yetilgan iRNK hosil boʻladi. Kodlanmaydigan qismlar pre-iRNK molekulasining butun uzunligi boʻylab tekis taqsimlangan. Intronlarni ajratib tashlab iRNK molekulasining kodlovchi qismlarini yangidan joylashtirish (splaysing - spicing) maxsus hujayra mexanizmlari orqali boshqariladi. Prokariot hujayralardagi iRNK sintezida deyarli katta oʻzgarishlar boʻlmaydi. Kichik molekulali RNK funksiyasi, strukturasi va oʻlchamiga binoan har xil. Ular tarkibida 30 tadan 300 tagacha nukleotid qoldigʻi boʻladi. Bu turdagi RNK ribosoma, yadro va sitoplazmadagi ribonukleoprotein zarrachalar tarkibida uchraydi.

Abdukarim Zikiryoyev, Muxsim Zokirov.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil