Kontent qismiga oʻtish

Oʻzfan

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Oʻzfan (ruscha: Узбекский филиал Академии наук СССР soʻzlaridan qisqartma shaklida olingan), SSSR Fanlar akademiyasining Oʻzbekiston filiali — 1940—1943-yillarda Oʻzbekistondagi ilmiy tekshirish markazi. 1940-yil 9-yanvarda Fan komiteti negizida tashkil etilgan. Tarkibiga dastlab geologiya, tarix, til va adabiyot, suv xoʻjaligi muammolari, botanika, kimyo ilmiy tekshirish institutlari, tuproqshunoslik, zoologiya, fizika-matematika fanlari sektorlari, Toshkent Astronomiya rasadxonasi va uning huzuridagi Kitob kenglik stansiyasi, iqtisodiy tadqiqotlar hamda xaritagrafiya byurolari kirgan. Asosiy vazifasi respublikada fanning turli sohalarini taraqqiy ettirishdan iborat boʻlgan. Tashkil etilgan yili Oʻzbekistonda 70 ga yaqin ilmiy tashkilot boʻlib, ularga rahbarlik qilish OʻzFAN zimmasiga yuklatilgan. Ikkinchi jahon urushi yillari Oʻzfan ilmiy tadqiqot muassasalari faoliyatini respublika tabiiy boyliklari va resurslarini qidirib topish va ulardan mudofaa maqsadlarida foydalanishga qaratdi hamda respublikada ogʻir sanoat va qishloq xoʻjaligini rivojlantirish vazifalarini hal etishda yetakchi rol oʻynadi. Natijada Oʻzbekistonda Fanlar akademiyasining ochilishi uchun yetarli darajada ilmiy va ilmiy texnika bazasi vujudga keldi. 1943-yil Oʻzfan negizida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi tashkil etildi[1].

  1. Oʻzfan“, Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi: 10-jild (Sharq — Qizilqum). Toshkent: „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2005 — 656-bet.