Kontent qismiga oʻtish

Muso Saidjonov

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Muso Saidjonov
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 1893-yil
Buxoro, Buxoro amirligi
Vafoti 25-oktyabr 1937-yil(1937-10-25)
(44 yoshda)
SSSR
Fuqaroligi Buxoro amirligi
BXSR
SSSR
Turmush oʻrtogʻi Rizvonxon Saidjonova
Bolalari Muhtarama Saidjonova
Sevara Saidjonova
Narzullo Saidjonov
Habib Saidjonov
Ulugʻbek Saidjonov
Salim Saidjonov
Onasi Halima Polvonova
Otasi Yoʻldoshboy Saidjonov
Taʼlim Mir Arab madrasasi
Yangi Buxorodagi rus-tuzem maktabi
Dini Islom

Muso Yoʻldoshevich Saidjonov (1893-yil, Buxoro, Buxoro amirligi — 1937-yil 25-oktyabr, Toshkent, OʻzSSR, SSSR) — oʻzbek davlat va jamoat arbobi. Buxorodagi jadidchilik harakatining namoyandasi, maʼrifatparvar; tarixchi, sharqshunos va manbashunos olim, arxeolog-professor (1935). Ilk oʻzbek professorlaridan biri.

Kelib chiqishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Muso Saidjonovning bobosi Saidboy qorakoʻlfurush Buxoro amirligi poytaxtining arabon guzarida istiqomat qiluvchi eng yirik savdogarlardan boʻlgan. U qorakoʻl teri, jun, ipak tolasi bilan savdo qilishdan tashqari katta yer maydonlariga ham ega boʻlgan, ularni mahalliy dehqonlarga ijaraga berish hisobidan daromad koʻrgan. Saidboy qorakoʻlfurush savdo karvonlari bilan Rossiya, Xitoy, Germaniya va boshqa olis mamlakatlarga safar qilib, qoʻlga kiritgan daromadi hisobidan koʻchmas mulk xarid qilgan. Xususan, Germaniyaning poytaxtida uning toʻrt qavatlik mehmonxonasi boʻlgan. Buxorolik tijoratchilar Berlinga kelishganida xuddi shu mehmonxonada istiqomat qilishgan. Saidboy qorakoʻlfurush tijoratining sof foydasini savob ishlarga ham sarf etgan ekan. Jumladan, har gal Xitoyga safar qilganida, albatta bozorga kirib, qullikka haydalgan Oʻrta Osiyo xalqlari vakillarini sotib olar va Buxoroga qaytgach ularni ozod qilar ekan[1].

Muso Saidjonovning otasi Yoʻldoshboy tez-tez Rossiya va Xitoyga qatnab, Moskva va uygʻur yarmarkalarida teri bilan savdo qilgan[1]. U Muso boshlangʻich maktabda oʻqib yurgan kezlarda toʻsatdan 47 yoshida yurak xastaligiga duchor boʻlib, vafot etgan[2].

Yoʻldoshboy oʻgʻli Muso savod chiqarishi uchun uni Buxorodagi Xoʻja Abdulloyi Safedmun masjidi oldida faoliyat yuritgan boshlangʻich maktabga bergan. Muso maktabdagi taʼlimining birinchi yilida arab alifbosi va fors imlosini oʻrgangan, ikkinchi yilida esa Qurʼon suralarini oʻrganish uchun oʻziga xos xrestomatiya vazifasini bajarar Haftiyakni yodlagan, soʻngra Qurʼonni bevosita mutolaa etishga kirishgan. U besh yil boshlangʻich maktabda taʼlim olib, savod chiqargan[3].

Muso Saidjonov 12 yoshida maktabni bitirganidan soʻng, 4 yil[4] mobaynida Buxorodagi Mir Arab madrasasida, mulla Abdusalom hujrasida undan alohida dars olib, arab tilini mukammal darajada oʻrgangan, soʻng bir muddat akasi Qurbon Saidjonovning doʻkonida sotuvchi boʻlib ishlagan[5].

Muso Saidjonov 1904-yilda Yangi Buxorodagi rus-tuzem maktabiga oʻqiy boshlagan. U bu yerda rus tili va adabiyoti, Rossiya imperiyasi va jahon tarixi, amaldagi rus qonunchiligi, arifmetika, geometriya, geografiya, tibbiyot, rasm chizish fanlarini oʻrta bilim yurti dasturi darajasida oʻrganib, maktabni 1908-yilda tamomladi. Bu davrda rus-tuzem maktabining mudiri Vasiliy Vyatkin edi[6].

1913-yildan Yosh buxoroliklar partiyasi safida. Kolesov voqeasidan keyin Buxoroni tark etgan. Toshkentda oʻqituvchilar institutini tugatgach, Xoʻjandda muallimlik qilgan va teatr toʻgaraklarida qatnashgan. Buxoro Xalq Sovet Respublikasi (BXSR) tuzilgach, Saidjonov oziq-ovqat noziri (1920-yil sentyabr — 1921-yil mart), iqtisodiyot noziri muovini (1921-yil mart — avgust), davlat nazorati noziri (1921-yil oktyabr 1922-yil yanvar), CHK (Favqulodda komissiya) raisi (1921-yil avgust — sentyabr), moliya noziri (1922-yil fevral—aprel), Xalq Xoʻjalik Oliy Kengashi raisi muovini (1922-yil oktyabr — 1923), maorif noziri (1923-yil iyun — 1924). Buxorolik talabalarni Germaniyaga oʻqishga yuborish tashabbuskorlaridan biri. „Milliy ittihod“ tashkiloti faoliyatida qatnashib, A. Z. Validiy bilan yaqin aloqada boʻlgan. Saidjonov Buxoro ilmiy jamiyatini tuzish (1921) da faol qatnashgan va BXSR da maorif muassasalarini tashkil qilish, meʼmoriy obidalarni muhofazalash, tarixiy qoʻlyozmalarni toʻplab, ularni tartibga solish, xalq ogʻzaki ijodi namunalarini toʻplash kabi ishlarda jonbozlik koʻrsatgan. Oʻzbekiston tarixiy yodgorliklarini muhofaza qilish qoʻmitasi raisi, uning Samarqand boʻlimi ilmiy xodimi (1925— 36). S. oʻzbek olimlaridan birinchi boʻlib sharqshunoslarning Leningradda boʻlgan 3-kongressi (1935)da qatnashgan va Koʻchkunchixon maqbarasi haqida ilmiy maʼruza qilgan. Ilmiy faoliyati uchun olimga professor unvoni berilgan. „Shahrisabz meʼmoriy yodgorliklari tarixi“, „Samarqandning meʼmoriy yodgorliklari“, „Shayx Sayfiddin Boharziyning vaqfnomasi“ nomli asarlar muallifi.

Saidjonov oʻzbek davlatchiligi tarixi masalalarini xolis tadqiq qilgani, madaniy merosga hurmat bilan yondoshgani, „Milliy ittihod“ tashkiloti faoliyatiga katnashgani uchun sovet rejimi tomonidan Samarqandda qamoqqa olingan (1937-yil 13 aprel) va otib tashlangan. 1965-yil 2 dekabrda oklangan.[7]

  1. 1,0 1,1 Naimov 2018, s. 6.
  2. Naimov 2018, s. 16.
  3. Naimov 2018, s. 14—16.
  4. Naimov 2018, s. 32.
  5. Naimov 2018, s. 17—21.
  6. Naimov 2018, s. 32—39.
  7. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Ilmiy adabiyotlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  • Boltayev A. H.. XX asrning 20—80-yillari Buxoroda tarixiy oʻlkashunoslikning shakllanishi va rivojlanishi. Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi avtoreferati. Toshkent, 2021 — 52-bet. 
  • Naimov N.. Maʼrifatga baxshida umr (Tarixiy qissa). Buxoro: Buxoro, 2018 — 247-bet. 
  • Muinov A. M.. Muso Saidjonov hayoti va ijodi (risola). Buxoro: Buxoro, 2009 — 23-bet. 
  • Toʻrayev H.. Mahalliy oʻlkashunoslarning ilmiy merosida tarixiy topografiya va meʼmoriy obidalar tarixi: Buxoro oʻlkashunosligi fanidan oʻquv-uslubiy qoʻllanma. Buxoro: Buxoro, 2019 — 72-bet. 
  • Наимов Н.. Жизнь Мусо: реформатор, политик, учёный. Buxoro: Buxoro, 2018 — 201-bet. 

Ilmiy maqolalar

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  • Boltayev A. H. Buxorolik bukinist (kitob toʻplovchi) kolleksionerlar // Tamaddun silsilasi. — 2020. — № 2.
  • Boltayev A. H. Muso Saidjonovning mahalliy oʻlkashunoslikka qoʻshgan hissasi // Imom Buxoriy saboqlari. — 2018. — № 4.
  • Toʻrayev H. Yurtimiz tarixiga oid yana bir muhim manba // Buxoro mavjlari. — 2014. — № 4.
  • Горшенина С. М. Муса Саиджанов — историкб археологб искусствовед // Общественные науки в Узбекистане. — 1995. — № 1—2—3.
  • Мухамедова С. Ф. Роль Мусы Саиджанова — историк, археолог, искусствовед // Россия и мусульманский мир. — 2018.
  • Эргашев Б. Х., Ходжаев Л. Н. Об архиве М. Ю. Саиджанова // Общественные науки в Узбекистане. — 1993. — № 11—12.