Maryamoy Sattorova
Maryamoy Saidovna Sattorova (1964.14.5, Shahrisabz) — xonanda, Oʻzbekiston xalq artisti (2000). Musiqadan ilk saboqni E. Boymurodovdan olgan. Toshkent konservatoriyasini anʼanaviy xonandalik ixtisosligi boʻyicha (F. Mamadaliyev sinfida) tugatgan (1990). Oʻzbek davlat filarmoniyasi (1988—2000), "Oʻzbeknavo" birlashmasida (2000-yildan) yakka xonanda. Diapazoni va nafasi keng, kuchli va yorqin ovoz sohibasi. Repertuaridan oʻzbek mumtoz ashula yoʻllari ("Chorgoh", "Feruz", "Samarqand ushshogʻi", "Suvora", "Saraxbori Dugoh" kabi), 20-asr bastakor ("Munojot", I. Ikromov; "Soginurman", "Yor oʻlmasin", F. Mamadaliyev; "Tengi yoʻq", O. Hotamov va boshqalar) va kompozitorlar ("Ayriliq", D.
Omonullayeva va boshqalar) asarlari oʻrin olgan. S. ijro etgan ashulalar 2 ta grammplastinka (1983, 1984) va 3 ta kompakt disk (1996, 2003)ga yozilgan. Uning ijodiga bagʻishlab Oʻzbekiston televideniyesi tomonidan 2 ta telefilm suratga olingan (1997, 2000). Yevropa mamlakatlarida gastrolda boʻlgan.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |