Kontent qismiga oʻtish

Porso Shamsiyev

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Shamsiyev Porsodan yoʻnaltirildi)

Porso Shamsiyev (1897.10.2, Buxoro — 1972.21.3, Toshkent) — navoiyshunos va matnshunos olim. Filologiya fanlari doktori (1970), O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi (1972). Buxoro madrasalarida tahsil ko‘rgan. 30y.larga qadar Madrasa, maktab va maorif yo‘nalishidagi muassasalarda xizmat qilgan. Oʻzbekiston Davlat nashriyoti (1931 — 36) va O‘quvpedagogika nashriyoti (1936—40) da muharrir, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi nashriyotida muharrir (1941—45), Til va adabiyot institutida katta ilmiy xodim (1945—72). "Adabiyotdan ish kitobi", "Adabiyot darsligi", "Oʻzbek tili darsligi", "Oʻqish kitobi" (1 va 2 kitoblar) muallifi. Navoiyning "Muhokamat ul-lugʻatayn", "Majolis un-nafois", "Mahbub ul-qulub" va boshqa asarlarining ilmiy-tanqidiy matnini nashrga tayyorlagan hamda shoir asarlarining 15 jildligini nashr etishda faol qatnashgan. "Xamsa"ning ilmiy-tanqidiy matnini yaratib, mazkur matn yuzasidan amalga oshirilgan tekstologik tadqiqotlarini doktorlik dissertatsiyasi sifatida himoya etgan. Sh., bundan tashqari, Xondamirning "Makorim ul-axloq" asarini fors tilidan oʻzbek tiliga tarjima qilgan, Boburning "Boburnoma" (S.Mirzayev bilan hamkorlikda) asarining ilmiy nashrini yaratgan, 5 kitobdan iborat "Oʻzbek adabiyoti" majmuasini tuzish, tahrir etish va izoxlar yozishda ishtirok etgan. Sh. Britaniya muzeyida saqlanayotgan va Abdujamilga nisbat berilgan "Tuhfat ul-salotin" asari mikrofilmini oʻrganib, uning Navoiy gʻazallaridan olingan va Abdujamil xattot tomonidan koʻchirilgan shohbaytlar ekanini va mavzu boʻyicha 45 faslga boʻlinganini aniqlagan. Sh. Gʻafur Gʻulomning 4 jildli "Tanlangan asarlar"i va 2 jildli "Adabiy-tanqidiy maqolalar"ini ham nashrga tayyorlagan. Sh. shuningdek, S.Ibrohimov bilan hamkorlikda "Oʻzbek klassik adabiyoti lugʻati" (1953) va "Navoiy asarlarining lugʻati" (1972)ni tuzgan.

Toshkent koʻchalaridan biriga Sh. nomi berilgan.

  • Oʻzbek matnshunosligiga oid tadqiqotlar, T., 1986.