Kontent qismiga oʻtish

Mir Arab

Bu maqolani tinglang
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Shayx Abdulloh Yamaniydan yoʻnaltirildi)

Mir Arab (asl ismi Sayyid Abdulloh Yamaniy; ayrim manbalarda Hazrat Mir Arab; Amir Abdulloh Yamaniy; 1461, Al-Hizirmavt, Yaman — 1525/26, Buxoro, Buxoro xonligi) — diniy ulamo. Naqshbandiya tariqati tarbiyachisi sifatida mashhur. Oʻzbek hukmdori Ubaydullaxonning piri. Mir Arab madrasasini qurdirgan.

Sayyid Abdulloh Yamaniy Temuriylar davrida 22 yoshida ilm olish maqsadida Yaman mamlakatidan Movarounnahrga kelgan. Bir necha yil oʻtgandan soʻng u Samarqandda qolib, Xoja Ahror Valiy xizmatiga kirgan. Shu tariqa u naqshbandiya tariqati rahnamosining yirik izdoshlaridan biriga aylangan. Keyinchalik ustozining koʻrsatmasi bilan Buxoroga borgan hamda mustaqil holda irshod bilan mashgʻul boʻlib, xalqni hidoyaga chorlagan[1][2].

Shayboniylar oʻzbek sulolasi vakili Ubaydullaxon Sayyid Abdulloh Yamaniyning eng sadoqatli muridi va doʻstlaridan boʻlgan. Sayyid Abdulloh Yamaniy Turkistonning Savron degan joyida korizlar qazdirib, suv chiqargan va koʻp joylarni obod qilgan. Buxoro vohasidagi Shofirkon, Vobkent, Gʻijduvonda kanallar qazdirib, bog'lar barpo etgan. Shofirkonda hozirda saqlanib qolgan ariqni Ubaydullaxon nomiga Sultonxon arig'i deb nomlagan. Shofirkonda Sayyid Abdulloh Yamaniy qadamjoyi hisoblanuvchi Mir Arab qal'asi mavjud[1][2].

Manbalarda Ubaydullaxon janglarda kiritgan ayrim gʻalabalarining asosiy sababchisi sifatida uning piri koʻrsatiladi. Shu sababdan ham Ubaydullaxon qoʻlga kiritgan boy oʻljadan piriga katta tuhfalar inʼom etgan. Sayyid Abdulloh Yamaniy oʻzidan yana mablagʻlar qoʻshib, ularni madrasa qurishga sarflagan va oliy oʻquv dargohi Mir Arab madrasasi nomi bilan mashhur boʻlgan. Baʼzi mualliflar uning tarxini Sayyid Abdulloh Yamaniyning oʻzi chizgan deydi[1][2].

Mir Arab madrasasi bitmay turib, 1525/26-yilda Sayyid Abdulloh Yamaniy vafot etadi. Uni o'z madrasasining bir chekkasida maxsus hozirlangan joyda dafn qilishadi. Uning qabri hozirga qadar Mir Arab madrasasining shimoliy gumbazi ostida saqlanib qolgan[1][2].

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 Buxoriy 2012, s. 205—206.
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 Jumanazar 2017, s. 341—342.
Ushbu maqolani tinglang (2 daqiqa)
noicon
Spoken Wikipedia icon
Bu audiofayl ushbu maqolaning 18-iyul, 2022-yil(2022-07-18) sanasidagi versiyasi asosida yaratilgan boʻlib, shu sanadan keyin amalga oshirilgan tahrirlarni aks ettirmaydi.
  • Buxoriy S. S.. Buxoroning tabarruk ziyoratgohlari. Buxoro: Durdona, 2012 — 300-bet. 
  • Jumanazar A. K.. Buxoro taʼlim tizimi tarixi. Toshkent: Akademnashr, 2017 — 592-bet. ISBN 978-9943-4728-2-2.