Kontent qismiga oʻtish

Davolash badan tarbiyasi

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Shifobaxsh Fizkulturadan yoʻnaltirildi)

Davolash badan tarbiyasi — tibbiyot boʻlimi; kasalliklarni davolash va oldini olishda jismoniy mashqlar va tabiiy omillarni, shuningdek, fizioterapiya va massajni birgalikda qoʻllash. Mexanoterapiya, mehnat va massaj bilan davolash badan tarbiyasining tarkibiy qismidir. Davolash badan tarbiyasi kuch-quvvatni tiklovchi davo; uni toʻgʻri qoʻllash bemorning tez sogʻayib ketishiga, ish qobiliyatini tiklashga va uni faol mehnatga qaytarishga yordam beradi.

Davolash badan tarbiyasiga turli jismoniy mashqlar: gimnastika (ancha joʻn va bemorga moye), sport (changʻida va piyoda sayr etish, suzish va boshqalar) va ochiq havoda oʻtkaziladigan oʻyinlar (voleybol, tennis, basketbol) kiradi. Maxsus tanlangan mashqlar davolash badan tarbiyasining asosiy vositasidir. Jismoniy mashqlarni bajarish va organizmni chiniqtirishda tabiiy omillar — suv, havo va quyoshdan foydalaniladi. Davolash badan tarbiyasi harakat faoliyati pasaygan, kam quvvat, uzoq vaqt betob yotgan bemorlarga buyuriladi. Davolash badan tarbiyasi operatsiyadan keyingi organizmni tiklash davrida, akusherlikda, nafas, ovqat hazm qilish, yurak-tomir, nerv sistemasi, tayanch-harakat aʼzolari, rivojlanish nuqsonlari hamda moddalar almashinuvining buzilishi bilan bogʻliq kasalliklarni davolashda qoʻllanadi. Davolash badan tarbiyasini faqat davolovchi vrach buyuradi, mashgʻulotlar davolash badan tarbiyasi boʻyicha mutaxassislar tomonidan olib boriladi.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil