Raxit
Raxit | |
---|---|
Mutaxassislik | Pediatriya |
Asoratlari | Suyak sinishi, spazm, oligofreniya |
Alomatlar | Uyqu buzilishi, peshonaning kattalashishi |
Davolash | Vitamin D va kalsiy |
Raxit (grekcha: ῥαχίτης – umurtqa), shirzada – yosh bolalarda uchraydigan kasallik.
Kelib chiqishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Organizmda D vitamini yetishmasligi tufayli fosfor-kalsiy almashinuvining buzilishi natijasida kelib chiqadi. Raxitga koʻpincha bolaning chala tugʻilishi, quvvatsizligi, sunʼiy ovqatlantirish sabab boʻladi. Bola yaxshi parvarish qilinmasa, ochiq havo va quyosh nuridan bahramand boʻlmasa, notoʻgʻri ovqatlantirilsa, uning organizmiga D vitamini yetarli miqdorda kirmaydi yoki ultrabinafsha nurlar yetishmasligidan terisida D vitamini hosil boʻlishi buzilib, raxit kasalligi kuchayadi. Bundan tashqari, bolaning tez-tez kasallanishi, onaning homiladorlik vaqtida ovqat ratsionining buzilganligi ham raxit kasalligiga sabab boʻladi. Raxit kasalligi moddalar almashinuvining buzilishiga hamda turli aʼzo va sistemalar ishining izdan chiqishiga olib keladi. Bu kasallikda fosfor va kalsiy kabi mineral tuzlar almashinuvi ayniqsa kuchli buziladi. Ichakda kalsiyning soʻrilishi va suyaklarga oʻtirishi oʻzgaradi, bu – suyakning ingichkalashib, toʻqimalarining yumshashiga, nerv sistemasi va ichki aʼzolar ishining buzilishiga sabab boʻladi.
Kasallikning dastlabki davrida bemorning nerv sistemasida oʻzgarishlar roʻy beradi: bola qoʻrqoq, tajang, injiq yoki shalvillagan boʻlib qoladi; koʻp terlaydi, emayotganida yuzi, yotganida ensasi terga botadi. Bolani qichima bezovta qilganligi uchun u boshini yostiqqa ishqayverganidan orqa sochi toʻkilib ketadi. Kasallik kuchayganda muskullar zaiflashadi, burishadi; kasal bola sogʻlom bolaga nisbatan kech yuradi, qorni shishadi, ichi koʻpincha qotadi yoki suradi, keyinchalik suyak sistemasi oʻzgaradi: yelka suyagi yassilanadi, boshi kattalashadi, peshona va kallaning tepa suyagi boʻrtib chiqadi, peshona doʻng boʻlib qoladi, kalla tepa suyagi va ensa sohasidagi suyakning yumshashi kuzatiladi. Boshning katta liqildogʻi oʻz vaqtida suyaklanmaydi. Koʻpincha toʻsh yonidagi qovurgʻa suyaklari qalinlashadi. Bola yura boshlaganida oyoqlari X shaklida yoki O shaklida qiyshayadi. Koʻkrak qafasining shakli ham oʻzgaradi: yo oldinga boʻrtib chiqadi yoki ichiga kirib ketadi. Raxitga uchragan bolalar turli yuqumli kasalliklarga (ayniqsa, zotiljamga) moyil boʻladi.
Oldini olish
[tahrir | manbasini tahrirlash]Raxit kasalligining oldini olish tugʻruqqacha boʻlgan davrda boshlanadi. Homilador ayol mumkin qadar toza havoda koʻproq boʻlishi, rejimga qatʼiy rioya qilishi, toʻgʻri ovqatlanishi kerak. Bola tugʻilganidan keyin uni parvarish qilishning barcha qoidalariga rioya qilish va iloji boricha koʻkrak suti bilan boqish lozim. Raxitni davolashda vrachning koʻrsatmasiga muvofiq, D vitamini boshqa dorilar bilan birgalikda beriladi. Zarur boʻlgan hollarda vrachning tavsiyasiga muvofiq davo gimnastikasi, massaj, kvars lampasi bilan nurlantirish oʻtkaziladi[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- VikiOmborda Raxit mavzusi boʻyicha mediafayllar bor
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan.
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |