Kontent qismiga oʻtish

Vasiliy Shishkin

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Shishkin Vasiliy Afanasyevichdan yoʻnaltirildi)
Vasiliy Shishkin
Tavalludi 29-dekabr 1893-yil (10-yanvar 1894-yil)
Spas-Talitsa qishlogʻi, Vyatka guberniyasi, Rossiya imperiyasi
Vafoti 18-oktyabr 1966-yil(1966-10-18)
(72 yoshda)
Samarqand, OʻzSSR
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSR
Sohasi Tarix, arxeologiya
Ish joylari Buxoro pedagogika instituti
Oʻrta Osiyo davlat universiteti
Toshkent davlat pedagogika instituti
Taʼlimi Oʻrta Osiyo davlat universiteti
Ilmiy darajasi Tarix fanlari doktori
Mukofotlari

Vasiliy Afanasyevich Shishkin [1893.29.12 (1894.10.1), Kirov viloyati, Rossiya Federatsiyasi – 1966.18.10, Samarqand), arxeolog va sharqshunos. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining muxbir aʼzosi (1966), tarix fanlari doktori (1961). Oʻzbekiston FA Tarix va arxeologiya instituti arxeologiya sektorining mudiri (1943—66). 1923-yildan Buxoro, Samarqand, Toshkent shaharlarida oʻrta va oliy oʻquv yurtlarida dars bergan.

1893-yil 29-dekabrda (yangi yil hisobi boʻyicha 1894-yil 10-yanvar) Spas-Talitsa[1] qishlogʻida (hozirgi Kirov viloyati Orichevskiy tumani), oʻqituvchi oilasida tugʻilgan. Shishkim Vyatka maktabini tugatgandan soʻng, tasviriy sanʼat oʻqituvchisi boʻlib ishlagan.

1918—1923-yillarda Qizil Armiya saflarida (1921-yildan boshlab Turkistonda) xizmat qilgan.

1923-yildan boshlab Toshkent xotin-qizlar maorif institutida dars bergan. Oʻqituvchilik qilish bilan bir qatorda Oʻrta Osiyo universitetida (Sharq fakulteti) tahsil olgan. 1926-yildan universitetni tugatgach, Oʻrta Osiyo muzeylar, qadimiy yodgorliklar, sanʼat va tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasida ishlagan. 1940-yil martdan – SSSR FA Oʻzbekiston boʻlimi ilmiy xodimi. 1943-yildan – Oʻzbekiston SSR Fanlar akademiyasi Tarix va arxeologiya instituti katta ilmiy xodimi, arxeologiya sektori mudiri.

Vasiliy Shishkin 1933—1934-yillarda Buxoro pedagogika institutida Oʻrta Osiyo tarixi fanidan dars bergan. 1943—1945-yillarda qadimgi Sharq va Markaziy Osiyoning qadimgi tarixi fanidan Oʻrta Osiyo davlat universiteti (hozirgi OʻzMU) tarix fakultetida talabalarga taʼlim bergan. 1944—1955-yillarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti dotsenti[2].

Vasiliy Shishkin 1966-yil 18-oktyabrda Samarqandda vafot etgan[3]. Toshkentdagi Botkin qabristoniga dafn etilgan.

Ilmiy faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1943-yilda nomzodlik („Buxoro vohasining qadimiy madaniyati masalasida“), 1961-yilda doktorlik dissertatsiyalarini („Varaxsha. Tarixiy-arxeologik oʻrganish tajribasi“) himoya qilgan. Shishkinning asosiy tadqiqot yoʻnalishlari arxeologik va tarixiy-meʼmoriy yodgorliklarni oʻrganishdir. Shishkin Afrosiyob xarobasini qazish (1925) ishlarida qatnashgan[4]. Natijada VII asrga oid suratlar tushirilgan turar-joy binosi xarobalarini kashf etgan. 1927-yilda Fargʻona vodiysi arxeologik yodgorliklarini oʻrgangan, Zarafshon (1934—1935) va Termiz arxeologik kompleks ekspeditsiyasida (1936—1938) qatnashgan. Poykendni oʻrganish (1939) natijasida Buxoroning tarixiy topografiyasi va uning meʼmoriy yodgorliklarini tasvirlab bergan. Buxoro vohasi mudofaa devorining yoʻnalishi va uzunligini aniqlagan. Amir Temur maqbarasini ochish (1941)[5], shuningdek G. A. Pugachenkova bilan hamkorlikda Jarqoʻrgʻon minorasini tekshirish (1938) va boshqalar arxeologik ekspeditsiyalarda qatnashgan. Ulugʻbek rasadxonasini Shishkin 1948-yilda qazib toʻla oʻrgangan. 1938—1939-yillarda Varaxsha arxeologik tadqiqotlar olib borib, 3 qismdan iborat yirik monografiya – „Varaxsha“ asarini yaratgan (1963). Varaxsha hududida olib borgan qazishmalari natijasida Buxorxudotlar saroyi qoldiqlarini topgan. Shishkin 40 yillik ilmiy faoliyatida 100 ga yaqin asarlar yozgan. Eronda boʻlib oʻtgan Jahon sanʼatining 3-xalqaro kongressida qatnashgan.

Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Tarix va arxeologiya institutining ilmiy toʻplamlariga (1959—1965) muharrirlik qilgan. Ilk ilmiy asarini 1925-yilda („Toshkent mahallalari nomlari haqida“) nashr ettirgan. „Oʻzbekiston xalqlari tarixi“, „Oʻzbekiston SSR tarixi“ kitoblarini tayyorlashda ishtirok etgan.

  1. Лунин Б. 1964.
  2. Агентство по уходу за памятниками….
  3. „Шишкин Василий Афанасьевич“ (ru). Gosamarkand.uz. Qaraldi: 2019-yil 27-avgust.[sayt ishlamaydi]
  4. „Шишкин, Василий Афанасьевич“. Qaraldi: 26-sentabr 2023-yil.[sayt ishlamaydi]
  5. Милана Милана. „Тайна гробницы Тимура Проклятие Тамерлана“ (ru). YouTube. 2020-yil 18-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 5-yanvar.
  • Arxitekturnie pamyatniki Buxarm, T., 1936; Varaxsha, M., 1963;
  • Afrosiyob – qadimiy madaniyat xazinasi, T., 1966.