Kontent qismiga oʻtish

Shmidt gipotezasi

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Shmidt Gipotezasidan yoʻnaltirildi)

Shmidt gipotezasi (astronomiyada) — Quyosh sistemasidagi sayyoralarning paydo boʻlishi toʻgʻrisidagi kosmogonik gipotezalardan biri (qarang Kosmogoniya). O.Yu. Shmidt sayyoralar bir vaqtlar Quyoshni qurshab turgan turli oʻlchamdagi moddalardan paydo boʻlgani haqidagi nazariyani ishlab chiqdi (1943). Rus olimlari L.E. Gurevich va A.I. Lebedinskiy tekshirishlaridan keyin Quyosh yulduzlararo gaz-chang moddalarni tortib olgan, yaʼni nisbiy giperbolik harakat elliptik harakatga oʻtgan, deb faraz qilinadi (1950). Bu gipoteza boʻyicha protosayyora bulutining rivojlanishi va oʻzgarishida unda mavjud boʻlgan qattiq chang zarralari hal qiluvchi rol oʻynagan. Turli zarralarning qoʻshilishi tufayli ularning kattalashishi va Quyoshning tortishish kuchi taʼsiriga qarshilik koʻrsatish xususiyatiga ega boʻlgan koʻp sonli quyuqlashishlarning vujudga kelishi bilan kuzatuv maʼlumotlari tushuntirilgan. Quyuqlashish ichidagi zarralarning elastik boʻlmagan toʻqnashishlari uni zichlanishga olib kelgan va diametri oʻnlab yoki yuzlab km boʻlgan yaxlit jismga aylantirgan. Aslida bunday holatning roʻy berish ehtimoli juda kichik.