Kontent qismiga oʻtish

Sinaps

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Sinapslardan yoʻnaltirildi)
Sinaps tuzilishi
ikkita neyron
Sinaps

Sinaps (qadimgi yunoncha: synapsis — ulanish, tutashish) — nerv hujayralari (neyronlar)ning oʻzaro va ijrochi organlar hujayralari bilan tutashgan joyi. Sinaps signallarni impulslarga aylantiradi va uzatadi. „Sinaps“ terminini birinchi boʻlib ingliz fiziologi Charlz Sherrington neyronlararo aloqani tushuntirish uchun qoʻllagan (1897). Sinaps yordamida neyronlar bir-biri bilan bogʻlanadi. Natijada nerv sistemasining aktivligi va bosh miyaning integrativ faoliyati kuchayadi. Sinaps sinaptik uchlar, ikki hujayra oraligʻidagi sinaptik tirqish (bu 200 Å, baʼzi sinapslarda 1000 Å va undan ortiq)? va sinaptik uchlarga tegib turuvchi hujayra qismi kiradi. Neyronlararo sinaps, odatda, bir nerv xujayrasi aksonining tarmoqlari va tana, dendritlar yoki boshqa neyron aksoni vujudga keltiradi; hujayralar oraligʻida sinaps tirqishi boʻlib, bu tirqish orqali qoʻzgʻalish mediatorlar (kimyoviy sinaps), ionlar (elektr sinaps) yoki ikkalasi (aralash sinaps) yordamida uzatiladi. Sinaps funksional ahamiyatiga koʻra, hujayra faoliyatini aktivlashtiradi yoki tormozlaydi. Elektrotonik Sinapsda quyi molekulyar birikmalar bir hujayra sitoplazmasidan ikkinchisiga toʻgʻridan-toʻgʻri oʻtish imkoniyatiga ega. Elektrotonik sinaps signallarning tez va oʻzgarmasdan, kimyoviy sinaps esa faqat bir tomonga uzatilishini taʼminlaydi. Hujayrani tormoz holatiga olib keladigan sinaps ham bor. Bular tormozlovchi sinaps deb ataladi va shular yordamida qoʻzgʻalgan holat goʻyo „yoʻqotiladi“. Bu bilan nerv hujayralari oʻta qoʻzgʻalishdan saqlanadi. Hujayralar oʻrtasidagi sinaptik aloqa nerv hujayralarining funksional birlashishida, qoʻzgʻalish va tormozlanish jarayonlarining yoʻnalishini, shuningdek, organizmning taʼsirlovchiga nisbatan boʻlgan reaksiyasini taʼminlashda muhim rol oʻynaydi.