Kontent qismiga oʻtish

Bankrotlik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Sinishdan yoʻnaltirildi)

Bankrotlik, (ital. — singan kursi), sinish — fuqaro, korxona, firma yoki bankning mablagʻi yetishmasligidan oʻz majburiyatlari boʻyicha qarzlarni toʻlashga qurbi yetmasligi; qarzdorning majburiyatlari mol-mulkidan oshib ketganligi sababli tovar (ishlar, xizmatlar)ga haq toʻlash yuzasidan kreditorlarning talablarini qondirishga qodir emasligi, shuningdek byudjetga va boshqa fondlarga majburiy toʻlovlarni taʼminlashga qodir emasligi tushuniladi. Bankrotlik, odatda, korxonaning yopilishiga olib keladi. Chunki qarz (kredit) beruvchining talabini qondirish uchun mol-mulkini sotishdan oʻzga chorasi qolmaydi. Bankrotlikka uchrashning sabablari tovar ishlab chiqarishda qiymati qonunning amal qilishi, raqobat va inflyatsiya bilan belgilanadi. Iqtisodiy inqirozlar davrida kasodga uchragan korxonalarning soni keskin oshib ketadi, uning oqibatida ishsizlik kuchayadi. Sobiq Ittifoq xalq xoʻjaligida bankrotlik tushunchasi NEPdan keyin isteʼmoldan chiqib ketgan edi, 1987-yildan eʼtiboran korxonaning toʻlov qobiliyati yoʻqligi tushunchasi amaliyotga kiritildi. Bankrotlik amalda korxonaning byudjet, bank va mol yetkazib beruvchilar oldida oʻz majburiyatlarini bajarishga ojizligini bildiradi. Bankrot deb eʼlon qilingan korxonalarga nisbatan qator sanatsiya tadbirlari oʻtkaziladi, unga har tomonlama yordam koʻrsatiladi (soliqlardan ozod etiladi, qarzlarni toʻlash kechiktiriladi). Bozor iqtisodiyoti sharoitida bankrotlikka uchragan korxonalar boshqa korxonalarga sotiladi yoki qoʻshib yuboriladi, korxona jamoa aʼzolariga ijaraga beriladi va boshqa Korxonalar sudlar, xoʻjalik sudlari qarori bilan bankrot deb eʼlon qilinadi. Oʻzbekiston Respublikasida kreditorlarning daʼvolarini qondirish maqsadida xoʻjalik yuritish subʼyektlari boʻlmish yuridik va jismoniy shaxslarni bankrot boʻlgan deb eʼtirof etish shartlari va tartibi Oʻzbekiston Respublikasining 1994-yil 5-mayda qabul qilingan "Bankrotlik toʻgʻrisida" Qonunida belgilab berilgan (bu qonun oʻz faoliyatini davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiradigan korxona, tashkilotlarga nisbatan tadbiq etilmaydi). Vladimir Shevsov, Abdurahim Ortiqov.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil