Kontent qismiga oʻtish

Sud harajatlari

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Sud Harajatlaridan yoʻnaltirildi)

Sud harajatlari - (OʻzRda) ishlarni sudda koʻrish bilan bogʻliq protsessual chiqimlar. Fuqarolik, xoʻjalik va maʼmuriy ishlari boʻyicha Sud harajatlariga davlat boji, tomonlar, guvoh va ekspertlarning sudga kelishi uchun yoʻlkira, ekspert mutaxassis va tarjimonga toʻlanadigan xizmat haqi, ishga taalluqli biror joyni koʻzdan kechirish, boshqa harakatlarni bajarish uchun qilinadigan sarf va sudning hal qiluv qarorini ijro etish bilan bogʻliq chiqimlar kiradi. Daʼvogar daʼvo summasining miqdoriga qarab boj toʻlaydi. Mexnat, mualliflik, ixtiro, kashfiyot bilan bogʻliq nizolar va aliment undirish haqidagi arizalarni koʻrish uchun boj olinmaydi. Sud daʼvoni qanoatlantirsa, daʼvogar qilgan Sud harajatlari javobgardan undiriladi yoki davlat byudjeti hisobidan toʻlanadi (FPK, 103—121moddalar, XPK, 9094moddalar, MHJK, 301—302-moddalar).

Jinoyat ishlari boʻyicha Sud harajatlariga surishtiruv, dastlabki tergov va sud jarayonida guvoh, jabrlanuvchi, ekspert, mutaxassis, tarjimon va shu kabiga beriladigan, ashyoviy dalillarni saqlashga, yuborishga va ekspertiza oʻtkazishga, shaxslarni ushlash, majburiy keltirish va qidirish uchun sarflangan, yuridik maslahatxonaga toʻlanadigan hamda ishning yuritilishi davomida qilingan boshqa harajatlar kiradi. Sud harajatlari mahkumlardan undirilishi mumkin. Tarjimonga toʻlanadigan summa, shuningdek, sudlanuvchi oklangan, jinoyat tarkibi boʻlmagani sababli tugatilgan ishlar boʻyicha Sud harajatlari davlat hisobiga oʻtkaziladi, lekin ish jabrlanuvchining shikoyati boʻyicha qoʻzgʻatilgan boʻlsa, undan undiriladi. Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudga chaqirilgan shaxs uzreiz kelmasa, tergov va sud harakatlarini oʻtkazish kechiktirilgani bilan bogʻliq Sud harajatlari ana shu shaxsdan undiriladi.