Kontent qismiga oʻtish

Sulton Joʻra

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Sulton joʻradan yoʻnaltirildi)
Sulton Joʻra
Tavalludi 15-yanvar 1910-yil
Buxoro viloyati Shofirkon tumani Qogʻoltom qishlogʻi
Vafoti 10-noyabr 1943-yil(1943-11-10)
(33 yoshda)
Taʼlimi Buxoro pedagogika texnikumi
Kasbi yozuvchi, shoir
Turmush oʻrtogʻi Mohira Isayevna Jo‘rayeva
Mukofotlari II darajali Vatan urushi ordeni

Sulton Joʻra (taxallusi; asl ism-sharifi Joʻrayev Sulton) (1910-yil 15-yanvar; Buxoro viloyati Shofirkon tumani — 1943-yil 10-noyabr; Gomel shahri) — shoir. Buxorodagi pedagogika bilim yurtida oʻqigan, soʻng maktabda oʻqituvchilik qilgan (1930—1936). 1936—1939-yillarda Andijon pedagogika institutida oʻqigan va shu yerda dars bergan. Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi; urushda halok boʻlgan.

Sulton Joʻraning „Fidokor“ (1939), „Shodligim“, „Ochiq chexralar“ (1939), „Moskva“ (1941) sheʼriy toʻplamlari eʼlon qilingan. 1939-yil shoir ijodining eng samarali pallasi boʻlib, u shu yili „Parvoznoma“ balladasi, xalq rivoyatlari asosida „Zangori gilam“, „Qaldirgʻoch“, shuningdek, „Karim va Qunduz“ dostonlarini yozgan. Shoirning mashhur italyan astronomiga bagʻishlangan „Bruno“ dostoni (1938) 30-yillarda yaratilgan oʻzbek dostonlarining eng yaxshi namunalaridan biri hisoblanadi. Badiiy soddalik, samimiylik, xalq ogʻzaki ijodiga yaqinlik Sulton Joʻra sheʼriyatining eng yaxshi xususiyatlaridir. Shoirning adabiy merosida bolalar hayotidan olingan asarlar alohida oʻrinni egallaydi. Uning soʻnggi asari — „Iroda“ dramasi (1942, Vosit Saʼdulla bilan hamkorlikda) Andijon viloyat teatrida sahnalashtirilgan.

Shoirning jasadi Gomel shahri Loyev tumani Kozerogi qishlogʻida dafn etilgan. Andijon, Buxoro va Shofirkon shaharlaridagi koʻchalarga, shuningdek, Shofirkon tumanidagi maktab, kinoteatr va fuqarolar yigʻiniga Sulton Joʻra nomi berilgan.

  • Yomgʻirdan soʻng, T., 1965; Sheʼrlar, T., 1 1973.
  • Moʻminov Gʻ., Otashqalb shoir, T., 1970; Aliyev S, Buxoroda bitilgan baytlar, T., 1992.