Kontent qismiga oʻtish

Suy

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Suy xonligidan yoʻnaltirildi)

Suy, Suy xonligi — Xitoydagi sulola va davlat (581—618). Asoschisi — sarkarda Yan Szyan (Yang Jyan); u imperator Vendi (581—604 yillarda hukmronlik qilgan) nomi bilan mashhur boʻlgan. U 589-yil mamlakatning jan. va shim.ni birlashtirib, xitoylik boʻlmagan elatlarning shimolidagi hukmronligiga chek qoʻygan. Davlat hududi sharqda dengiz qirgʻoqlarigacha, gʻarbda Sharqiy Turkistongacha, janubida hozirgi XXRning Yunnan oʻlkasigacha va shim. da Ichki Moʻgʻulistongacha kengaygan. Mamlakatni boshqarishni markazlashtirishga qaratilgan islohotlar oʻtkazgan. Poytaxti — Changʼan (hozirgi Sian) boʻlgan. Vendi taxtga chiqqan dastlabki yillarida dehqonlarga yon bosgan. Imperator Yan Guan (Yandi) davrida (605—617) Xitoydagi Buyuk kanalning asosiy kismi qurilgan. Yan Guan Koreyaga (611 — 614), Janubida — Vyetnamdagi Vansuan davlatiga, Gʻarbda — turkiy qabilalar va tuguxunlarga qarshi bosqinchilik urushlari olib borgan. Turkiy qabilalarga qarshi kurash jarayonida u turklarni 2 ga boʻlib tashlash va ular orasiga nizo solish, shu asosda yuzaga kelgan ichki ziddiyatlardan foydalanib oʻz maqsadiga erishish rejasini amalga oshirishga harakat qildi. Yan Guan kattiqqoʻl, qonxoʻr, maishatboz, ortiqcha mablagʻ talab qiladigan yirik tadbirlar oʻtkazishni yaxshi koʻrgan. S. dehqonlar qoʻzgʻolonlari (611—618) va oʻzaro ichki nizolar tufayli barham topgan. 618-yil hokimiyatni Tayyuan (hozirgi Shansi viloyati) noibi Li Yuan egallab olib, yangi Tan sulolasiga asos solgan.