Kontent qismiga oʻtish

Togʻlar

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Tog'dan yoʻnaltirildi)
Alaska Togʻ
Damovand

Togʻ - Yer rel'efining bir shakli.

Togʻlar, togʻli oʻlkalar — yer yuzasining tevarakatrofdagi tekisliklardan yakka yoki qator koʻtarilib turgan baland joylari. T. turli yoʻnalishda, har xil masofada toʻgʻri chiziq shaklida (Ural, Katta Kavkaz, Kordilyera, Olay, Zarafshon va boshqalar) yoki yoysimon shaklda (Alp, Karpat vab.) choʻzilgan boʻladi. Togʻli oʻlkalar Yer poʻstining burmali va turmalipalaxsali strukturaga ega, balandligi dengiz sathidan bir necha ming m gacha koʻtarilgan va oʻz doirasida balandliklari keskin farq qiluvchi keng (boʻyi minglab, eni yuzlab km ga choʻzilgan) hududlaridir. Togʻli oʻlkalarda togʻ tizmalari, yakkayakka togʻlar, vodiylar, keng soyliklar ham mavjud. Togʻ tizmalari har ikki tomondagi yon bagʻirlari tik boʻlgan, uzunasiga choʻzilgan yirik relyef shakllaridir. T.ning balandligi dengiz sathidan 200 m dan (qirlar, adirlar) boshlab bir necha km ga yetishi mumkin. Mas., Yer sharining eng baland nuqtasi Himolay togʻlaridagi Jomolungma choʻqqisi (8848 m). T. yon atrofidagi tekisliklardan togʻ etag i, baʼzan adirlar bilan ajralib turadi. Togʻ etagi T. shaklining turiga qarab har xil koʻrinishda boʻlishi mumkin. T. relyefining tarkibiy qismlari — togʻ zanjirlari, ularning ayrim tarmoqlari — tizmalar, ular orasidagi tektonik choʻkmalar, qad. denudatsion koʻtarilmalar va q.k.dan iborat. Morfologik jihatdan qor chizigʻidan yuqori koʻtarilgan baland yoki alp tipidagi (bal. 3000–5000 m dan ziyod) T. alohida ajralib turadi. Bunday T. relyefi tik, muzlik hosil qilgan relyef shakllari: qirlar, piramidasimon choʻqqilar, oʻtkir qirrali togʻ tepalari, togʻorasimon vodiylardan iborat boʻladi. Bularga Kavkaz, Pomir, Tyanshan, Himolay, Alp, Kordilyera togʻlarini misol qilish mumkin. Alp tipli togʻlardan farqli ravishda, oʻrtacha balandlikdagi (bal. 2000–3000 m) T.ning tepalari yumaloqroq, yon bagʻirlari qiyaroq. Kopetdogʻ, Oʻrta va Shimoliy Ural, Karpat, Shvarsvald togʻlari oʻrtacha balandlikdagi T. dir. Tashqi omillar, ichki va tashqi kuchlar taʼsirida T. yemirilib, pasaya boradi, choʻkindilar koʻproq toʻplanadi, relyef shakllari silliqlanadi. Balandligi dengiz sathidan 1000 – 2000 m gacha koʻtarilgan boʻlsa past T. deyiladi: Qozogʻiston past togʻlari, ChuIli, Janubiy Tojikistondagi T. past togʻlardir. Tabiatda T. toʻla ravishda yemirilmay turib, yana koʻtarila boshlaydi va bunday oʻzgarishlar bir necha marta takrorlanadi.

Kelib chiqishiga koʻra, tektonik, erozion va vulkanik T. farq qilinadi. Tektonik T. Yer poʻstining kuchli dislokatsiyaga uchragan, asosan, geosinklinal sistemalar, baʼzida platformalarning jadal surʼatlarda koʻtarilishi natijasida vujudga keladi, bunda muvofiq ravishda epigeosinklinal va epiplatformalar ham shakllanadi. Ular burmali va palaxsali (uzilmali) T.ga boʻlinadi. Burmali T. Yer poʻstining harakatchan zonalarida paydo boʻladi. Palaxsali T. burmalangan zonalarda Yer poʻsti burmalanmasdan ayrim palaxsalarga ajralgan, ularning bir qismi koʻtarilib gorstlar hosil qilgan, ikkinchi qismi choʻkib, grabenlarga aylangan. Shuning uchun tektonik T. burmalipalaxsali T. deb yuritiladi. Erozion T. dengiz sathidan baland koʻtarilgan va oqar suvlar taʼsirida chuqur oʻyilib ketgan, gorizontal yotgan togʻ jinslaridan tarkib topgan maydonlar, yaʼni parchalangan plato va yassitogʻliklardan iborat. Vulkanik T., asosan, tektonik asos, yosh togʻli oʻlka yoki qad. platformalar ustida yotgan va keng maydonlarga yoyilgan vulkan konuslari, lava oqimlari va tuf yotqiziqlaridan yuzaga keladi.

Togʻlarning yoshi geologik yosh va morfologik yoshga ajratiladi. T.ning geologik yoshi deb, uning geosinklinaldan dastlab koʻtarilgan vaqti tushuniladi. Jumladan, kaledon yoki gersin burmalanishidan gʻosil boʻlgan T. alp burmalanishidagi T.dan geologik jihatdan keksaroq hisoblanadi. Morfologik yosh relyefning geologik rivojlanishi tarixi toʻgʻrisida fikrlash imkonini beradi. Koʻtarilayotgan T. "yosh" hisoblanadi.

Dengiz sathidan baland koʻtarilib turgan T.da atmosferaning turli qatlamlari joylashganidan, togʻ yon bagʻirlarida iklim vertikal tarzda almashinib boradi va shu yoʻsinda togʻli oʻlkalar landshafti vertikal mintaqalarga ajralib turadi. Landshaft mintaqalari soni, ularning xususiyati, izchilligi va balandlik chegaralari turli togʻli oʻlkalarda turlicha boʻlib, geografik kengligiga, shuningdek, T.ning balandligiga bogʻliq. T.ni oʻrganish katta amaliy ahamiyatga ega.