Kontent qismiga oʻtish

Tugʻ

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Tug‘dan yoʻnaltirildi)

Tugʻ — 1) qadimdan Sharq mamlakatlarida hukmdorlik, vazirlik, beklik va hokazolar belgisi. T. hoʻkiz yoki ot dumidan yasalgan. T. moziyda Osiyoning bir qancha davlatlarida (Xitoy, Hindiston) qoʻtos hamda tibet hoʻkizi dumidan yasalgan boʻlsa, turklar uni, asosan, ot quyrugʻi killaridan tayyorlaganlar. "T." atamasi ilk marta bir uygʻur xoqoni shaʼniga bitilgan Shineusu (8-asr oʻrtasi) yodnomasida koʻzga tashlanadi. 1202-yil Chingizxon Oʻnan (Onon) daryosi boʻyida 8 tugʻni tikkan holda saltanat tashkil topganligini eʼlon qiladi. Islom dini qabul qilingandan keyin ham turkiy davlatlarda T. qoʻllanishda davom etdi. Chingizxon saltanatida, Saljuqiylar, Mamluklar, Qoraxoniylar, Usmoniylarda boʻlgani kabi, T. Temuriylarda ham mavjud edi. Tuman begi "bahodir" faxriy unvoni qatori T. dovul hamda tumantugʻ va chortugʻlar bilan sharaflangan.

Usmoniylar saltanatida sanjaqbeylar bitta, beylarbeylar 2 ta, vazirlar 3 ta, shayxulislomlar 2 ta, qozi askarlar bitta, yanicheri boshlikdari bitta, podshoxlar esa 6 ta T.ga ega boʻlganlar. Podshoh T.lari tugʻi shohiy yoki tugʻi humoyun deb yuritilgan. Harbiy safarlar chogʻida T.larni koʻtarib yuruvchi shaxslar tugʻchi atamasi bilan ifodalangan; 2) bayroq, alam.