Kontent qismiga oʻtish

Hun xoqonligi

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Ulugʻ hun xoqonligidan yoʻnaltirildi)
Hun mamlakati

Hun xoqonligi, Ulugʻ hun xoqonligi, Hunlar davlati — Markaziy Moʻgʻuliston, Baykalor-ti, Xesi yoʻlagi, Shimoliy Xitoyda qadimda mavjud boʻlgan davlat (miloddan avvalgi 240 — milodiy 216). Xitoy manbalarida "shyunnu" nomi bilan qayd etilgan. Miloddan avvalgi III asr oxirida (214 yil) birinchi Xitoy imperiyasi — Sin (Chin) davlati hunlarga hujum qilib, ularga tegishli baʼzi hududlarni bosib olgan. Shundan soʻng, ular oʻrtasida uzoq muddatli urush boshlangan. Sin imperiyasi mudofaa devori qurib hunlarning otliq qoʻshinlari hujumiga qarshi toʻsiq yaratishga kirishgan (qarang Buyuk Xitoy devori). Shunga qaramay, miloddan avvalgi 209 yil yangi tashkil etilgan Gʻarbiy Xanning dastlabki davrida hunlar ilgari yoʻqotgan hududlarni qaytarib olishga erishganlar. Miloddan avvalgi 209 - yil Mode Ruziye davlatidagi tutqunlikdan qochib qutulib otasidan hokimiyatni tortib olgan. U chorak asr davomida atrofdagi barcha turkiy qabilalarni tobe etib, mustaqil Hun xoqonligini tashkil etgan. Miloddan avvalgi 177-176 - yillarda hunlar gʻarb tomonga yurish qilib, Sharqiy Turkiston va uning gʻarbidagi 26 davlatni, jumladan, Krurona, Usun, Xujis (Oʻgʻuz) kabi xonliklarni boʻysundirgan. Qangʻ (Qangkiya, Kangyuy) davlati ham hunlar xoqoniga tobelik izhor etib, u bilan qudalashgan. Xitoy bilan Hun xoqonligi oʻrtasidagi chegara Buyuk Xitoy devoridan oʻtgan. Gʻarb bilan Xitoyni bogʻlab turuvchi barcha savdo yoʻllari Hun xoqonligi nazoratiga oʻtgan. Xitoy hukmdorlari Hun xoqonligi bilan quda-andachilik qilish va ularga oʻlpon tariqasida sovgʻa-salomlar yuborib turish evaziga oʻzlarini himoya qilishga majbur boʻlishgan. Hunlar tobe mamlakatlarda davlatni idora etish usulini saqlab qolishgan. Shu tufayli ayrim olimlar Hun xoqonligini konfederatsiya tuzumiga qiyoslashadi.

Hun xoqonligining oliy hukmdori "Tangriqut" (Xitoy manbalarida tanyi, shangyuy, shanyuy) deb atalgan boʻlib, u "Tangri farzandi" degan maʼnoni anglatgan. Undan keyingi oʻrinda soʻl qoʻl xoni va oʻng qoʻl xoni kabi kichik xonlar lavozimi joriy etilgan. Harbiy ishlar boʻyicha soʻl qoʻl qoʻmondon va oʻng qoʻl qoʻmondon kabi 2 bosh qoʻmondonlik lavozimlari taʼsis etilgan. Hun xoqonligiga tobe oʻlkalarni Markaziy hokimiyat tomonidan qoʻyilgan 14 ta kichik xon boshqargan. Mamlakat hududi har biri 10 ming oiladan iborat tumanlarga boʻlingan. Tuman boshliqlari kichik xonlar nazoratida boʻlgan. Miloddan avvalgi 2-asrning 2-yarmida Gʻarbiy Xan imperiyasi kuchayib, Hun xoqonligiga qarshi urush boshlagan (miloddan avvalgi 129 yil). Xitoyliklar Hun xoqonligiga qaram davlatlar bilan ittifoq tuzishga harakat qilgan. Chjan Szyanning Davan (Fargʻona) davlatiga yuborilishi mazkur siyosat bilan bogʻliq boʻlgan. Hun xoqonligining tashqi siyosati Gʻarbiy Xan imperiyasining tajovuziga qarshi oʻzini mudofaa etishga qaratilgan, gʻalaba goh u tomon, goh bu tomonda boʻlib turgan.

Miloddan avvalgi 73 - 48 yillarda 5 ta hun yobgʻusi (hokimi) oʻrtasida boshlangan urush hunlarni zaiflashtirgan. Bundan foydalangan Xan hukmdori Syuandi (miloddan avvalgi 73—48) Shimoliy hunlar tangriqutini Qangʻ davlatiga chekinishga majbur etgan. Miloddan avvalgi 38 - yil Gʻarbiy Xan hukm-dori Yuandi Qangʻ davlatiga urush eʼlon qilgan. Qangʻ xoni Xitoy bilan kelishishga va oʻgʻlini Xitoy poytaxti Changanga garov tariqasida yuborishga majbur boʻlgan. Biroq Xitoydagi ichki siyosiy va ijtimoiy vaziyat kes-kinlashgan, natijada Gʻarbiy Xan sulolasi qulagan. Shundan soʻng Hun xoqonligi yana kuchaygan.

Milodiy 25 yil Sharqiy Xan imperiyasi tashkil topgan, xitoylar bilan hunlar oʻrtasidagi kurash yana avj olgan. Natijada milodiy 48 - yil Hun xoqonligi janubiy va shimoliy qismga ajralib ketgan. Janubiy hunlar xitoylar bilan til topishib, oʻzaro tinchlik munosabatlari oʻrna-tishga majbur boʻlganlar. Sharqiy Xan davlati bundan foydalanib, Shimoliy hunlarga qarshi kurashni davom ettirgan. 89—134 yillardagi urush xitoyliklarga gʻalaba keltirgan. tarim vohasidagi asosiy shaharlar hunlardan tortib olingan. Hunlar Qangʻ davlati hududiga chekinib, 2 a.ga yaqin mazkur davlat yerlarida yashaganlar. 5-asrning boshida Issiqkoʻlning gʻarbida hunlar Yuyeban (Yaypan) davlatini tashkil etgan. Bu davlat keyinchalik Ili vodiysi va uning janubidagi yerlarni oʻz nazorati ostiga olgan.

Shim. hunlarning boshqa qismi Gʻarbga chekinib, u yerdagi mahalliy xalqlar bilan aralashib ketgan va Yevropada gunnlar nomi bilan mashhur boʻlgan yangi xalqqa asos solishgan.

  • Azim Malik, Xunnu davlati // Muloqot № 1-2, 1994, 55-58-betlar