Kontent qismiga oʻtish

Urdu adabiyoti

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Urdu Adabiyotidan yoʻnaltirildi)

Urdu adabiyoti - Hindiston va Pokistonda urdu tilida yaratilgan adabiyot. 18-asr ning oxirigacha Urdu adabiyoti va tili "hindaviy", "dakhiniy" deb yuritilgan. Urdu adabiyoti ning paydo boʻlishiga islom falsafasi, hind va fors adabiyotining taʼsiri katta. M.S. Salmon (1046— 1121) sheʼrlari, X.J. Sumnoniyning "Tasavvuf odobi" (12-asr) asari Urdu adabiyoti ning ilk namunalaridir. Urdu adabiyoti fors adabiyoti taʼsirida qasida, marsiya, gʻazal, ruboiy, masnaviy kabi janrlar bilan boyidi. Xusrav Dehlaviy Urdu adabiyoti poetik anʼanalarini yuqori pogʻonaga koʻtardi.

Dexli sultonligining kuchsizlanishi va Dekanda mustaqil musulmon davlatlarining vujudga kelishi natijasida Janubiy Hindiston (Dekan) da Urdu adabiyotining markazlari paydo boʻldi. X.B. Gesudarozning "Meʼroj uloshiqin", Vajhiyning "Sabras" kabi asarlari yaratildi. 15—17-asrlarda Urdu adabiyoti Bijapur, Golkonda, Vijaynagar va boshqa joylarda keng rivojlandi. Bu davrda Muhammad Ali Qutbshoh (taxminan 1568—1611), Ibrohim Odilshoh (1580—1627), Nusratiy, Gʻavvosiy, Ibn Nishotiy va boshqa Urdu adabiyoti rivojiga munosib hissa qoʻshdilar. 18-asrda Urdu adabiyoti Hindistonning shim.ida ham taraqqiy etdi. Janubiy Hindistonda yashab ijod etgan mashhur shoir Vali Avrangobodiy (taxminan 1668 — 1744)ning Dexliga kelishi (1700) jan. va shim. urduning birlashib ketishiga sabab boʻldi. Bu yerda Vali Avrangobodiy bilan bir qatorda Xotim (1699— 1791), Shoh Muborak Abroʻ (vaf. 1750), Arzu (1689—1756), Fayz Dexlaviy (18-asr boshlari), Mir Toqiy Mir (1724— 1810) kabilar Dexli maktabining ravnaqiga munosib ulush qoʻshdilar. Boburiylar hokimiyati tanazzulga yuz tutgach, adabiy markaz Lakhnauga koʻchdi.

18-asr Shimoliy Hindistonda nasrchilik anʼanasi paydo boʻla boshladi. Diniy mavzudagi asarlar va Qurʼoni sharif tarjimalari bilan bir qatorda xalq dostonlari ham tarqaldi. Urdu nasrining rivojida FortVilyam (1800-yilda asoslangan) va Dexli kolleji (1827-yilda asoslangan) ning faoliyati munosib oʻrin tutadi (Mir Ammon Dexlaviyning "Bogʻu bahor" asari, oʻzbekcha tarjimasi T., 1971). 1739-yilda Nodirshohning Dexlini talontoroj qilishi va mamlakatning inglizlar tomonidan bosib olinishi oqibatida Urdu adabiyotida fojia kayfiyati paydo boʻldi (Mir Dard, 1721-1785). Mirza Savdo (1713-1780) ning ijodida mamlakatning xonavayron boʻlishi va tushkunlik aks etdi. Mir Toqiy asarlarida dardalam ifodalandi. Insonparvarlik gʻoyalari Nazir Akbarobodiy (1740—183O)ning sheʼriyatida namoyon boʻldi. Hindiston xalqlari mustaqillik uchun kurash olib borayotgan bir davrda Mirzo Gʻolib Urdu adabiyotida yangi sahifa ochdi, urdu badiiy nasrini shakllantirdi. Tanikli maʼrifatparvar va yozuvchi Sayd Ahmad Xon (1817—1898)ning faoliyati Urdu adabiyotining rivojlanishida muhim rol oʻynadi. Maʼrifatparvarlik harakatining 19-asr oxirlaridagi bosqichida roman asosiy nasriy shakl sifatida maydonga chikdi [Nazir Ahmad (1836 — 1912)ning "Kelin koʻzgusi", "Nosih tavbasi"; Mirzo Rusvo (1858— 1931) ning "Zoti sharif"; Abdul Halim Sharar (1860— 1926)ning "Malikul Aziz va Varjana", "Mansur va Moʻhana", "Yerdagi jannat" va boshqa].

20-asr urdu sheʼriyatida Muhammad Iqboyannng falsafiy sheʼriyati alohida oʻrin tutadi. U "Bongi Daro", "Sharq payomi", "Manguliknoma" kabi asarlarida hayot va jamiyatdagi ziddiyatlarni keng aks ettirdi. Bu davrda Urdu adabiyotiga ijtimoiy goyalar kirib keldi. Premchand anʼanaviy romantik qahramonlarni zamonaviy hind voqeligiga yaqinlashtirdi. 1936-yil Hindiston taraqqiyparvar yozuvchilari assotsiatsiyasi tuzildi. Bu assotsiatsiya faoliyatini S. Zohir, A.S. Jaʼfariy, F.A.Fayz, K. Chavdar, R.S. Bediy singari ijodkorlar rivojlantirdilar.

Mustaqillikka erishgandan soʻng (1947) Urdu adabiyotida yangi davr boshlandi — Urdu adabiyoti Hindiston va Pokistonda rivojlana boshladi. Hindistonda ijtimoiyrealistik anʼanalarni R.S. Bediy, X.A. Abbos, I.Chugʻtaiy, K. Chandar kabi yozuvchilar davom ettirdilar. Urdu adabiyotida Ikkinchi jahon urushi mavzusi ham aks etdi. S. Zohir, A.S. Jaʼfariy, F. Gorakhpuriy, M. Sultonpuriy, J. Murodobodiy, Q. Rayis Urdu adabiyotiga munosib hissa qoʻshdilar.

Pokistonda Urdu adabiyotining atokli vakillari: F.A. Fayz, J. Malihobodiy, A.N. Qosimiy, F. Buxoriy, A. Faroz va boshqa S.H. Mantu, F. Abbos, M. Adib, M. Mufti kabi yozuvchilar hikoya janrini rivojlantirdilar. Soʻnggi oʻn yillarda K. Naqid, A. Jaʼfariy, F. Riyoz, 3. Nigoh, H. Jolib, I. Orif va boshqa shoirlar salmokli asarlar yaratdilar. Romannavislardan Aziz Ahmad, Xadija Mastur, Shavkat Siddiqiy, Intizor Husaynlarning nomi mashhur.

Har ikkala mamlakatda ham urdu tilida adabiy jur.lar nashr etilmoqda. Hindistonda: "Shohroh", "Yangi adabiyot", "Shoir" va boshqa Pokistonda: "Afkor", "Funun", "Avroq", "Sip" va boshqa

  • Hindiston yozuvchilarining hikoyalari, T., 1958; Premchand, Qismat [roman], T., 1962; Mirzo Ras vo, Bir xonim yearguzashti, T., 1965; Mirzo Gʻolib, Gʻazallar, T., 1972; Chandar K., Xotiramdagi chinorlar, T., 1986.
  • Xuseyn E., Istoriya literaturi urdu, M., 1961; Glebov N., Suxochev A., Literatura urdu, M., 1967.