Kontent qismiga oʻtish

Usmon Nosir

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Usmon nosirdan yoʻnaltirildi)
Usmon Nosir
Tavalludi 1912-yil 13-noyabr
Namangan, Turkiston oʻlkasi, Rossiya imperiyasi
Vafoti 1944-yil 9-mart
Suslovo qishlogʻi (hozirgi Pervomayskoye qishlogʻi), Marinsk tumani,
Kemerovo viloyati, SSSR
Ijod qilgan tillari Oʻzbek tili
Fuqaroligi Sovet Ittifoqi

Usmon Nosir (1912–1944) – oʻzbek shoiri, tarjimon, dramaturg.

Usmon Nosir 1912-yilning 13-noyabrida Namangan shahrida tugʻildi. Otasidan yetim qolgan Usmon Nosir Qoʻqondagi internatda tarbiyalanadi. Isteʼdodli oʻsmir u yerda rus va jahon adabiyotining sara namunalari bilan tanishadi.

Internatni bitirgach, 1931-yildan Samarqanddagi Oʻzbekiston davlat universiteti (OʻzDU) ning filologiya fakultetida oʻqidi.

1937-yil 13-iyulda shoir „xalq dushmani“ sifatida hibsga olinib, 58-modda bilan sudlanadi va avval Zlatoust qamoqxonasiga, soʻngra Vladivostok va Magadan lagerlariga joylashtiriladi. 1943-yilda Kemerovo viloyatining Mariinskiy tumanidagi lagerga yuboriladi.

1940-yil 20-avgustda Usmon Nosir Magadan qamoqxonasidan Iosif Stalin nomiga ariza yuboradi va unda u uning „ishini“ qayta koʻrib chiqishni soʻraydi. Bu ariza Iosif Stalin, Lavrentiy Beriya tomonidan koʻrib chiqildi va ular tomonidan maʼqullandi. Oʻzbekiston rahbari Nosirov Usmon „ishini“ qayta koʻrib chiqish toʻgʻrisida buyruq oladi. 1944-yil oxiriga kelib komissiya tuzilib, Usmon Nosir begunoh deb topiladi va reabilitatsiya qilinadi.

Ammo shoir reabilitatsiya qilingunga qadar yashamadi. U 1944-yil 9-martda vafot etadi va 15-martda Kemerovo viloyatida yashovchi A. M. Sirota tomonidan Suslovo qishlogʻi (hozirgi Pervomayskoye qishlogʻi) qabristoniga dafn qilinadi.

Har yili Kemerovo viloyatining Kemerovo shahrida shoir xotirasiga bagʻishlangan adabiy oʻqishlar boʻlib oʻtadi. U yerda Usmon Nosirning uy-muzeyi mavjud boʻlib, unda shoirning sheʼrlari oʻqiladi. Yana u yerda Usmon Nosirga haykal ham oʻrnatilgan.[1]

2003-yilda atoqli oʻzbek shoiri va dramaturgi Usmon Nosir tavalludining 90 yilligi, 2022-yilda esa 110 yilligi Oʻzbekistonda keng nishonlandi.

Bolaligidan sheʼrlar yoza boshlagan Usmon Nosir badiiy ijod bilan bor yoʻgʻi oʻn besh yilgina, yaʼni qamoqqa olinguncha astoydil shugʻullandi. Shu fursatda oʻzining qanchalik nodir isteʼdodga ega ekanligini yaqqol koʻrsatdi. Yosh shoirning „Quyosh bilan suhbat“ (1932), „Safarbar satrlar“ (1932), „Traktorobod“ (1934), „Yurak“ (1935), „Mehrim“ (1935) kabi sheʼriy toʻplamlari hamda „Norboʻta“ (1932) va „Naxshon“ (1935) kabi dostonlari va „Atlas“, „Zafar“, „Soʻnggi kun“, „Dushman“ kabi dramalari bosildi. Usmon Nosir oʻzbek sheʼriyatiga yangi ohang, yangi ruh, yangi obrazlar olib kirdi. U sheʼrlarida alangali tuygʻularini jilovlamas, dilida kechayotgan tugʻyonlarni susaytirmas, inson ruhiy dunyosini poʻrtanalar ichida koʻrsatardi. Shoirning:

Tingla, erkam, oʻrtogʻimsan,
Koʻnglimni ochay.
Qonim sheʼr boʻlib oqsin-da,
Men qayta ichay.

singari misralari bunga misoldir. Oʻzbek sheʼriyatida tuygʻularni bor boʻyicha, dolgʻali koʻrsatish anʼanasi yoʻq edi. Milliy sheʼriyatimiz odob, andisha qoliplaridan chetga chiqmaslikka urinardi. Usmon Nosir ana shu qoliplarni buzishga jur’at qilgan birinchi shoir boʻldi. Shoirning oʻz tuygʻularini:

Sevgi! Sening shirin tilingdan
Kim oʻpmagan, kim tishlamagan?
Darding yoyday tilib koʻksidan,
Kim qalbidan qonlar toʻkmagan?

tarzida tasvirlashi miqyosi, koʻlami va taʼsirchanligiga koʻra mislsiz poetik hodisa edi. Shoirning: „Ilhomimning vaqti yoʻq selday keladi, Jalloddek rahm etmay dilni tiladi, Ayondir bir kuni aylaydi xarob“ shaklidagi iqrori, ayni vaqtda, ulkan badiiy kashfiyot hamdir.

Usmon Nosir sheʼriyatiga xos eng rangin xususiyatlar uning „Yurak“, „Nil va Rim“, „Monolog“, „Nasimaga deganim“, „Yana sheʼrimga“, „Begona“, „Yoshlik“ singari oʻnlab bitiklarida yorqin namoyon boʻlgan[2][3].

Nomini abadiylashtirish

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  • Rossiya Federatsiyasi Kemerovo viloyatining Mariinsk shahrida Usmon Nosirga haykal oʻrnatilgan[4];
  1. „Kemerovoda Usmon Nosir haykali ochildi“ (2023-yil 5-sentyabr). 2023-yil 5-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 5-sentyabr.
  2. Mirvaliev S. Oʻzbek adiblari. -T.: „Yozuvchi“, 2000.
  3. Q. Yoʻldoshev, B. Qosimov. Adabiyot (7-sinf darsligi). -T.: „Oʻqituvchi“. 2000.
  4. „Kemerovoda Usmon Nosir haykali ochildi“. Xs.uz (5-sentyabr 2023-yil). 2023-yil 8-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 8-sentyabr 2023-yil.