Kontent qismiga oʻtish

Uy oʻsimliklari

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Uy Oʻsimliklaridan yoʻnaltirildi)

Uy oʻsimliklari, xona oʻsimliklari — uylarda va jamoat xonalarida oʻstiriladigan oʻsimliklar. Tabiiy holda Yer sharining tropiklar va subtropik mintaqalarida oʻsadigan oʻsimliklar uy sharoitida oʻstiriladi. Uy oʻsimliklari 2 guruhga: chiroyli gullaydigan oʻsimliklar va manzarali-bargli (barglari har xil koʻrinishdagi) oʻsimliklarga boʻlinadi. Oʻzbekistonda aloe, amarillis, begoniya, gulisumbul, kaktus, uy limoni, atirgul, uzambar gunafshasi, xitoy atirguli, finik palmasi, fuksiya va boshqalar koʻproq oʻstiriladi. Uy oʻsimliklari kompostli, sof tuproq, chimli tuproq aralashmasi toʻldirilgan yogʻoch, plastmassa, shisha, sopol tuvak va boshqa moslamalarda deraza tokchasida yoki deraza yonida oʻstiriladi. Ularni sugʻorib turish, yoz oylarida mineral oʻgʻitlar eritmasi bilan (10 litr suvga superfosfat, amiakli selitra, kaliy oʻgʻiti 1, 2,5, 0,5 choy qoshiq nisbatida) oziqlantirish, barglarini yuvib turish zarur. Uy oʻsimliklari xonaning yuqori haroratiga (20—25°) chidamli. Ularning yaxshi oʻsishi uchun havo namligi yuqori boʻlishi kerak. Uy oʻsimliklarining subtropik turlari (sambitgul va boshqalar) esa qishda harorat 10—12° da yaxshi usadi. Uy oʻsimliklarining baʼzi turlari (masalan,anjir, limon, mandarin, garmdori) mevasi uchun ham oʻstiriladi. Yaponiyada qadimdan xonalarda qaragʻay, tilogʻoch, eman, olxoʻri, olcha kabi pakana daraxtlar oʻstiriladi. Ularning oʻsishini maxsus usullar bilan sekinlashtirish natijasida pakana oʻsimliklar hosil boʻlgan.

Uy oʻsimliklari urugʻidan yoki qalamchasidan, tuganaklari, piyozi, ildiz bachkasidan koʻpaytiriladi. Asosiy zararkunandalari: oqqanotlar, yomgʻir chuvalchangi, qizil kanacha; oranjereya tripsi, shira, oqqurt. Kasalliklari: kul, xloroz va boshqalar