Kontent qismiga oʻtish

Vulqon togʻ jinslari

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Vulkan togʻ jinslaridan yoʻnaltirildi)

Vulqon togʻ jinslari, vulkanitlar — vulqonlarning otilishidan paydo boʻlgan togʻ jinslari. Otilishi tarziga koʻra, vulqon togʻ jinslari 2 xilga boʻlinadi: effuziv va vulkanogen-boʻlakli jinslar. Effuziv vulqon togʻ jinslari lavaning yer yuziga oqib chiqib qotishidan hosil boʻladi (bazaltlar, andezitlar, diabazlar, vulqon shishasi va b.). Vulkanogen- boʻlakli jinslar vulqonning portlab otilishidan vujudga keladi. Bular ikkiga boʻlinadi: boʻsh (vulqon kuli, qumi va b.) va zichlashgan, sementlashgan (vulqon tuflari, tuf brekchiyalari va b.). Effuziv jinslarning shakli lavaning yopishqoqligi va vulqon oblastlari relefiga bogʻliq. Kam yopishqoq bazalt lavalari qoplam va oqimlar hosil qiladi. Oqib chiqqan yopishqoq lavalardan gumbaz va ignasimon shakllar hosil boʻladi. Kanallardan oqib chiquvchi lava qotib, dayka va nekklar tarkib topadi. Vulqon togʻ jinslari qadimiy va zamonaviy vulqon oblastlarida koʻp tarqalgan. Oʻzbekistonda qadimgi vulqon togʻ jinslari Qurama, Chatqol, Hisor va Oʻzbekistonning gʻarbidagi togʻlarda mavjud. Vulqon togʻ jinslari bilan oltin (Qoʻshbuloq) polimetall va boshqa rudali konlar bogʻliq. Vulqon togʻ jinslari qurilish, abraziv materiali sifatida ham koʻp ishlatiladi.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil