Kontent qismiga oʻtish

Xronika

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Xronikaldan yoʻnaltirildi)

Xronika (grekcha: χρόνος – „yilnoma“) – 1) adabiy janr. Voqealarning tarixan izchil bayonini oʻz ichiga oladi. Xronikada vaqt tarixiy jarayonning subyekti tarzida aks etadi. Xronika syujeti vaqtning oʻzgarishi taʼsirida uyushtiriladi, asar voqealari va personajlar taqdiri vaqtga bogʻliq holda oʻzgaradi. Xronika syujetini real tarixiy vaqtdan boshlangan voqealar surʼati, davomiyligi, tartibi va ritmi tashkil etadi. Xronika dastlab miflar va epik syujetlarning tarixiy asosini belgilovchi unsurlar shaklida namoyon boʻlgan. Qadimgi Injil kitoblarida va island sagalarida xronikadan foydalanilgan. Oʻrta asrlarda xronika mustaqil tarixiy janr yilnomalarda koʻp uchraydi. Uygʻonish davridan boshlab xronika materiallaridan badiiy maqsadlarda foydalaniladi. William Shakespeare dramalarida xronika unsurlari ishlatilgan. Keyinroq xronikal bayon usullarini qoʻllash estetik maʼno kasb etdi. XX asrda epik usul taraqqiyoti bilan bogʻliq holda va adabiyotning hujjatlilikka intilishi tufayli xronika keng avj oldi (masalan, Sadriddin Ayniyning „Qullar“ romani va boshqalar); 2) vaqtli matbuotda, radio, televideniye, kinoda siyosiy, xoʻjalik, madaniy va boshqa hayotga oid kundalik voqealarni axborot tarzida yorituvchi material.