Kontent qismiga oʻtish

Xudoybergan muhrkan

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Xudoybergan Muhrkandan yoʻnaltirildi)

Xudoybergan muhrkan (1822 Xiva — 1920) — xattot, naqqosh, bastakor. Toʻp quyuvchi usta Muhammad Panohning oʻgʻli. Otasidan toʻp quyushni, xattot usta Ermon xalfadan xattotlikni, muhrkan usta Islom xoʻjadan muhrkanlikni oʻrgangan. Xudoybergan muhrkan xon saroyida devon lavozimida ishlagani uchun "devon", davlat zarbxonasida tanga pullar uchun qoliplar va muhrlar yasagani uchun "muhrkan" nomlariga sazovor boʻlgan. Xudoybergan muhrkan Muhammad Rahimxon II saroyi kutubxonasidagi kitoblarning asosiy qismini (mas, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan Abdurahmon Jomiyning "Xaft avrang", "Silsilat uzzahab", "Layli va Majnun", "Yusuf va Zulayho" dostonlari va boshqalar) chiroyli nafis yozuvlarda koʻchirgan. Xudoybergan muhrkan marmar taxtalar, oʻratosh (poyustun)larni chiroyli yozuv va nafis naqshlar bilan, sheʼriy tarixlarni marmar toshga oʻyib yozgan va gullar bilan bezagan; Xudoybergan muhrkan ishlaridan namunalar Xivadagi koʻpgina meʼmoriy obidalarda saqlangan: Said Mahruyjon maqbarasi (1864), Asfandiyorxon harami (1896) va qabulxonasi (1912), Yusuf yasovulboshi (1906) va Polvon qori (1906) madrasalari, Islomxoʻja minorasi va maqbarasi (1910) va boshqa

Musiqaga ixlosi baland boʻlgan Xudoybergan muhrkan taniqli maqomchi darajasiga koʻtarildi, musiqa asboblari yasaydi, tuzatadi hamda ularni nafis naqshlar bilan bezaydi, Komil Xorazmiyning "Tanbur chizigʻi" nota kitobini koʻchirgan, oʻzi ham Rost maqomiga "Saqili muhrkan" nomi bilan kuy bastalagan.

Xudoybergan muhrkan koʻplab shogirdlar (Sobirjon Xudoybergan oʻgʻli, Karimbergan Rahmonberganov, Komil Devoniy va boshqalar) tayyorlagan.