Andijon teatri
Turi | Teatr |
---|---|
Sanoat | Madaniyat |
Ishga tushgan sanasi | 1919-yil |
Andijon teatri, Yoʻldosh Oxunboboyev nomidagi Andijon viloyat musiqali drama va komediya teatri — toʻngʻich oʻzbek professional teatrlaridan. 1919-yil noyabr-dekabrida Hamza Hakimzoda Niyoziy boshchiligida „Yagona truppa“ nomi bilan rasman ish boshlagan. Truppaning tashkiliy, ijodiy takomilida T. Jalilov, A. Azimov (Otash), B. Fayziyev, Orifjon Toshmatov (Orif Garmon), M. Najmiddinov, Ishoqqori Karimov kabi sozanda, bastakor va hofizlar, shuningdek S. Ziyoev, M. Karimov, B. Mashrabiy, A. Isroilov, F. Boybekov singari ijodkorlar munosib hissa qoʻshganlar. 1924-yil teatr „Umid“ truppasi nomi bilan Andijon maorif boʻlimi ixtiyoriga olinadi. Truppaga A. Ismatov, Q. Oxunov, Hoji Zunnun kabi aktyorlar qoʻshiladi. Dastlab repertuar asosini maʼrifiy ruhdagi hajman katta boʻlmagan asarlar tashkil etilgan. Truppa safida sozanda va ovozli aktyorlarning borligi jamoaga sof drama qatori musiqali drama spektakllarini yaratish imkonini berdi. „Hind ixtilochilari“ (A. Fitrat), „Padarkush“ (M. Behbudiy), „Yorqinoy“ (Choʻlpon), „Fidoiy muhabbat“ (Sh. Rasulzoda), „Erk bolalari“, „Yetim va yetima“ (Gʻ. Zafariy), „Lolaxon“ (K. Yashin) kabi spektakllar musiqaviy ifodaga, xalq qoʻshiqlariga 506boyligi bilan tomoshabin eʼtiborini qozondi. Hamzaning „Zaharli hayot“, Uygʻurning „Turkiston tabibi“ kabi asarlari ham oʻrin oldi. Teatrga tajribali rejissyorlardan M. Tojizoda, Ali Ardobus, X. Qoriyev — Oʻgʻizlar taklif etidsi. 1920-yillar repertuaridan rus bosqinchiligiga qarshi ohang bilan sugʻorilgan baʼzi pesalarning uchrashi alohida eʼtiborga loyiq. K. Ramziyning „Vatan qahramoni“, zanjirband etilgan ona timsolida „olami Turon“ obrazini ifoda etuvchi „Ona Vatan“, Behbudiyning „Padarkush“ kabi asarlari shular jumlasidandir. 1927-yilda teatr Andijon shahri davlat truppasi nomi bilan qayta tuziladi. Unga etnografik — konsert ansamblidan M. Qoriyoqubov, Tamaraxonim, G. Rahimova, Qoʻqon teatri artistlaridan M. Qoʻldoshev, L. Sarimsoqova, S. Xoʻjayev, U. Abdullayev, 1929-yil H. Nosirova, M. Azizova, Sh. Rahimova kabi sanʼatkorlar kelib qoʻshiladi. K. Yashin adabiy emakdosh, T. Jalilov musiqa rahbari etib tayinlanadi. „Halima“ (F. Zafariy), „Layli va Majnun“ (Xurshid), „Arshin mol olon“ (U. Hojibekov), „Ikki boyga bir malay“ (K. Goldoni), „Hujum“ (V. Yan), „Malikai Turandot“ (K. Gotssi) kabi spektakllar truppaning professional sahna mahorati oshishida, oʻz ijodiy qiyofasiga ega boʻlishida muhim rol oʻynadi. 1931-yilda teatrga Y. Oxunboboyev nomidagi Ikkinchi oʻzbek davlat drama teatri nomi berildi. Teatrning 30-yillardagi ijodiy rivojida badiiy rahbar I. Karimov, direktor M. Qoriyoqubov, musiqa rahbari T. Jalilov, adabiy emakdosh S. Abdulla, rejissyor R. Sultonovlar faoliyati alohida eʼtiborga molik boʻldi. Bosh rollarni oʻynagan A. Bakirov, H. Aminova („Nomus va muxabbat“, „Makr va muhabbat“da Gʻulom, Onaxon, Ferdinand, Luiza), A. Ismatov („Rustam“da Rustam), Sh. Rahimova, M. Yunusov, A. Ibrohimov („Oyxon“, „Gulsara“da) va boshqa yirik drama akterlari sifatida ijod etdilar. 1937-yil Ishoq qori Karimov, R. Sultonov, S. Sayfiy, R. Rahimiy xalq dushmani sifatida qoralanib, hibsga olindilar va 1939-yilga qadar bironta ham spektakl qoʻyilmadi. 1940-yil V. Azimov sahnaga qoʻygan „Tohir va Zuhra“ spektakli teatr hayotida yangi bosqichga aylandi. U. Shekspirning „Romeo va Juletta“ fojiasining ilk bor Andijon teatrida qoʻyilishi teatrning ulkan imkoniyatlarga ega ekanligini koʻrsatdi. „Shohi soʻzana“ (A. Qaxxor), „Yurak sirlari“ (B. Rahmonov), „Nurxon“, „Ravshan va Zulxumor“ (K. Yashin), „Qaroqchilar“ (F. Shiller), „Chin muxabbat“ (O. Yoqubov), „Alisher Navoiy“ (Uygʻun, I. Sulton), „Xolisxon“ (Hamza) kabi spektakllar oʻnlab isteʼdodli aktyorlar yetishib chiqishida oʻziga xos maktab boʻldi. A. Aminova, M. Ubaydumayeva, 60- 70-yillarda H. Oxunova, U. Nuraliyev, H. Olimjonov, S. Ulugʻov, M. Qodirov, M. Boymatova va boshqa aktyorlarning teatrga kelib qoʻshilishi repertuarning boyishiga, jahon dramaturgiyasining yirik namunalariga oʻrin berishga imkon yaratdi. „Qirol Lir“, „Richard III“ (U. Shekspir), „Mehrobdan chayon“ (A. Qodiriy), „Suv keltirgan aziz“ (N. Safarov), „Yurakdagi tosh“ (3. Muhiddinov), „Ona qizim“ (Shuhrat), „Bobur“ (Z. Muhiddinov), „Boy ila xizmatchi“ (Hamza), „Fargʻona tong otguncha“ (M. Ismoiliy), „Toshbolta oshiq“ (H. Gʻulom), „Temir xotin“ (Sh. Boshbekov), „Nodira“ (H. Razzoqov), „Chorraha“ (A. Jabbor), „Alla“ (T. Minullin), „Zebunniso“ (Uygʻun) va boshqa teatrda qoʻyilgan eng yaxshi spektakllardir. Teatrda A. Aminova, H. Olimjonov, O. Saidburhonov, F. Hojiqulov, M. Boymatova, N. Hakimova, M. Yoʻldosheva, S. Umarov, O. Maxmudova, X. Soliyev, X. Yunusov, Sh. Tojiboyeva kabi sanʼatkorlar faoliyat koʻrsatmoqdalar. Teatrning bosh rejissyori va badiiy rahbari — Tolibjon Hamidov (1997).Sotimboy Tursunboyev.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |