Kontent qismiga oʻtish

Yogʻ bosish

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Yog` bosishdan yoʻnaltirildi)

Yogʻ bosish, semirib ketish — organizm toʻqimalarida, asosan teri ostidagi yogʻ kletchatkasida, shuningdek, qorin boʻshligʻida ortiqcha yogʻ (koʻproq charvi) yigʻilishi. Gavda vaznining ancha ortganligi organizmda suv toʻplanishiga aloqador boʻlmasa, deyarli hamisha Yogʻ bosishdan darak beradi. Yogʻ bosishda koʻpincha organizmga zoʻr keladi: yurak ishi, qon aylanishi qiyinlashadi, kishi halloslaydi, tez charchaydi, ish qobiliyati va infeksion kasalliklarga chidamliligi kamayadi, ateroskleroz va b. baʼzi kasalliklar paydo boʻlishiga imkon tugʻiladi. Bunda kishi organizmi ehtiyoji (sarf qiladigan energiyasi)ga nisbatan ortiq ovqatni oʻzlashtiradi. Ammo koʻp kishilar koʻp ovqat yeyish bilan birga, ularda energiya ham koʻp sarflanadi, moddalar almashinu vi kuchli boʻladi, ularni yogʻ bosmaydi. Moddalar almashinuvi susayganda ham yogʻ bosishi mumkin. Ovqat koʻp yeyilganda Yogʻ bosish ichki sekretsiya bezlari bilan nerv sistemasining holatiga ancha bogʻliq. Yogʻ bosish moddalar almashinuvi buzilishidan kelib chiqadigan turli kasalliklar (podagra, diabet va hokazo) bilan birga, jinsiy bezlar faoliyati susaygan davrda koʻproq kuzatiladi. Har qanday jismoniy ish energiya sarfini oshiradi va moddalar almashinuvini kuchaytiradi. Yogʻ bosishning oldini olish uchun badan tarbiya bilan shugʻullanish, piyoda yurish, jismoniy ish qilish, ayni vaqtda ovqatni kamroq (toʻymasdan) yeyish kerak. Oson hazm boʻladigan uglevodlar (oq non, xamir ovqatlar, kartoshka, qandshakar, asal, murabbo va sh. k.) ayniqsa kam isteʼmol qilinishi lozim. Suvni ham kamroq ichish, spirtli ichimliklarni mutlaqo ichmaslik zarur. Haddan tashqari semirib ketgan kishilarga parhez ovqatlar buyuriladi. Asosan sabzavot, oshkoʻk, shirasi kam mevalar isteʼmol qilinadi. Bemor vrach nazorati ostida davolanadi. 7—9 kunda bir kun nuqul olma (1500 g) yeyiladi yoki faqat sut (5 stakan) ichiladi, yoki bir kun 3 mahal shirguruch va 800—1000 g olma yeyiladi, yoki shirasi kam meva bilan sabzavot (1500 g) 4—5 mahal isteʼmol qilinadi. Yogʻ bosish ga davo qilishda davolash badan tarbiyasi va fizioterapiya tadbirlari (suv, massaj)ning ahamiyati katta.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil