Yogʻochga ishlov berish jihozlari
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Yogʻochga ishlov berish jihozlari — yogʻochga zarur shakl va oʻlcham berishda qoʻllanadigan asbob hamda stanoklar. Ularning yordamida yogʻochdan turli xil materiallar va yarim fabrikatlar (taxta, brus, faner, qipik, plitalar, yogʻoch plitalar va boshqalar), buyum hamda qurilmalarning detallari (mebel, vagon, kema va boshqalar yasash uchun); tayyor buyumlar (deraza, eshik, muzika asboblari, mebel va boshqalar) tayyorlanadi. Yogʻochga ishlov berish jihozlari bilan yogʻoch arralanadi, tilinadi, teshiladi, frezalanadi, silliklanadi, yoʻniladi, randalanadi, oʻyiladi, kesiladi va yoriladi. Ular dastaki va mexanik xillarga boʻlinadi. Dastaki asboblarga arralar, randalar, iskana, burgi, drellar (parmalar toʻplami bilan), jilvirlar va boshqalar kiradi. Ular ustaxonalarda, qurilish maydonlarida, ishlab chiqarish korxonalarida qoʻllanadi. Mexanik yogʻochga ishlov berish jihozlari, asosan, stanokka yoki mashinaga oʻrnatib ishlatiladi. Bajaradigan ish turiga kura ular yogʻoch kesish, tilish, egish, yigish, yelimlash va pardozlash asbob hamda jihozlariga boʻlinadi. Yogʻoch detallarni yigʻish uchun dastaki, elektr va pnevmatik asboblardan foydalaniladi. Sanoatda yogʻoch kesish, tilish, randalash, egish, bukish stanoklari keng tarqalgan. Bu stanoklar bilan zarur oʻlcham va shakldagi yogʻoch zagotovka, detal hamda buyumlar tayyorlanadi. Yogʻoch kesish va tilishda arra; frezalashda — freza; randalashda — randa; parmalashda — parma; oʻyishda — oʻygich; silliklashda — jilvir va boshqalardan foydalaniladi. Yogochdan chiqqan qipiq va payrahadan boshqa materiallar (masalan, plitalar) ishlab chiqarishda foydalanish mumkin (qarang Yoyuch plitalar). Yogʻochga ishlov berish stanoklari arrali stanoklar; ilgarilanmaqaytma harakatlanadigan yoki qoʻzgʻalmas pichoqli randalash stanogi; detallarga doiraviy keskich bilan ishlov beradigan frezalash stanogi; teshik yoki oʻyiqlar ochish uchun ishlatiladigan parmalash stanogi; fanerlar, gugurt choʻplari, gugurt qutilari va boshqalar tayyorlaydigan yoʻnish stanoklari; yumaloq shaklli detallar tayyorlaydigan tokarlik stanoklari; detallarni silliklash uchun ishlatiladigan jilvirlash stanoklaridan iborat. Egish stanoklari changʻilar, mebellar yasash uchun yogʻochni egib beradi. Yelimlab yigʻish stanoklariga yelim surkash, shchit yigʻish stanoklari, uzel va buyumlarni yigʻish qurilmalari, pardozlash stanoklari ga boʻyash, qoplama (himoya va bezak) qoplash va jilolash mashinalari kiradi. Koʻp qatlamli fanerlar, yogʻoch plitalar, yogʻoch plastinalar yasash uchun yogʻochni zichlashda presslar ishlatiladi (yana qarang: Duradgorlik asboblari)[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |