Mahmudali Yunusov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Yunusov Mahmudali Yunusovichdan yoʻnaltirildi)

Yunusov Mahmudali Yunusovich (1918.10.7 Toshkent — 1985.9.10) — adabiyotshunos. Filol. fanlari doktori (1967). Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi (1978). Toshkent pedagogika institutini tugatgan (1941). Oʻrta maktab oʻqituvchisi (1941—43), Urganch (1944—45), Buxoro (1947—50) pedagogika instituti va Samarqand Davlat Universiteti katta oʻqituvchisi, dotsent (1951—59), Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyida boʻlim mudiri (1967—72), Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutida katta ilmiy xodim (195967; 197385). Asosiy ilmiy ishi oʻzbek sheʼriyatida traditsiya va novatorlik muammosiga bagʻishlangan. Gʻ.Karimov, S.Qosimov, S.Aliyevlar bilan hamkorlikda "Oʻzbek adabiyoti tarixi" darsligini yaratgan (1950). Oliy oʻquv yurtlari uchun "Oʻzbek adabiyotidan metodik qoʻllanmalar"ni tuzgan (1955). "Komil Xorazmiy" (1960), "Oʻzbek poeziyasida Nekrasov traditsiyalari", "Traditsiya va novatorlik problemasi" (1965), "Barhayot anʼanalar" (1969), "Saxiy qalamlar" (1975) kitoblarida oʻzbek adabiyotida kam oʻrganilgan muhim masalalar ishlab chiqilgan. 4 kitobdan iborat shoʻro davri oʻzbek adabiyoti tarixi (3 j.li, 1967—71), "Adabiyot nazariyasi" (2j.li), 2 jildli tanqid tarixini yaratishda (1987) faol ishtirok etgan. Yu. oʻzbek mumtoz adabiyoti namoyandalari (Navoiy, Munis, Furqat va boshqalar) ijodini oʻrganish bilan birga 20-asr adabiyotida adabiy anʼanalar va novatorlik, mumtoz va hozirgi zamon sheʼriyatida ruboiy, adabiy tanqidning tili singari nazariy masalalarni tadqiq etgan. Elbek, Botu, Sh.Sulaymon kabi qatagʻon etilgan yozuvchilar hayoti va ijodini birinchilardan boʻlib oʻrgangan va ular nomini roʻyobga chiqarishga salmoqli hissa koʻshgan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Hayot nafasi [Adabiytanqidiy maqolalar], T, 1981; Bolalar qalbining bayrami, T., 1984.