Kontent qismiga oʻtish

Mikoriza

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Zamburugʻildizdan yoʻnaltirildi)

Mikoriza (yun. mykes va rhiza — ildiz), zamburugʻildiz — zamburugʻ mitseliysining yuksak oʻsimliklar ildizi bilan oʻzaro simbiozi (birgaliqda yashashi). Ektotrof (tashqi) va endotrof (ichki) M. bor. Ektotrof M.da zamburugʻ yosh ildizlarning ustki toʻqimasi uchlariga oʻralib, poʻstloqning tashqi qatlamlaridagi hujayra oralariga kiradi. Endotrof M.da mitseliy hujayralar ichiga kiradi. Ektotrof M. koʻpchilik daraxtlar (eman, archa, qayin), butalar (tol) va baʼzi oʻtlarga xos. Odatda, bunday oʻsimliklarning yosh ildizlari shoxlanib, ildizning oʻsayotgan qismi zamburugʻ bilan qalin qoplanadi va undan tuproq hamda hujayra oraliqlari boʻylab ildizning bir yoki bir necha qavat ichkarisiga zamburugʻ mitseliysi toʻr hosil qilib tarqaladi. Bunda ildiz tukchalari nobud boʻladi. Ektotrof M.ni, koʻpincha, gimenomitsetlar, baʼzan gasteromitsetlar vujudga keltiradi. Bitta oʻsimlik ildizida bir nechta zamburugʻ M. hosil qilishi mumkin. Endotrof M.da ildiz shakli oʻzgarmaydi, ildiz tukchalari oʻlmaydi va toʻr hosil boʻlmaydi; zamburugʻ mitseliysi ildiz parenximasi hujayrasining ichiga kiradi.

M. oʻsimlikka foydali taʼsir koʻrsatadi: mitseliyning rivojlanishi tufayli ildizning shimadigan yuzasi kattalashib, oʻsimlikka suv va mineral moddalar koʻproq kiradi. M. hosil qiluvchi zamburugʻlari boʻlmagan tuproqqa daraxt ekishdan avval eski oʻrmonlar tuprogʻidan ozroq solinadi.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil