Kontent qismiga oʻtish

Grunt suvlari

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Zax suvlardan yoʻnaltirildi)

Grunt suvlari — yer yuzasidan pastda, birinchi suvli togʻ jinslari gʻovaklarida yigʻilgan suv. G. s. oʻzidan suv oʻtkazmaydigan ikkinchi qatlam ustida boʻladi. Bu qatlam giltuproq, yaxlit ohaktosh, otqindi hamda metamorfik jinslardan iborat boʻlishi mumkin. G. s. yer yuzasidan kanal, daryo, yogʻin suvlari, atmosferadagi suv bugʻlarining (quyuqlashganidan keyin) togʻ jinslari gʻovaklaridan pastga tushib, suv oʻtkazmaydigan qatlamda yigʻilishidan paydo boʻladi. Ularning joylanishi chuqurligi suv oʻtkazmaydigan qatlamning yotish holati va suvli togʻ jinslari qatlamiga bogʻliq. G. s. yer yuziga yaqin birinchi gʻovak qatlamda joylashadi va shuning uchun uning sathi, kimyoviy tarkibi va fizik xususiyatlari yerning ustki qismidagi tabiiy (havo harorati, yogʻinning turi va miqdori, tabiiy suv havzalarining yer yuzasiga yaqin-uzoqligi) va sunʼiy (suv omborlari, sugʻorish inshootlari, kanalizatsiya va hokazo) sabablarga koʻra oʻzgarib turadi. G.s. daryo vodiilaridagi allyuvial yotqiziqlar (qum, qumtuproq, shagʻal) hamda muzliklarning surilishi natijasida yotqizilgan togʻ jinslari va sahrolardagi dyun yotqiziqlari gʻovaklarini toʻldirib turadi. Shahar va sanoatni toza suv bilan taʼminlashda G. s goho asosiy manba boʻlib xizmat qiladi. Oʻzbekiston hududida G.s.ning paydo boʻlishi, tarqalishi va ularni qidirish hamda ishlatish uslublari Gʻ. O. Mavlonov, O. K. Lange, N. A. Kenesarin, U. M. Ahmedsafin va b. tomonidan ishlab chiqilgan.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil