Kontent qismiga oʻtish

Oʻzbekfilm

Vikipediya, erkin ensiklopediya
("Oʻzbekfilm"dan yoʻnaltirildi)

Oʻzbekfilm“ — eng eski va eng katta badiiy filmlar ishlab chiqaruvchi oʻzbek kinostudiyasi. Studiyaga 1925-yil asos solingan. Uning ilk nomi „Sharq yulduzi“ boʻlgan.[1] 1936-yil „Oʻzbekfilm“ deb nomlangan. Ikkinchi jahon urushi yillarida studiya „Toshkent Kino Studiyasi“ deb nomlangan. 1958-yil nomi yana qaytadan „Oʻzbekfilm“ deb oʻzgartirilgan. Kino studiya shu kungacha 400 dan ortiq toʻla metrajli va 100 dan oshiq multiplikatsiya qilingan film chiqargan.[2] „Oʻzbekfilm“ kinostudiyasi ishlab chiqargan mashhur filmlar qatoriga „Maftuningman“ (1958) va „Mahallada duv-duv gap“ (1960) filmlarini kiritish mumkin.

Oʻzbekfilm „Oʻzbekkino“ milliy agentligi tizimidadir. Dastlab 1925-yil 4-iyunda Toshkentda „Sharq yulduzi“ nomi bilan kinostudiya tashkil boʻlgan. Shayxontohurdagi Eshonqul madrasasi binosiga joylashgan. 20-yillarda „Ikkinchi xotin“, „Masjid gumbazlari ostida“, „Soyabon arava“, „Ravot qashqirlari“, „Chodira“ kabi filmlar ishlangan. 1925-26-yillar mobaynida 20 dan ortiq toʻla, 30 dan ortiq qisqa metrajli xronikal filmlar yaratilgan.

1932-yil „Sharq yulduzi“ „Oʻzbekfilm“ nomini oladi. 1930-yil gacha filmlarni, asosan, oʻzbek xalqining milliy anʼanalaridan yiroq rus rejissorlari ishlagan. 30-yillardan Nabi Gʻaniyev mustaqil filmlar yarata boshlagan: „Yuksalish“, „Ramazon“, Sulaymon Xoʻjayev „Tong oldidan“, Yoʻldosh Aʼzamov „Qilich“ filmlarini ishladilar. Ular bilan yonmayon O. Frelix („Avliyo qizi“), N. Klado ("Bagʻdodda „amerika“ paxtasi", „Oʻlim qudugʻi“) lar ham faoliyat yuritgan. 1939-yil kinostudiyaga „Toshkent kinostudiyasi“ nomi berildi. Ikkinchi jahon urushi yillari Toshkentga evakuatsiya qilingan Ukraina, Belarus kinostudiyalari, „Mosfilm“, „Lenfilm“larning kelishi munosabati bilan „Birlashgan Toshkent kinostudiyasi“ (titrda „Toshkent kinostudiyasi“ deb yozilgan) nomi bilan yuritilgan. „Biz yengamiz“ (rejissor K. Yormatov, N. Gʻaniyev), „Dovyurak doʻstlar“ (N. Gʻaniyev), „Filmkonsert“ (Y. Aʼzamov), „Frontdagi doʻstlarga“ (K. Yormatov), „Besh respublika konserti“ (Z. Sobitov), „Aleksandr Parxomenko“, „Ikki jangchi“ (L. Lukov), „Nasriddin Buxoroda“ (Ya. Protazanov), „Uning ismi Suxe Bator“ (A. Zarxi, I. Xeyfits) kabi filmlar ishlandi.

Urushdan keyingi yillar ekranga oʻzbek xalqi madaniyatining yutugʻi boʻlgan mumtoz „Tohir va Zuhra“ (1945), „Nasriddinning sarguzashtlari“ (1946, ikkalasining rejissori N. Gʻaniyev), „Alisher Navoiy“ (1947, K. Yormatov) filmlari ekranga chiqsi. 1947-52-yillar SSSR kinematografiyasi vazirligi buyrugʻiga binoan, birorta ham film ishlanmagan. Tanaffusdan soʻng ishlangan film „Paxtaoy“ (K. Yormatov) boʻldi.

"Boy ila xizmatchi", „Qutlugʻ qon“ (L. Fayziyev), „Opasingil Rahmonovalar“, „Abu Ali ibn Sino“ (K. Yormatov), „Gulbahor“ (Y. Aʼzamov), „Stadionda uchrashamiz“ (Z. Sobitov) singari filmlar 50-yillar yaratildi. 1955-yil „Amirlikning yemirilishi“ nomli birinchi rangli badiiy film (rejissorlar L. Fayziyev, V. Basov) ekranga chiqdi. 1958-yildan Oʻzbekfilm yana hozirgi nomda. 1959-yilda Chilonzorda qurilgan yangi binoga koʻchib oʻtgan.

60-yillar kinostudiyada mavzu jihatdan boy, badiiy yoʻnalishi ravon, asosiy qahramoni yoshlar boʻlgan filmlar ustunlik qildi. „Mahallada duv-duv gap“ (Shuhrat Abbosov), „Sinchalak“ (L. Fayziyev), „Laylak keldi, yoz boʻldi“ (Ali Hamroyev), „Surayyo“ (U. Nazarov), „Nafosat“, „Sevishganlar“ (E. Eshmuhamedov), „Sen yetim emassan“, „Toshkent — non shahri“ (Sh. Abbosov), „26 otilmasin“, „41-yil olmalari“ (R. Botirov), „General Rahimov“ (Z. Sobitov), „Oy borib, omon qayt“ (H. Fayziyev), „Nodirabegim“ (K. Yormatov), „Ulugʻbek yulduzi“ (L. Fayziyev), „Abu Rayhon Beruniy“ (Sh. Abbosov), „Oʻtgan kunlar“ (Y. Aʼzamov) va boshqalar shular jumlasidan. Kishilar xarakteri va oʻzaro munosabatlar, turmush tarzi va mehnatini koʻrsatuvchi filmlar yaratish kinostudiya ijodkorlari oldidagi asosiy vazifaga aylandi va uning natijasi oʻlaroq „Seni kutamiz, yigit“ (R. Botirov), „Umidimiz qushlari“, „Dahoning yoshligi“ (E. Eshmuhamedov), „Nodirabegim“ (K. Yormatov), „Shum bola“ (D. Salimov), „Mevazorlik ayol“ (A. Hamroyev) va boshqalar filmlar ekranga chikdi.

80-yillarning oxiri, „qayta qurish“ yillari „Oʻzbekfilm“da yangi avlod rejissorlari ish boshladi: R. Malikov, A. Fatxullin, S. Nazarmuhamedov, Z. Musoqov, D. Davlatov, I. Ergashev va boshqalar shular jumlasidan.

„Alvido, gʻoʻr yoshligim“ (E. Eshmuhamedov), „Klinika“ (R. Malikov), „Boʻrilar“ (S. Nazarmuhamedov), „Siz kimsiz?“ (J. Fayziyev), „Soldat ertagi“ (Z. Musoqov), shaxsga sigʻinish sharoitidagi qahramonlar hayoti aks etgan „Tosh sanam“ (I. Ergashev), „Yovvoyi“ (Q. Kamolova) hamda hamkorlikda ishlangan „Muhabbat va nafrat“ (R. Botirov, J. Ristich), „Alibobo va qirq qaroqchi“, „Sevgi afsonasi“ (L. Fayziyev, U. Mehra) kabi filmlar suratga olindi.

Mustaqillikdan soʻng

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mustaqillikdan soʻng „Oʻzbekfilm“ning yangi tarixi boshlandi. Film mazmuni, qahramonlari va uslubida milliylik kuchaydi. „Voiz“ (Yu. Roziqov), „Yolgʻiz yodgorim“ (S. Nazarmuhamedov), „Chimildiq“ (M. Abzalov), „Dilxiroj“, „Oʻrtoq Boykenjayev“ (Yu. Roziqov), „Yodgor“ (X. Nasimov), „Qor ustidagi lola“ (E. Toʻychiyev, A. Shaxobiddinov) va boshqalar bunga misoldir. „Alpomish“ (H. Fayziyev), „Osmondagi bolalar“, „Osmondagi bolalar-2“ (Z. Musoqov), „Dev bilan pakana“ (J. Qosimov), „Fellini“ (N. Abbosov), „Qismat“ (A. Akbarxoʻjayev, A. Ismoilov), „Maqsad“ (R. Meliyev), „Men Terrorchi Emasman“ (Muhammad Ali Iskandarov) va boshqalar keyingi yillar mahsulidir.

  1. Oʻzbekfilm (rus.), 3-nashr A. M. Prokhorov: , Moskva: Buyuk Sovet Ensiklopediyasi, 1974. 
  2. „Oʻzbekfilm (rus.). Uzbekkino. 2012-yil 19-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 29-may. (Wayback Machine saytida 2012-01-19 sanasida arxivlangan)