Kontent qismiga oʻtish

Alisher Navoiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Bu maqola oʻzbek va boshqa turkiy xalqlarning shoiri Alisher Navoiy haqidadir. Navoiy soʻzining boshqa maʼnolari uchun mana bu sahifaga oʻting.
Alisher Navoiy
chigʻatoycha: علیشیر نوایی
Tavalludi 9-fevral 1441-yil
Vafoti 3-yanvar 1501-yil(1501-01-03)
(59 yoshda)
Hirot, Temuriylar imperiyasi
Fuqaroligi Temuriylar imperiyasi va Khorasan
Kasbi Davlat arbobi, faylasuf, shoir, yozuvchi

Alisher Navoiy ((chigʻatoycha: علیشیر نوایی[1]; forscha: نظام‌الدین علی‌شیر نوایی;) 9-fevral 1441-yildan 3-yanvar 1501-yil) — Temuriylar davridagi turkiy xalqlarning shoiri[2], mutafakkir va davlat arbobi[3][4][5][6]. Gʻarbda Chigʻatoy adabiyotining buyuk vakili deb qaraladi.

Tarixchi Ali Yazdiy nazariga tushgan, shoir Lutfiy yosh shoir isteʼdodiga yuqori baho bergan, Kamol Turbatiy eʼtirofini qozongan. Sayyid Hasan Ardasher, Pahlavon Muhammad kabi ustozlardan taʼlim olgan, Abdurahmon Jomiy bilan ijodiy hamkorlikda boʻlgan. Navoiy 1469-yilgacha temuriylar orasidagi ichki nizolar sababli Hirotdan yiroqroqda yashagan.

Husayn Boyqaro Xuroson taxtiga oʻtirgach (1469), Navoiy hayoti va ijodida yangi bosqich boshlanadi, muhrdorlik (1469-yilda) mansabiga, vazirlik (1472-yilda) va Astrobod hokimligi (1487-yilda) lavozimiga tayinlanadi. 1480–1500-yillar mobaynida oʻz mablagʻlari hisobidan bir necha madrasa, 40 rabot (safardagi yoʻlovchilar toʻxtab oʻtish joyi), 17 masjid, 10 xonaqoh, 9 hammom, 9 koʻprik, 20 ta hovuz qurdiradi. Husayn Boyqaro Alisher Navoiyga „muqarrabi hazrati sultoniy“ („sulton hazratlarining eng yaqin kishisi“) degan unvonni beradi. Unga koʻra Navoiy davlatning barcha ishlariga aralasha olardi.

Alisher Navoiy tarjimai holi oʻz davrida Xondamir, Vosifiy, Husayn Boyqaro, Bobur kabi tarixchi va davlat arboblarining asarlarida aks etgan.

Hayoti

Alisher Navoiy 1441-yil 9-fevralda Amir Temurning oʻgli Shohruh Mirzo shohligi davrida Hirotda tugʻildi. Zamondoshlari uning haqida koʻpincha „Nizomiddin Mir Alisher“ deb yozadilar. Nizomiddin — din-diyonat nizomi degani boʻlib, donishmand mansab egalariga beriladigan sifat, „mir“ amir demakdir. Uning otasi Gʻiyosiddin Muhammad (uni Gʻiyosiddin Kichkina ham der edilar) temuriylar saroyining amaldorlaridan, xonadonning ishonchli kishilaridan edi. Onasi amirzoda Shayh Abusaid Changning qizi boʻlgan, ismi maʼlum emas. Alisherning bobosi Temurning oʻgʻli Umarshayx bilan emikdosh (koʻkaldosh) boʻlgan ekan.

Buyuk shoir oʻz asarlarida bu qutlugʻ dargohga yaqinligidan iftixor etishini bayon qiladi. Shuningdek, uning tarjimai holiga oid ayrim lavhalar asarlarida uchraydi. Bu shaxs toʻgʻrisidagi baʼzi maʼlumotlarni esa uning zamondoshlari oʻz kitoblarida tilga oladilar.

Alisher saroy muhitida yashaganligi uchun alohida tarbiya va nazoratda oʻsgan. Kichiklik chogʻidan sheʼr va musiqaga ishqi tushgan. Olim-u fozillar davrasida boʻlgan. Uch-toʻrt yoshlarida davrining mashhur shoiri Qosim Anvorning bir sheʼrini yod aytib, mehmonlarni hayratga soladi. Bir yildan soʻng uni maktabga beradilar. U boʻlajak sulton Husayn Bayqaro bilan birga oʻqiydi. Uning zehni va iqtidori haqidagi gaplar esa el orasida tarqaladi.

1447-yilda Shohruh Mirzo vafot etib, temuriy shahzodalar oʻrtasida taxt uchun kurash boshlanadi. Hirot notinch boʻlib qoladi. Alisherning oilasi Iroqqa yoʻl oladi. Yoʻlda, Taft shahrida Alisher zamonasining mashhur tarixchisi, „Zafarnoma“ning muallifi Sharafiddin Ali Yazdiy bilan uchrashadi.

Alisher xonadoni 1451-yilda Hirotga qaytadi. Tarixchi Xondamir bu bilan bogʻliq shunday bir hikoyani keltiradi:

Karvon Yazd choʻli bilan Hirotga borarkan, tungi yurishlardan birida ot-ulov ustida hammani uyqu bosadi. Alisher mingan ot, ittifoqo, yoʻldan chiqib, boʻlajak shoir egardan tushib qoladi, uyqu zoʻrlik qilib, uygʻonmaydi. Horigan ot ham egasi yonidan ketmay, toʻxtab qoladi. Alisher tong otib, quyosh qiziganda uygʻonadi. Qarasa, poyonsiz sahro, atrofida hech kim yoʻq. Yolgʻiz otigina yovshan ildizlarini chimtib turibdi. Oʻn yoshli bola oʻzini qoʻlga oladi. Otini minib, zehn bilan yoʻlni topib ilgari yuradi. Kun qizib, chanqoqlik boshlanadi. Shu payt uzoqdan bir narsa qorayib koʻrinadi. U suv toʻla mesh ekan, Allohga shukronalar aytib, Alisher yoʻlini davom ettiradi. Uning ota-onasi manzilga yetgach, oʻgʻillarining yoʻqligini biladilar va mulozimni shoshilinch orqaga qaytaradilar. Mulozim koʻp yurmay, Alisherga duch keladi. Alisherni, goʻyo u qayta tugʻilganday, quvonch bilan kutib oladilar.

1452-yilda Abulqosim Bobur Mirzo Xuroson taxtiga oʻtiradi, notinchliklar bosiladi. Gʻiyosiddin Muhammad Sabzavorga hokim qilib tayinlanadi. Alisher esa oʻqishini davom ettiradi. Maktab yosh Alisherni sheʼriyat, adabiyot olamiga olib kirgan. Boʻlajak shoir Saʼdiy Sheroziyning „Guliston“ va „Boʻston“, asarlarini, Farididdin Attorning „Mantiq ut-tayr“ („Qush mantigʻi“) asarini soʻngsiz ishtiyoq bilan oʻqiydi. Ayniqsa, qushlar tilidan keltirilgan hikoyatlar va ularning chuqur mazmuni Alisherning oʻy-xayolini tamom egallab oldi:

Bir kuni qushlar jam boʻlibdi. Har xil: toʻti, qumri, tovus, bulbul va hokazo. Oʻrtaga hudhud (sassiqpopishak) chiqibdi. Boshidagi tojini selkillatib, oʻzini taʼrif-u tavsif etibdi. Soʻng u hammani olam podshosi Semurgʻni izlashga undabdi. Qushlar uni surishtira boshlabdilar. „Zotini, naslini, sifatini ayt, bizga nishon ber!“ — deyishibdi ular. Hudhud hikoya boshlabdi: Semurgʻ bir kecha dunyoni aylanib, uchib yurar edi. Nogoh yoʻli Chin shahri ustidan tushdi. Bir silkingan edi, mamlakat nurga gʻarq boʻldi. Patidan biri tushib qolgan ekan. Ogoh boʻlganlar bundan aql-u shuurini yoʻqotdilar. Chin mulki esa hashamat (ulugʻvorlikka) chulgʻandi.

Qushlar zavq-u shavq bilan yoʻlga tushadilar. Biroq bu zavq-shavq uzoq davom etmaydi. Qushlar eʼtiroz bildirib, uzr aytib, oʻzlarini chetga ola boshlaydi. Hudhud har biriga javob aytadi. Semurgʻga yetishish baxti oldida bu dunyoning tashvishlari hechligini isbot etuvchi biror hikoya keltiradi. Hudhudning gaplari, hikoyalari qushlarga yangi bir kuch bagʻishlaydi. Ular hudhudni boshliq qilib, yoʻlga tushadilar. Hudhud bu yoʻlning ishq yoʻli ekanligi, unga kirgan odam Shayx Sanʼon singari oʻzligidan kechishi lozimligini aytadi. Yana bir-biridan jozibali hikoyalar: Nihoyat, qushlar yetti vodiyni bosib oʻtadilar va oʻzlarining Semurgʻ ekanligini anglab yetadilar.

„Mantiq ut-tayr“ hayoli Alisherga bir umr hamroh boʻldi. Umrining soʻngida esa „Lison ut-tayr“(„Qush tili“) nomi bilan kitob yozdi. Boʻlajak shoir yana Nizomiy Ganjaviy va Xusrav Dehlaviy asarlarini ham sevib oʻqigan.

1453-yilda Alisherning otasi Gʻiyosiddin Muhammad vafot etadi. Alisher Abulqosim Bobur xizmatiga kiradi. Avval Sabzavorda, soʻng Mashhadda yashaydi. Ikki maktabdosh doʻst — Husayn va Alisher yana birga boʻladilar. Bir munosabat bilan u 50 ming bayt, 100 ming misra sheʼr yod olganini aytadi. Sheʼr shunchaki nutq oʻstirish emas, maʼrifat, taffakur mashqi ham edi. Navoiy 15 yoshlarida oʻz sheʼrlari bilan zamonasining mashhur shoirlari diqqatini tortgan. Xondamirning yozishicha, sheʼrlari bilan endigina tanilib kela boshlagan Alisher oʻz davrining dongdor shoiri Mavlono Lutfiy xizmatiga boradi. Mavlono undan sheʼr oʻqishni iltimos qiladi. Alisher oʻzining:

Orazin yopgʻoch, koʻzimdin sochilur har lahza yosh,

Boʻylakim, paydo boʻlur yulduz nihon boʻlgʻoch quyosh.

matlaʼi bilan boshlanadigan gʻazalini oʻqiydi. Sheʼrdan hayratga tushgan keksa shoir bunday deydi: „Valloh, agar muyassar boʻlsa edi, oʻzumning forsiy va turkiy tillarda aytgan oʻn-oʻn ikki ming baytimni shu gʻazalga almashtirardim va buni oʻzimning katta yutugʻim deb hisoblar edim“. Bu turkiy (oʻzbek) sheʼriyatiga juda katta isteʼdod kirib kelayotganidan nishona edi.

Yigitlik yillari

1457-yilda Abulqosim Bobur vafot etdi. Hokimyat tepasiga Abusaid Mirzo keldi. Husayn Boyqaro taxt uchun kurashga shoʻngʻib ketdi.

Navoiy esa Mashhad madrasalarida oʻqishni davom ettirdi. Doʻstlar orttirdi. Keksa shoir Kamol Turbatiyni shu yerda uchratdi. Turbatlik bu shoir Alisher bilan bir bayt muhokamasi ustida tanishib qoldi. Shoir 1464-yilda Hirotga qaytadi. Biroq poytaxtda uni noxushliklar kutadi. Abusaid Mirzo u bilan taxt talashayotgan Husayn Bayqaroni yaqin kishilarini taʼqib va tayziq ostiga olgan, jumladan, togʻalari Mirsaid Kobuliy va Muhammad Ali Gʻaribiylarni oldinma-keyin qatl ettirgan edi. Ular isteʼdodli shoirlar edi. Alisherning ota mulki musodara qilingan, hatto yashab turgan boshpanasi ham qolmagandi. U shaharda uzoq qola olmadi. Holbuki, yosh shoirning ijodi barq urgan payti edi. Abdurahmon Jomiydek zamonasining alloma adibi bilan yaqindan tanishib, saboqlar olgani, mehr qozongan edi. Navoiy — „Mahmud Nuran“ deb eʼzozlagan bu mashhur shoir va olim oʻzini siyosatdan uzoq tutar, hatto shahar tashqarisidagi Saʼdiddin Koshgʻariy (1456-yilda vafot etgan mashhur shayx, Jomiyning ustozi) mozori yonidan joy qilib, oʻsha yerda yashar edi.

Navoiyning Sayyid Hasan Ardasherga yozgan sheʼriy maktubi bor. U „Masnaviy“ nomi bilan „Xazoyin ul-maoniy“ning birinchi devoniga kiritilgan. Mutaxasisslar uni Navoiyning Hirotdan Samarqandga joʻnash oldidan yozgan maktubi deb hisoblaydilar. Chamasi, shoir safar oldida Ardasher bilan xayrlashmoqchi boʻlgan, lekin uni topmagan. Soʻng ushbu maktubni yozib qoldirgan. Maktub Alisherning safar oldidagi kechinmalari va oʻz otasidek yaqin koʻrgan Sayyid Hasan Ardasherning sifatlarini taʼrif etish bilan boshlanadi. Vatan va doʻstlarni tashlab ketish ogʻir. Xayrlashmay ketish undan ham ogʻir. U ulugʻ doʻstiga ketishi sabablarini tushuntirmoqchi. Xat shu munosabat bilan yozilgan. Inson soʻz bilan ulugʻdir, „falak jismining joni“ — soʻz, ayqisa „nazm“ (sheʼr), deydi shoir. Va oʻzida sheʼr yozishga juda katta kuch-qudrat sezayotganini aytadi. Shunday qudratki, agar Firdavsiy oʻz „Shohnoma“sini 30 yilda yozgan boʻlsa, u oʻshanday asarni 30 oyda yoza oladi. Nizomiy Ganjaviyning 30 yil sarflab maydonga keltirgan „Xamsa“si uning oldida 2-3 yillik ishdir. Faqat unga imkon kerak. Yurt esa notinch, odamlarda vafo yoʻq. Insoniylik qolmagan, zulm avjida. Hatto tasalli beruvchi kishi ham yoʻq. Ketaman, desang etagingdan tutadigan umr yoʻldoshing, ketsang, ayriliqdan eziladigan doʻsting boʻlmasa.

Navoiy 60-yillarning ikkinchi yarmida Samarqandda yashadi. Uning bu shaharga kelishi sababini turlicha talqin qiladilar. Xondamir, oʻqish uchun keldi, deydi. Toʻgʻri u Samarqandda din huquqshunosi va faylasuf Fazulloh Abullays qoʻlida oʻqidi. Zahiriddin Muhammad Bobur uni „Abusaid surgun qildi“, deydi. Bunda ham asos bor. Abusaidning Alisherga munosabati yomon edi. Shoir Samarqandda dastlab moddiy qiyinchilik ichida yashaydi. Keyinroq unga shahar hokimi Ahmad Hojibek ragʻbat va hoiylik koʻrsatadi. Nihoyat, Samarqand oʻz goʻzalligi bilan ham Navoiyni maftun etadi. Shoir uni „firdavsmonand“(jannatmisol) deb ataydi va unga hech qachon „gardi fano“ oʻltirmasligini — zavolikka yuz tutmasligini istaydi. Navoiy shu yillari shoir sifatida juda katta shuhrat topa bordi. 1465–1466-yillarda uning muxlislari sheʼrlarini toʻplab, „devon“ tuzadilar. Bu kitob bugun „Ilk devon“ nomi bilan mashhurdir. 1468-yil oxirida Eronni eggalash uchun boʻlgan jangda Abusaid halok boʻladi. Husayn Bayqaro 1469-yilning boshida Hirotni qoʻlga oladi va Samarqandga xat yoʻllab, Navoiyni oʻz yoniga chaqiradi. Husayn Bayqaro uni davlat ishlariga jalb etadi va muhrdor qilib tayinlaydi.

Davlat va jamoat arbobi

Alisher Navoiy 1469–1472-yillarda muhrdor, 1472–1476-yillarda vazir boʻlib ishlaydi. 1487–1488-yillarda Astrobodga hokimlik qildi. Husayn Boyqaro uni oʻziga gʻoyat yaqin tutar, har bir narsada u bilan maslahatlashar va buni nihoyatda qadrlar edi. Toʻgʻri, Bayqaro va Navoiy oʻrtasiga uchinchi kishi aralashgan, sovuqchilik tushgan paytlar ham boʻldi, lekin oʻz davrining ikki atoqli arbobi hamkorligi juda koʻp sinovlardan muvaffaqiyat bilan oʻtib, avlodlarga oʻrnak boʻldi. Husayn Bayqaro saltanatining daslabki yillarida juda notinch kechdi. Xondamirning yozishicha, u taxtga chiqqan yilning oʻzida Abusaid Mirzoning oʻgʻli Yodgor Muhammad taxt daʼvosi bilan qoʻzgʻaldi. Husayn Bayqaro unga qarshi qoʻshin tortadi va gʻalaba qozonadi.

1470-yilning bahorida Yodgor Mirzo Astrobodda yana bosh koʻtaradi. Husayn Bayqaro Navoiyni yoniga olib, qoʻshin bilan yana yoʻlga tushadi. Xuddi shu payt Hirotda qoʻzgʻolon boʻlganligi xabari keladi. Husayn Bayqaro Navoiyni unga katta vakolatlar berib poytaxtga qaytaradi. Navoiy shaharda adolatni tiklab, xalqni tinchlantiradi. Shunday toʻqnashuvlarning birida Yodgor Mirzoning qoʻli baland kelib, poytaxdagi ayrim kishilar unga qoʻshiladilar. Mojarolarni tinchlantirish maqsadida uylangani Abusaidning qizi Robiya Sultonbegim eriga hiyonat qilib, u safariga ketganida poytaxtda inisi Yodgor Mirzo nomiga xutba oʻqitadi. Yurt bir muddat Yodgor Mirzo qoʻliga oʻtadi. Bu hol Husayn Bayqaroga qattiq taʼsir etadi va u tushkunlikka tushadi. Navoiy shunday paytda uning yonida turadi, tassali beradi. Oʻsha 1470-yilning oʻzida payt poylab, Navoiyning maslahati bilan Murgʻob daryosi boʻylaridan juda qisqa muddatda Hirotga yetib keladi va Bogʻi Zogʻonda maishatdan charchab uxlab yotgan Yodgor Mirzoni qoʻlga oladi. Shundan keyingina Xurosonda maʼlum muddat tinchlik, osoyishtalik qaror topadi. Alisher ijod kishisi edi. U tabiatan buyruqvozlikdan va hukmfarmonlikdan yiroq, tafakkur hamda taxayyulga moyil, gʻoyat noziktaʼb bir kishi edi. Mansab-lavozimlar har qancha yuksak boʻlmasin uning uchun zil-zambil yuk boʻlib, Husayn Boyqaroga boʻlgan ixlos va muhabbatigina uni isteʼfo berishdan saqlab turar edi. Shunga qaramasdan, u sadoqat bilan xizmat qildi. Donishmadnligi, tadbirkorligi bilan koʻplab gʻalayonu qon toʻkishlarning oldini oldi, urushlarni yarashishga aylantirdi.

Uning bu fazilati, ayniqsa, 1472–1476-yillardagi vazirlik faoliyatida yaqqol namoyon boʻldi. Husayn Bayqaro hokimyat ishlarida Navoiyning aql va sadoqatiga tayanib ish koʻrdi. Uni, qarshiligiga qaramasdan, yuqori martabalarga tayinladi, 1472-yilda esa „amir“(vazir)likka qoʻydi. Buyuk shoir „amiri kabir“ (ulugʻ amir), „amirul muqarrab“ (podshoga eng yaqin amir) unvonlariga musharraf boʻldi. Uning vazirlik yillari Hirotda obodonlik avj olgan, madaniyat gullab, yashnagan davr boʻldi. Ulugʻ amir oʻzi bosh boʻlib, suvsiz yerlarga suv chiqardi, eski ariqlarni tozallatirdi, yangi kanallar qazdirdi. Eski binolarni taʼmir qildirib, yangilarini qurdirdi. Koʻplab madrasalar, xonahoqlar soldirdi.

Ijod ogʻushida

Alisher Navoiy sheʼrni, shoirlikni hamma narsadan baland tutdi. Vazirlik martabasida turib ham sheʼr yozishni toʻxtatmadi. Atrofidagilar uning bu ishiga ragʻbat va hurmat bilan qaradilar. Shoh Husayn Bayqaroning oʻzi unga rahnamolik qildi. Ulugʻ shoirning ilk sheʼriy devonini muxlislari tuzgan boʻlsalar, birinchi devoni — „Badoye ul-bidoya“ („Badiiylik ibtidosi“)ni 1472–1476-yillarda shohning amri va istagiga koʻra oʻzi kitob qildi. 1485–1486-yillarda ikkinchi devon — „Navodir un-nihoya“(„Nihoyasiz nodirliklar“) maydonga keldi. Alisher Navoiy 1481–1482-yillarda „Vaqfiya“ asarini yozadi. Vaqf deb biror xayrli ishning sarf-u xarajatini taʼmin qilmoq uchun ajratilgan yer yoki mulkka aytiladi. Alisher Navoiyning eng katta orzusi doston yozish, birinchi navbatda, XII asrning buyuk shoiri Nizomiy Ganjaviy (1141–1209) dan keyin shoirlik qudtarining mezoniga aylanib qolgan „Xamsa“ yaratish edi. Nizomiyning „Panj ganj“ nomi bilan tarixga kirgan „Xamsa“si 5 masnaviydan tashkil topgan edi: „Maxzan ul-asror“(„Sirlar xazinas“), „Xusrav va Shirin“, „Layli va Majnun“, „Hayf paykar“(„Yetti goʻzal“), „Iskandarnoma“. Yuz yildan keyin unga Xusrav Dehlaviy (1253–1325) javob qildi. U oʻz dostonlarini „Matla ul-anvor“ („Nurlar boshlanishi“), „Shirin va Xusrav“, „Majnun va Layli“, „Hasht behisht“(„Sakkiz jannat“), „Oynayi Iskandariy“ (Iskandar oyinasi) deb ataladi. Lekin bular hammasi forsiy tilda yozildi. Ulardan forslar, shu tilni bilganlargina bahramand boʻldilar. Oʻz xalqining shunday hazinadan bebahra qolishi Navoiyni qiynadi.

Navoiy maslahatga ustozi Abdurahmon Jomiy huzuriga boradi. Jomiy Navoiyni bu ishga tezlikda kirishishga undaydi, uning oʻz kuchi va imkoniyatlariga ishonchini mustahkamlaydi. Navoiy besh dostonni ikki yilda tamomlaydi. 1483-yilda oʻz „Xamsa“sini yoza boshlab, 1485-yilning boshida yugatadi. Shoir ishlagan kunlar hisobga olinsa, 54 ming misralik ulkan obida 6 oyda bitkaziladi. Turkiy tilda birinchi marotaba „Xamsa“ yaratiladi. Olimu fuzalo — barcha bu hodisani zoʻr olqish bilan kutib oldilar. Zayniddin Vosifiyning „Badoyeʼ ul-vaqoe“sidan: "Shoh Navoiyga: „Bir mojaro Siz bilan bizning oramizdan koʻpdan hal boʻlmay keladi, shuni bugun bir yoqlik qilaylik“, deydi. Bu mojaro shundan iborat ediki, Sulton Husayn Alisherning muridi boʻlishini koʻpdan orzu qilar va uni „pirim“ deb atar edi.

Alisher esa har gal: „Yo Ollo, yo Ollo, bu qanday gap boʻldi! Aslida — biz muridmiz, siz — hammasiga pirsiz“, der edi. Endi Sulton Husayn Alisherdan soʻradi: — Pir nima-yu, murid nima?

Alisher javob berdi:

  • Pirning tilagi — muridning tilagi boʻlishi kerak.
  • Shunda Sulton Husayn oʻzining oq otini olib kelishni buyuradi. Ot juda asov, chopagʻon edi.

Sulton Husayn aytdi:

  • Siz pir, men murid boʻladigan boʻlsam, Siz shu otga minasiz, men uni yetaklayman.

Alisher noiloj otga minishga majbur boʻladi. Ot gʻoyat asov boʻlib, shohdan boshqani oʻziga yaqinlashtirmas edi. Alisher oyogʻini uzangiga qoʻyishi bilan ot tipirchilay boshladi, Sulton Husayn otiga oʻshqirdi, ot itoat qilib, Alisherning minishini kutdi. Alisher egariga oʻtirishi bilan Sulton Husayn otining jilovidan ushlab yetaklay boshladi. Alisher hushidan ketdi. Uni egardan koʻtarib oldilar. Tarihda bunday hol koʻrilmagan edi. Hech bir zamonda shoh shoirga jilovdorlik qilmas edi. 1480–1490-yillar Navoiy uchun badiiy ijodda samarali davr boʻldi. Shoir „Xamsa“ dan keyin koʻp oʻtmay, ketma-ket nasriy kitoblar yaratdi. U 1488-yilda yozgan „Tarixi mulki ajam“ („Ajam shohlar tarixi“) shularning biri edi. Bu asar „Muhokamat ul-lugʻatayn“da „Zubdat ut-tavoxir“(„Tarixlar qaymogʻi“) deb ham ataladi. 1480-yillarning oxiri, 1490-yillarning boshida Navoiyning yaqin doʻstlari, ustozlaridan Sayyid Hasan Ardasher (1489), Abdurahmon Jomiy (1492), Pahlavon Muhammad (1493) ketma-ket vafot etdilar. Navoiy ularga bagʻishlab „Holoti Sayyid Hasan Ardasher“, „Xamsat ul-mutahayyirin“, „Holoti Pahlavon Muhammad“ asarlarini yozadi. Bu asarlar nasriy boʻlib, shoirning bu ulugʻ zamondoshlari haqidagi memuar xotiralaridan tashkil topgan edi. 1491-yilda muammo janriga bagʻishlangan „Risolayi muammo“ (ikkinchi nomi „Mufradot“) risolasini yozi. Navoiy zamonasida muammo janri keng tarqalgan boʻlsa — da, asosan, fors tilida yozilar edi. Navoiy oʻzbek tilida muammo yozgan ilk oʻzbek shoirlaridan boʻldi. „Xazoyin ul-maoniy“ga uning 52 muamosi kiritilgan. Shoirning fors tilidagi muammolarini esa 500 chamalaydilar. Navoiyning 1490-yillardagi eng katta xizmatlaridan biri „Xazoin ul maoniy“ („Maʼnolar xazinasi“)ni tuzish boʻldi. 1492–1498-yillarda tartib qilingan 4 qism devondan iborat bu ulkan sheʼriy kulliyot shoirning turkiy tilda yozilgan deyarli barcha lirik sheʼrlarini qamrab olgan edi. Shoir 7-8 yoshidan 20 yoshigacha boʻlgan davrni umrining navbahori hisobladi va shu davr devonini „Gʻaroyib us-sigʻar“(„Yoshlik gʻaroyibotlari“) deb atadi.

Hayotining soʻnggi yillari

Alisher Navoiy xaykali, Samarqand

1490-yillarning boshidagi ogʻir yoʻqotishlar, ayniqsa, 40 yillik qadrdoni Pahlavon Muhammad bilan ustozi Jomiydan judo boʻlish Navoiyga qattiq taʼsir etdi. Buning ustiga saroyda Xadichbegim Nizomulmulk bilan mulk va mansab ishtiyoqida yangi-yangi fitnalar toʻqiydi. Shu fitnalar natijalaridan biri pok qalbli barcha kishilarni larzaga solib, mamlakatni halokat yoqasiga keltirib qoʻyadi. Bu-Moʻmin Mirzoning oʻz bobosi farmoni bilan qatl qilinishi edi. 1489-yilda Navoiy Hirotga qaytgach oʻrniga Astrobod hokimi qilib Badiuzzamon tayinlagan edi. Bu orada Balxda Darveshali qoʻzgʻoloni boshlanadi. Husayn Bayqaro Navoiyni olib, Balxga joʻnaydi. Darveshali bilan sulh tuziladi, lekin Hisorda Abusaidning oʻgʻli Sulton Mahmud Husayn Bayqaroga qarshi kurash boshlaydi. Shoh Navoiyni Balxda qoldirib, oʻgʻli Badiuzzamonni olib Hirotga otlanadi. U bilan ham murosaga kelishib, orqaga qaytadi va Balxni Badiuzzamon tasaruffiga beradi. Badiuzzamon oʻgʻli — 13 yoshli Moʻmin Mirzoni Astrobodda qoldirib Balxga keladi. Xadichbegim Nizomulkmulk bilan birgalikda Astrobodga Muzaffar Mirzoni hokim qilib tayinlashga erishadilar. Husayn Bayqaro va Badiuzzamon oʻrtasidagi munosabat yomonlashadi. Badiuzzamon Moʻmin Mirzoga Muzaffar Mirzoni shaharga kiritmaslikka buyuruq beradi. Shoh tezda Navoiyni Balxga yuboradi. Navoiy ota va oʻgʻil orasiga tushib, ularni yarashtiradi. Biroq huddi shu paytda Husayn Bayqaroning Badiuzzamonni qoʻlga tushirish va qamoqqa olish haqidagi Balxga, shahar qutloviga yoʻllagan yashirin farmoni maʼlum boʻlib qoladi. Yarash yana urushga aylanadi.

Alisher Navoiy maqbarasi tolibonlar xujumigacha, Hirot, 1976-yil.

Navoiy voqeani bunday izga kirib ketganidan qattiq iztirob chekadi va umidsiz orqaga qaytadi. Ota-oʻgʻil urushida Badiuzzamon yengiladi. Moʻmin Mirzoni Muzaffar Mirzo asir oladi. 1499-yilda Marvda Husayn Bayqaroning yana bir oʻgʻli Abulmuhsin otasiga qarshi bosh koʻtaradi. Shoh oʻz qoʻshini bilan Marvga otlanadi. Bu paytlarda Navoiy hajga boorish orzusida edi. Mirxondning xabar berishicha, Abulmuhsin otasi bilan sulh tuzish uchun Alisherning podshoh nomidan vakil boʻlib kelishini shart qilib qoʻyadi. Navoiyga tez chopar yuboriladi. Chopar shoirga yetib, shohning maktubini topshiradi. Unda shoirning hajni keyinga qoldirib, texda Marvga yetib kelishi iltimos qilingan edi. Alisher Mashhad ulugʻlari va hamrohlari bilan maslahatlashadi. Ular mamlakatning tinchiligi uchun Alisherning hajga borishidan kechishini soʻraydilar. Alisher belgilangan joyga yetib boradi, ota-oʻgʻillarni yarashtirib, Hirotga qaytadi.

1498-yilda Alisher Navoiy „Majolis un–nafois“ni qayta koʻzdan kechirib, toʻldirdi. Shoirlar adadni 459 taga yetkazdi. Shu yili yoshligidan qalbida muhirlanib kelgan „Mantiq ut–tayr“ ga javob yozadi. „Lison ut-tayr“ Navoiy ijodini yakunlovchi asarlardan biridir. Buyuk shoir 1498–1499-yillarda xatlarini toʻplab, „Munshaot“ tuzdi. Unda 88 ta xat jamlangan boʻlib, ularning aksariyati shoirning shoh va shahzodalarga yoʻllangan. Shoirning 1500-yilning oxirlarida yozib tugatgan „Mahbub ul–qulub“ asari uning eng soʻnggi asari boʻlib qoldi. Navoiy 1501-yilning 3-yanvarida vafot etadi. Butun xalq — shohda gadogacha, olimdan choʻpongacha, shoirdan dehqongacha ulugʻ farzandining oʻlimiga qaygʻu va iztirob bilan motam tutadi.

„Xamsa“

Alisher Navoiy ijodining yuksak choʻqqisi „Xamsa“ asari (1483–1485)dir, shoir birinchilardan boʻlib, turkiy tilda toʻliq „Xamsa“ yaratdi va turkiy tilda shunday koʻlamdor asar yozish mumkinligini isbotlab berdi. Ushbu toʻplamni Nizomiy Ganjaviyning „Panj Ganj“ („Besh xazina“) asariga havas sifatida yozilganligini oʻquvchilarga anglatmoq maqsadida „Xamsa“ning kirish qismida:

„Emas oson bu maydon ichra turmoq,
Nizomiy panjasigʻa panja urmoq.“

deya taʼkid etadi.

„Xamsa“ tarkibiga „Hayrat ul-abror“, „Farhod va Shirin“, „Layli va Majnun“, „Sabʼai sayyor“, „Saddi Iskandariy“ kabi dostonlar kiradi.

"Hayratul-abror"da hamd, munojot, naʼt, hayrat boblaridan keyin shoirning Yaratganga, borliqqa, tabiatga, insonga boʻlgan falsafiy, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ilmiy, maʼrifiy, axloqiy va estetik munosabati aks ettirilgan. Podshoh bilan ulusning insonlik nuqtai nazaridan ayirmasiz, farqsizligini, podshohning hunar, axloq, adl, insof, mantiq, taqvo yoʻlida ulusdan oʻta olmaganini anglatish bilan oʻzining adolatli shoh haqidagi qarashlarini anglatadi.

„Farhod va Shirin“da qahramonlar sevgi sarguzashtlari orqali insonning tarix va kelajak oldidagi vazifasini belgilaydi, insonlik faqat muhabbatda emas, balki oʻsha sharafli nomning himoyasi orqali ekanini uqdiradi. Sharq tarixidagi Xusrav va Shirin voqeasini badiiy jihatdan qayta ishlab, Farhod orqali oʻzining komil inson haqidagi qarashlarini ifoda qilgan. Navoiy dostoni orqali Firdavsiy, Nizomiy, Dehlaviy anʼanalari yangilangan boʻlsa, undan keyin bu syujet turk mumtoz adabiyotining oʻzak muammolarini hal etishda asosiy oʻrin tutdi va bu yoʻnalishda Ahmad rizvon, Jaliliy, Harimiy, Bafqiy, Urfi Sheroziy, Lamiiy, Nizoriy va boshqa dostonlari yaratildi.

„Layli va Majnun“ dostonida arab ertaklari orqali maʼlum syujet oʻzining tugal shaklini topdi, unda ishq falsafasi betakror uslubda ifoda qilindi. Keyinroq yaratilajak Fuzuliy, Andalib, Sayqaliy dostonlari uchun maʼnaviy zamin boʻldi. „Xamsa“ tarkibidagi „Sabʼai sayyor“ va „Saddi Iskandariy“da shohlik bilan bogʻliq masalalarni birinchi oʻringa olib chiqdi. Bu dostonlar xamsanavislik anʼanasida oʻzining ijtimoiy-siyosiy xarakteri va originalligi bilan ajralib turadi. „Xamsa“ga ustoz Abdurahmon Jomiy (1414–1492) yuqori baho berdi.

OʻR FA ShI qoʻlyozmalar fondida XV–XX asrlarda koʻchirilgan 166 qoʻlyozma saqlanadi. Ulardan 84 tasida beshlikning hamma dostonlari berilgan.

„Xamsa“ haqida xorijiy olimlar A.Vamberi, J.Malokolin, F.Richard, L.Vari, Y.Ekman, E.Partele; rus tadqiqotchilari I.Krachkovskiy, V.Bartold, E.Bertels, Konrad, B.Jirmunskiy, A.Yakubovskiy, A.Semyonov; turk olimlari F.Koʻprulu, A.S.Levend, K. Eraslon; ozar olimlari H. Arasli, G. Aliev; oʻzbek olimlari Fitrat, I.Sulton, V.Zohidov, A.Qayumov, T.Jalolov, Sodir Erkinov, S.Nazrullaeva, A.Abdugʻafurov, M.Hakimov, S.Hasanov v.b. ishlari maʼlum.

OʻzMUda „Xamsa“ni tadqiq etish borasida B.Qosimov, B.Akrom, H.Boltaboev, A.Erkinov, D.Farmonova tadqiqot ishlari olib bormoqdalar.

Navoiy Devonidan sahifa

Tasavvufiy asarlari

Navoiyning tasavvufiy qarashlari deyarli barcha asarlarining ruhiga singigan boʻlsa-da, maxsus "Lison ut-tayr" dostoni(1499)da, "Nasoyim ul-muhabbat" (1495–1496)da, "Tarixi anbiyo va hukamo"(1485–1488), „Arbain“, „Munojot“ singari asarlarida aks etgan.

"Lison ut-tayr"da borliq va ilohiyot haqidagi qarashlarini, inson, tabiat va hayot haqidagi fikrlarini qushlar tili va sarguzashtlari orqali bayon qilgan.

Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan soʻng Navoiy asarlarini diniy va soʻfiylik jihatidan oʻrganish kengaydi, ular obʼektiv va ilmiy bahosini olmoqda. „Arbain“, „Munojot“ kabi asarlari chop etildi. Jomiyning „Nafahotul-uns min hazarotil-quds“ tazkirasini tarjima qilib va toʻldirib, soʻz yuritilgan 618 ta shayxlar sonini 770 taga yetkazdi.

Nasriy asarlari

Navoiy merosining salmoqli qismi nasriy asarlardan iborat. Ular ijtimoiy-siyosiy, axloqiy-taʼlimiy va ilmiy-falsafiy yoʻnalishdadir.

Mahbub ul-qulub (1500–1501) Navoiyning soʻnggi yirik asari boʻlib, unda ulugʻ mutafakkir adibning hayoti davomidagi kuzatishlari, toʻplagan boy tajribasi oʻz yuqori darajasida aksini topgan. Uch qismdan iborat bu asarda „Soriun-nosning afʼol va ahvolining kayfiyati“ (1), axloqiy muammolar (2), „mutafarriqa favoyid va amsol surati“ (3) masalalari ifodalangan.

„Xamsatul-mutahayyirin“(„Besh hayrat“,1494) asarida ustozi va doʻsti Abdurahmon Jomiy, uning hayoti lavhalari, tariqati, yozishmalari, asarlari haqida hayratomuz hikoyalar keltiriladi.

„Holoti Sayyid Hasan Ardasher“ (1488–1489), „Holoti Rahlavon Muhammad“(1493) asarlari manoqib-holot yoʻnalishida boʻlib, ularda shoirga ustozlik qilgan buyuk shaxslar hayoti, faoliyati yoritilgan.

„Munshaot“ (1498–1499) Navoiyning maktublari toʻplami (jami 88 ta xat) boʻlib, ular sogʻinchlik xatlari, navroʻz tabriklari, taʼziyanomalar, siyosiy oʻgitlar, sulhnomalar va boshqa yoʻnalishlardadir. Ular Husayn Boyqaro, Badiuzzamon va boshqa tarixiy shaxslarga bitilgan.

Ilmiy-filologik merosi

„Majolisun-nafois“ (1490–1491; 1497–1498) tazkirasi turk tilidagi yozilgan dastlabki tazkira boʻlib, unda shoir sakkiz majlis doirasida 459 shoir va adib haqida maʼlumot bergan. Birinchi va ikkinchi majlisda tazkira tartib berilganda hayot boʻlmagan shoirlar, uchinchi majlisda shoirning zamondoshlari, toʻrtinchi majlisda beshinchi majlisda Xuroson, oltinchisida Movaraunnahr, Kichik Osiyo va Eron, yettinchi va sakkizinchi majlislarda temuriylar sulolasiga mansub ijodkor shoh va shahzodalar haqidagi maʼlumotlar jamlangan. Asar Fahriy Hirotiy(1521–1522), Muhammad Qazviniy(1522–1523), Shoh Ali Abdulali (1598) tomonidan uch marta fors tiliga tarjima qilingan.

Navoiy „Muhokamatul-lugʻatayn“ asarini oʻz zamonidagi turkiy lahjalar, ziyolilar nutqi, badiiy va ilmiy asarlarning leksik-grammatik xususiyatlarini forsiy til xususitlari bilan qiyoslashga bagʻishladi. Jonli xalq tilida qoʻllangan koʻplab soʻzlarni asarga kiritib, adabiy tilda qoʻllanilishiga sababchi boʻldi. Oʻzigacha ishlatilgan soʻzlarni yangi maʼno qatlamlarini ochdi. oʻzbek va boshqa turkiy xalqlarning tili grammatikasini Mahmud Koshgʻariydan soʻng ilmiy asosga soldi. oʻzbek va boshqa turkiy xalqlarning tilining badiiy va estetik imkoniyatlari kengayishiga sababchi boʻldi. Fors va turk tillarida yaratilgan eng yirik va eʼtiborli asarlarga murojaat qildi, shoir va olimlarni til istiqloli uchun kurashga chorladi.

Aruz nazariyasiga bagʻishlangan „Mezonul-avzon“(1492) asarida arab va fors aruzi qoidalarini turkiy tilda aniq va ravon tushuntirdi. Turk yozma va ogʻzaki sheʼriyati namunalarining vazn xususiyatlarini oʻrgandi. Turkiy aruz tabiatini yoritish bilan birga turk sheʼriyati murakkab aruz tizimini boyitganini anglatdi. Bahrlar va doiralar haqidagi tasavvurni kengaytirdi. Toʻqqizta yangi vazn va sheʼriy shaklni aniqladi. Turklik tarixida ilk bor milliy vazn haqidagi qarashlarni ilgari surdi.

Navoiyning ilmiy-filologik merosini muntazam tadqiq qilish XX asrning 20-yillaridan yoʻlga qoʻyildi. Bu yoʻnalishda Fitrat, Oybek, A.Saʼdiy, O.Sharafiddinov, A.Hayitmetov, I.Sulton, H.Qudratullaev kabi adabiyotshunos va A.K.Borovkov, O.Usmonov, A.Rustamov kabi tilshunos olimlarning ishlari eʼtiborli.

Tarix va iqtisodga oid asarlari

Navoiyning portreti. Portret Qirgʻizistonning Isfana shahridagi Alisher Navoiy oʻrta maktabining asosiy zalida uzoq yillar davomida turgan. Portret 2012-yil mahalliy qirgʻiz rasmiylarining tazyiqi ostida asosiy zaldan olib tashlangan. Mahalliy rasmiylar maktab nomini almashtirishga harakat qilishmoqda.

„Tarixi muluki Ajam“ („Ajam shohlari tarixi“,1488) qisqa tarix boʻlib, Eron shohlari xronikasi bayon qilingan „Tarixi Tabariy“, „Shohnoma“ asarlarini mantiqan toʻldiradi, ulardagi faktlarni izchil ilmiy tizimga soladi. Afsonaviy shoh Kayumarsdan sosoniylarning soʻnggi vakili Yazdi Shahriyorgacha boʻlgan shohlar tarixini, mifologik talqinini beradi.

„Tarixi anbiyo va hukamo“ („Paygʻambarlar va hakimlar tarixi“, 1485–1498) asarining birinchi boʻlimida „Qissasul-anbiyo“lar anʼanalarini davom ettirib, Odam alayhis-salomdan Nuh, Iso, Muso, Yaʼqub, Sulaymon, Yusuf, Dovud kabi paygʻambarlar tarixiga oid qissalar keltiradi. Navoiy Luqmoni hakimga ham anbiyolar qatoridan joy beradi. Asarning „Hukamo zikrida“ deb nomlangan ikkinchi boʻlimida insoniyat tarixida chuqur iz qoldirgan donishmand hakimlar Fishogʻurs, Jomosp, Buqrot, Suqrot, Aflotun, Arastu, Bolinos, Jolinus, Batlimus, Buzurgmehr haqida ibratli hikoyalar keltiradi, ularning donishmandligi, ilmiy kashfiyotlari siri qisqa satrlarda talqin qilinadi.

„Vaqfiya“ (1481) asarida vaqf yerlari, mulklari, ularning miqdori, ulardan foydalanish, vaqf mulki va mablagʻi evaziga quriladigan bino va inshootlar, bu yoʻnalishda madrasa va xonaqohlarda oʻrnatilgan tartiblar haqida fikr yuritdi. Navoiy oʻz ixtiyoridagi mablagʻlar hisobiga qurilgan xayriya muassasalari, ilmiy-madaniy binolar va bogʻlarni sanab oʻtdi. Asar Navoiy va Husayn Boyqaro munosabatlarini oʻrganish uchun ham muhim hujjatli manbadir.

Tarix va iqtisodiy yoʻnalishdagi asarlari N.Veselovskiy, Yakubovskiy, Ya.Gʻulomov, V.Zohidov, B.Ahmedov kabi olimlar tomonidan oʻrganilgan.

Arab va fors tillaridagi asarlari. Alisher Navoiy fors tilida yozgan sheʼrlari asosida „Devoni Foniy“ tuzilgan boʻlib, uning muqaddimasida „Sittai zaruriya“ („Olti zarurat“) va „Fusuli arbaa“ („Toʻrt fasl“) forsiy qasidalari majmualari berilgan. „Sittai zaruriya“ toʻplamidagi qasidalar „Ruhul-quds“ („Muqaddas ruh“), „Aynul-hayot“ („Hayot chashmasi“), „Tuhfatul-afkor“ („Fikrlar tuhfasi“), „Qutul-qulub“ („Qalbdar gʻizosi“), „Minhojun-najot“ („Qutilish yoʻli“), „Nasimul-xuld“ („Jannat nasimi“) kabi nomlar bilan ataladi. Ular Xoqoniy, Dehlaviy, Salmon Sovajiy, Abdurahmon Jomiy asarlari ruhida, ularga falsafiy-mantiqiy javob tarzida yozilgan. „Fusuli arbaa“da Sulton Husayn Boyqaro madhidan soʻng „Bahor“, „Saraton“, „Xazon“ („Kuz“) va „Day“ („Qish“) vasfidan iborat. Muammo janri qoidalariga bagʻishlangan „Mufradot“ (1485) fors tilidagi ilmiy asarida mumtoz sheʼriyatdagi bu janrni nazariy jihatdan asosladi. Muammo va uni ifodalangan janrlar ruboiy, qitʼa, tuyuq, ayrim hollarda gʻazal munosabatini anglatdi. Muammolarni yechish usullarini oʻrgatish barobarida 121 ta misol keltirdi. Navoiyning arab tilida „Sabʼatul-abhur“ („Yetti dengiz“) nomli diniy-tasavvufiy ruhda lugʻat xarakteridagi asar yozgani maʼlum. Biroq bu asar nashr etilib, yetarli darajada oʻrganilmagan. Alisher Navoiyning fors tilidagi merosi Fitrat, H.Sulaymon, N.Mallaev, Sh.Shomuhamedov, R.Vohidov, Boltaeva tomonidan oʻrganilgan.

Navoiy dahosi tufayli insoniyat tarixida dunyoning turli joylarida yashayotgan turkiy xalqlar yakqalam qilindi, millat maʼnaviy merosi umumjahon xazinasidan mustahkam oʻrin oldi. Mustaqil Oʻzbekistonda Navoiyni anglash davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Respublikadagi eng yirik viloyatlardan biri va uning markazi, Oʻzbekiston Davlat mukofoti, Oʻzbekiston Respublikasi FA Til va adabiyot instituti, opera va balet akademik teatri, Oʻzbekiston Davlat kutubxonasi, Samarqand Davlat universiteti va boshqa yuzlab madaniy-maʼrifiy muassasalar, jamoa xoʻjaliklari ulugʻ shoir nomi bilan ataladi.

[Kitobning butun bir koʻrinishi]

Alisher Navoiy oʻz asarlarida oʻzbek sʻozini etnonim sifatida ishlatgan.

„Shohu toju xilʼatekim, men tomosha qilgʻali,

Uzbakim boshida qalpoq, egnida shirdogʻi bas“.[7]

Sheʼrlari

Xilʼatin to aylamish…

Xilʼatin to aylamish jonon qizil, sorigʻ, yashil,
Shuʼlayi ohim chiqar har yon qizil, sorigʻ, yashil.

Gulshan ettim ishq sahrosin samumi ohdin
Kim, esar ul dasht aro har yon qizil, sorigʻ, yashil.

Shishadek koʻnglumdadur gulzori husnung yodidin,
Tobdonning aksidek alvon qizil, sorigʻ, yashil.

Orazu xoling bila xatting xayolidin erur
Koʻzlarimning ollida davron qizil, sorigʻ, yashil.

Laʼlgun may tutqil oltun jom birla sabzada
Kim, bulardin yaxshi yoʻq imkon qizil, sorigʻ, yashil.

Faqr aro berangliq dushvor erur behad, valek
Xirqada tikmak erur oson qizil, sorigʻ, yashil.

Ey Navoiy, oltinu shingarfu zangor istama,
Boʻldi naming rangidin devon qizil, sorigʻ, yashil.

Jongʻa chun derman…

Jongʻa chun dermen: „Ne erdi oʻlmakim kayfiyati?“
Derki: „Bois boʻldi jism ichra marazning shiddati“.

Jismdin soʻrsamki: „Bu zaʼfinggʻa ne erdi sabab?“
Der: „Anga boʻldi sabab oʻtluq bagʻirning hirqati“.

Chun bagʻirdin soʻrdum, aytur: „Andin oʻt tushti manga
Kim, koʻngulga shuʼla soldi ishq barqi ofati“.

Koʻngluma qilsam gʻazab, ayturki: „Koʻzdindur gunah,
Koʻrmayin ul tushmadi bizga bu ishning tuhmati“.

Koʻzga chun dermenki: „Ey, tardomani yuzi qaro,
Sendin oʻlmish telba koʻnglumning baloyu vahshati“.

Yigʻlab aytur koʻzki: „Yoʻq erdi manga ham ixtiyor
Ki, koʻrundi nogahon ul shoʻxi mahvash talʼati“.

Ey Navoiy, barcha oʻz uzrin dedi, oʻlguncha kuy
Kim, sanga ishq oʻti-oʻq ermish azalning qismati.


Koʻrgali husnungni zoru…

Koʻrgali husnungni zoru mubtalo boʻldim sanga,
Ne baloligʻ kun edikim, oshno boʻldum sanga.

Har necha dedimki, kun-kundin uzay sendin koʻngil,
Vahki, kun-kundin batarrak mubtalo boʻldum sanga.

Men qachon dedim: vafo qilgʻil manga — zulm aylading,
Sen qachon deding: fido boʻlgʻil manga — boʻldum sanga.

Ey koʻngil, tarki nasihat ayladim avvora boʻl,
Yuz balo yetmaski, men ham bir balo boʻldum sanga.

Jomi Jam birla Xizr suyi nasibimdur mudom,
Soqiyo, to tarki joh aylab gado boʻldum sanga.

Gʻussa changidin navoe topmadim ushshoq aro,
To Navoiydek asiru benavo boʻldum sanga.


Kelmadi

Kecha kelgumdur debon ul sarvi gulroʻ kelmadi,
Koʻzlarimga kecha tong otguncha uyqu kelmadii.

Lahza-lahza chiqdimu, chekdim yoʻlida intizor,
Keldi jon ogʻzimgʻavu ul shoʻxi badhoʻ kelmadi.

Ul parivash hajridinkim yigʻladim devanavor,
Kimsa bormukim anga koʻrgannda kulgu kelmadi.

Tolibi sodiq topilmas yoʻqsakim qoʻydi qadam
Yoʻlgʻakim avval qadam maʼshuqqa oʻtru kelmadi.

Ey Navoiy, boda birla hurram et koʻngul uyin,
Ne uchunkim boda kelgan uyga qaygʻu kelmadi.



Ruboiylar
* * *

* * *
Gʻurbatda gʻarib shodmon boʻlmas emish,
El anga shafiqu mehribon boʻlmas emish.
Oltun qafas ichra gar qizil gul butsa,
Bulbulgʻa tikondek oshyon boʻlmas emish.

* * *
Zohid, senga — hur, manga — jonona kerak,
Jannat — sanga boʻlsun, manga — mayxona kerak.
Mayxona aro soqiyu paymona kerak,
Paymona necha boʻlsa toʻla, yona kerak.

* * *
Jondin seni koʻp sevarmen, ey umri aziz,
Sondin seni koʻp sevarmen, ey umri aziz.
Har neniki sevmak ondin ortuq boʻlmas,
Ondin seni koʻp sevarmen, ey umri aziz.

* * *
Kim koʻrdi ekin jahonda oyo xushluq,
To bir kishi aylagay tamanno xushluq.
Yuz yilda agar bir oʻlsa paydo xushluq,
Omodadur yonida yuz noxushluq.

Nashr qilingan asarlari

  • Alisher Navoiy. Asarlar. 1-4 jildlar, -T.: 1963–1968;
  • Alisher Navoiy. Xazoyinul-maoniy. -T.: 1959–1960;
  • Alisher Navoiy. Mukammal asarlar toʻplami (20 jildlik), 1-6 jildlar. -T.: 1987–1992;
  • Alisher Navoiy. Asarlar. 6-10 jildlar, -T.: 1963–1968.
  • Alisher Navoiy. Mukammal asarlar toʻplami (20 jildlik), 7-12 jildlar, Toshkent, 1991–1996;
  • Alisher Navoiy. Xamsa (Nashrga tayyorl. R.Shamsiev). -T.: 1960;
  • Alisher Navoiy. Farhod va Shirin (nashrga tayyorl., nasriy bayon muallifi Gʻafur Gʻulom). — T.: 1956;
  • Alisher Navoiy. Hayratul-abror. Ilmiy-tanqidiy tekst (nashr. P.Shamsiev). -T.: 1970;
  • Alisher Navoiy. Lisonut-tayr (nasriy bayon muallifi: Sh.Sharirov). — T.: 1984;
  • Alisher Navoiy. Lisonut-tayr. — T.: 1991;
  • Alisher Navoiy. Nasoyimul-muhabbat. MAT. 17-jild. -T.: Fan, 2001;
  • Alisher Navoiy. Munojot (nashrga tayyorl. S.Gʻanieva). — T.: Sharq, 1991;
  • Alisher Navoiy. Mahbubul-qulub. Asarlar. Oʻn besh tomlik. T.13. — T.;1967;
  • Alisher Navoiy. Xamsatul-mutahayyirin. Asarlar. Oʻn besh tomlik. T.14. — T.;1967;
  • Alisher Navoiy. Holoti Sayyid Hasan Ardasher. Asarlar. Oʻn besh tomlik. T.14. — T.;1967;
  • Alisher Navoiy. Holoti Pahlavon Muhammad. Asarlar. Oʻn besh tomlik. T.14. — T.;1967;
  • Alisher Navoiy. Munshaot. Asarlar. Oʻn besh tomlik. T.13. — T.:1967
  • Alisher Navoiy. Majolisun-nafois. Asarlar. Oʻn besh tomlik. T.12. -T.: 1966;
  • Alisher Navoiy. Muhokamatul-lugʻatayn. Asarlar. Oʻn besh tomlik. T.14. — T.:1967;
  • Alisher Navoiy. Mezonul-avzon. Asarlar. Oʻn besh tomlik T.14. — T.:1967;
  • Alisher Navoiy. Tarixi muluki Ajam. Asarlar. Oʻn besh tomlik. T.14. — T.:1967;
  • Alisher Navoiy. Tarixi anbiyo va hukamo. Asarlar. Oʻn besh tomlik. T.15. — T.:1968;
  • Alisher Navoiy. Vaqfiya. Asarlar. Oʻn besh tomlik. T.13. -T.: 1967;
  • Alisher Navoiy. Devoni Foniy. Asarlar. Oʻn besh tomlik. T.5. 1-2 kitob. — T.:1966;
  • Alisher Navoiy. Mufradot. Asarlar. Oʻn besh tomlik. T.15.- T.:1968;


Manbalar

  1. Dabashi, Hamid. The World of Persian Literary Humanism. Harvard University Press, 2012 — 165-bet. ISBN 978-0-674-06759-2. „... in his (Nava'i's) own poetic and literary capabilities and wrote both in his native Chagatai Turkish and also in Persian, ...“ 
  2. The Oxford History of Historical Writing Volume 2: 400-1400. Oxford University Press, 2012 — 275-bet. ISBN 978-0-191-63693-6. „... biographies on individuals only started to appear in larger numbers during the late fifteenth century under the Timurid dynasty, such as Khvandamir's glorification of his patron, the Timurid poet and statesman Mir Ali Shir Navai“ 
  3. Nava'i, Ali-Shir. Nasa'em al-mahabba men shama'em al-fotowwa. Turkish Language Association, 1996 — 392-bet. 
  4. Valitova, A. A. (1974). „Alisher Navoi“. A. M. Proxorov (rus.). Buyuk Sovet Ensiklopediyasi. 17 (3-nashr). Moskva: Sovet Ensiklopediyasi. 194-195-betlar.
  5. A. M. Proxorov, muhar. (1997). „Navoi, Nizamiddin Mir Alisher“ (rus.). Buyuk Ensiklopedik Lugʻat (2-nashr). Sankt-Peterburg: Buyuk Rus Ensiklopediyasi. 777-bet.
  6. Umidbek. „Alihser Navoiy Moskvada xotirlandi“. Ozodlik Radiosi (9-fevral, 2011). Qaraldi: 3-oktabr, 2012.
  7. Alisher Navoi, Mukammal asarlar tuplami. 3 jild. Toshkent, 1988

Adabiyotlar

  • O.Sharafiddinov. Alisher Navoiy. Kitobda: Tanlangan asarlar.-T.: Fan,1978:
  • Ya. Gʻulomov. Alisher Navoiyning davrini oʻrganish haqida. Kitobda: „Ulugʻ oʻzbek shoiri“. -T.:1948;
  • Bertels E.E. Navoiy. Opit tvorcheskoy biografii. -M,L.: 1948;
  • Oybek. Navoiyning tarjimayi holi. Kitobda: „Navoiy gulshani“. -T.:1967;
  • S.Gʻanieva. Alisher Navoiy. -T.:1968;
  • V.Abdullaev. Navoiy Samarqandda. -T.: 1968;
  • Izzat Sulton. Navoiyning qalb daftari. -T.: Gʻ. Gʻulom nomidagi badiiy adabiyot nashriyoti, 1969;
  • V. Zohidov. Ulugʻ shoir ijodining qalbi. -T.: Oʻzbekiston, 1970;
  • A.Qayumov. Alisher Navoiy (ajoyib kishilar hayoti). -T.:1976;
  • S.Ayniy. Tanlangan ilmiy asarlar. — T.: Fan, 1978;
  • Fitrat. Navoyining forsiy shoirligʻi va fors tilidagi asarlari toʻgʻrisida. Tanlangan asarlar. 2-jild. -T.: 2000;
  • M.Shayxzoda. Gʻazal mulkining sultoni. Asarlar. Olti tomlik. T.4. -T.:1972;
  • Hamid Sulaymon. Alisher Navoiyning fors tilidagi poetik merosi tadqiqotidan. „Oʻzbek tili va adabiyoti“ jurn. 1965, № 5;
  • A.Rustamov. Navoiyning badiiy mahorati. -T.: 1979;
  • A.Hayitmetov. Navoiy lirikasi. -T.: 1961;
  • Yo.Ishoqov. Navoiy poetikasi. — T.:1984;
  • M.Hakimov. Navoiy asarlari qoʻlyozmalarining tavsifi. — T.: 1983).
  • B. Akrom. Fasohat mulkining sohibqironi. -T.:1991;
  • Z.Hamidov. Navoiy badiiy sanʼatlari. — T.: Universitet, 2001;
  • N.Bozorova. Alisher Navoiy gʻazallarida koʻngil obrazi. -T.: 2002;
  • ]]"Insoniyat haqida Navoiyning fikri. — T.: 1919;
  • Fitrat. „Farhodu Shirin“ dostoni toʻgʻrisida. Tanlangan asarlar. 2-jild. -T.: 2000;
  • T.Jalolov. „Xamsa“ talqinlari. -T.: 1962;
  • S.Erkinov. Alisher Navoiyning „Farhodu Shirin“i va uning qiyosiy tahlili. — T.: Fan, 1971;
  • A.Qayumov. „Xayratul–abror“ talqinlari. — T.: 1972;
  • A.Abdugʻafurov. Navoiy ijodida satira. -T.: Fan, 1972;
  • A.Qayumov. „Saddi Iskandariy“ haqida -T.: 1975;
  • A. Qayumov. „Farhod va Shirin“ sirlari. — T.: 1979;
  • „[[Nazrullaeva S. Tema “Leyli i Medjnun“ v literaturax narodov sovetskogo Vostoka. -T.: 1983);
  • A.Abdugʻafurov. Buyuk beshlik sirlari. — T.: 1993;
  • Alisher Navoiy „Xamsa“sining qoʻlyozmalari katalogi. (tuz. Q.Munirov, M.Hakimov. -T.: 1986).
  • S.Hasanov. „Sabʼai sayyor“.
  • A.Erkinov. Alisher Navoiy „Xamsa“si talqinining XV–XX asr manbalari. Dokt. diss. -T.: 1998;
  • E.E.Bertels. Sufizm i sufiyskaya literatura. -M.:1965;
  • Z.Hamidov. Alisher Navoiy „Lisonut–tayr“ asari tilining leksik-stilistik xususiyatlari. Nomz. diss. -T.: 1982;
  • I.Haqqulov. Tasavvuf va sheʼriyat. — T.: 1991;
  • H.Karomatov. Qurʼon va oʻzbek adabiyoti. -T.: Fan, 1993;
  • N.Komilov. Tasavvuf. -T.: 1996;
  • I.Haqqulov. Oʻzbek tasavvuf sheʼriyatining shakllanishi va taraqqiyoti. DDA.- T.:1995.
  • Sultonmurod Olim. Naqshband va Navoiy. — T.: Oʻqituvchi, 1996;
  • R.Vohidov. Navoiy va ilohiyot. — T.: 1997; 9. A.Aʼzamov. Munojotnoma. -Namangan: 1997, -T.: 2001;
  • Yo.Ishoqov. Naqshbandiya taʼlimoti va oʻzbek adabiyoti. -T.: 2002;
  • A.Rustamov. Alisher Navoiyning „Maxbubul–qulub“ asari grammatik xususiyatlari. Nomz. diss. -T.: 1959;
  • Bertels E.E. Navoiy i Djami. -M.: Nauka, 1965;
  • Navoiy va adabiy taʼsir masalalari. — T.: Fan, 1968;
  • A.Hayitmetov. Adabiyotimiz tarixining oʻz izohlari. „Sharq yulduzi“ jurn. −1971, № 12;
  • M.Qodirov. Alisher Navoiy nasrida kelishik shakllari. Nomz. diss. — T.: 1977;
  • Jomiy va Navoiy. Toʻplam. -T.: 1981;
  • Fitrat. Aruz haqida. -T.: 1936;
  • A.Saʼdiy. Adabiyot olimi va tanqidchi sifatida Mir Alisher Navoiy. „Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati“ jurn. 1938. № 11-12;
  • Oybek. Navoiyning „Majolisun–nafois“ asari haqida. Kitobda: Asarlar. T.9. -T.: 1974;
  • A. Hayitmetov. Alisher Navoiyning adabiy-tanqidiy qarashlari.-T.:1959;
  • A.K.Borovkov. Alisher Navoiy, kak osnovopolojnik uzbekskogo literaturnogo yazika. V kn. Alisher Navoiy. -M.: 1946;
  • A.Usmanov. „Muxokamat al–lugatayn“ Alishera Navoiy. -T.: 1948;
  • I.Sulton. „Mezonul–avzon“ va uning kritik teksti. T.: 1940;
  • H.Qudratullaev. Navoiyning adabiy-estetik olami. — T.: 1991;
  • L.Xalilov. Alisher Navoiy „Tarixi muluki ajam“ asarining tekstologik tadqiqi. Nomz. diss. -T.:1975;
  • V.Zohidov. Vaqfiya. „Sharq yulduzi“ jurn. 1974, № ;
  • M.Hakimov. Navoiy asarlari qoʻlyozmalarining tavsifi. -T.:1983;
  • M.Hakimov. Navoiy asarlarini koʻchirgan xattotlar. -T.: 1991;
  • Fitrat. Navoyining forsiy shoirligʻi va fors tilidagi asarlari toʻgʻrisida. Tanlangan asarlar. 2-jild. -T.: 2000;
  • M.Shayxzoda. Gʻazal mulkining sultoni. Asarlar. Olti tomlik. T.4. -T.:1972;
  • Hamid Sulaymon. Alisher Navoiyning fors tilidagi poetik merosi tadqiqotidan. „Oʻzbek tili va adabiyoti“ jurn. 1965, № 5;
  • Hamil Sulaymon. Alisher Navoiyning yangi topilgan „Sittai zaruriya“ asari va uning qoʻlyozma manbalari haqida. „Adabiy meros“, -T.: 1968; № 1;
  • Mirzoev. Foniy va Hofizika — Dushanbe: Irfon, 1968;
  • Boltaeva. Alisher Navoiyning „Fusuli arbaa“ asarining tahlili. -Samarqand: 2000; Xondamir. Makorimul-axloq (M.Faxriddinov, P.Shamsiev tarj.) -T.: 1967;
  • Zaynuddin Mahmud Vosifiy. Badoʻeul-vaqoe (N.Norqulov tarj.) — T:1979;
  • Davlatshoh Samarqandiy. Tazkiratush-shuaro. OʻRFAShI, inv.2119;
  • Husayn Boyqaro. Devon, risola. -T.: 1968;
  • Bobir. Bobirnoma. — T.:1960.
  • Zohidov L. Navoiy asarlarida muammo janri.

Havolalar