Saroy
Saroy õzbeklar tarkibiga kirgan yirik qabilalar uyushmasi
Saroylar etnik birlashma sifatida XIV—XV asrlar davomida Dashti Qipchoqda shakllangan boʻlib, XVI asrda hozirgi Oʻzbekiston hududiga kelib joylashgan. Saroylarning kichik bir guruhi qozoqlarning argʻin qabilasi tarkibida ham mavjud boʻlgan. 1924—1926-yillarda oʻtkazilgan aholi roʻyxatida Oʻzbekiston hududida yashovchi saroylarning soni 50 mingdan ortiq boʻlib, ulardan 18 ming kishi Buxoro vohasida (Harqonrud, Vobkentdaryo, Shahrud, Sultonravot, Poykend, Pirmait ariqlari boʻylab), 20 ming kishi Karmana vohasida, Narpay va boshqa ariqlar boʻyida yashaganlar. Saroylarning katta bir qismi (15,5 ming kishi) Qashqadaryo vodiysida (Shahrisabz va Qarshi vohalarida, Qamashi, Samar togʻining janubiy yon bagʻirlarida, Qashqadaryoning yuqori oqimida) yashashgan. Saroylarning ayrim guruhlari Jom choʻlida (6 ming), Koʻhitang togʻi yon bagʻirlarida (1 ming), Miyonkolda (3 ming), Samarqandning janubi-gʻarbida (1,5 ming), Nurota togʻining janubi yon bagʻirlarida (3 ming), Jizzax atrofida (1,7 ming) yashagan. Saroylarning kichik guruhlari Fargʻona vodiysida hamda Afgʻonistonda, Mozori Sharif va Balx atrofida istiqomat qilganlar.
Saroylarning tarkibida bir qancha kichik va katta qabilalar mavjud boʻlgan. Masalan, azsaroy, qipchoqsaroy, qirgʻizsaroy, naymansaroy va boshqalar. Bularning har biri, oʻz navbatida, yana bir qancha urugʻlarga boʻlingan. Yuqorida keltirilgan boʻlim (qabila) nomlaridan maʼlumki, saroylar tarkibiga saroy boʻlmagan juda koʻp boshqa etnik guruhlar (az, majar, qipchoq, qirgʻiz, qoʻngʻirot va boshqalar) kirgan. Saroylar XX asrning boshlarida siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy oʻzgarishlar sababli birbiri bilan aralashib oʻzbek xalqi tarkibiga singib ketgan.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |