Sayqaliy
Sayqaliy, Hisoriy, Sobiriy (taxalluslari; ismi Sobir) (1730— Hisor — 1798) — shoir. "Qissai Ibrohim", "Rangnoma-i Imom Muhammad Hanafiyya", "Ahtamnoma", "Ravzat ush-Shuhado" kabi diniy-didaktik asarlari bor. Ularda Sharqda mashhur ayrim syujetlar qisqa bayon etilgan. Gʻazal, muhammas, musaddas, musamman va masnaviylarida zamonasidan, haqsizlik va qashshoqlikdan shikoyat qilgan, insonni, uning sevgisini ulugʻlagan. S. ijodida ishqiy sarguzasht mazmundagi "Bahrom va Gulandom" dostoni alohida ahamiyatga ega. Asar masnaviy va lirik janrlarda aralashtirib yozilgan. Kirish qismida 20 dan ortiq ishqiy syujetlarni sanaydi. Uning asarida xalq ogʻzaki ijodidagi Bahrom obrazi asosiy qahramon qilib olingan. Rum shahzodasi Bahromning Chin malikasi Gulandomga oshiq boʻlishi va ularning sarguzashtlari asarning asosiy syujetini tashkil etadi. Asarda mardlik, vatanparvarlik, sadoqat, maqsadga intilishda sobitqadamlik kabi olijanob insoniy fazilatlar tarannum etilgan. S. asarlari Markaziy Osiyo, Qozogʻiston, Tatariston va boshqa joylarda keng tarqalgan, bir necha bor nashr etilgan. Qoʻlyozma nusxalari Sankt-Peterburg, Toshkent, Ashxobod, Dushanba, Samarqand kabi shaharlardagi qoʻlyozmalar fondlarida saqlanadi.
Ac: Bahrom va Gulandom, T., 1960.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Abdullayev V., Oʻzbek adabiyoti tarixi, 2kitob, T., 1967; Oʻzbek adabiyoti tarixi |5 j.li], 4j., T., 1978.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |