Kontent qismiga oʻtish

„Oltin Yulduz“ medali

Vikipediya, erkin ensiklopediya
„Oltin Yulduz“ medali
Mamlakat Oʻzbekiston Oʻzbekiston
Kimga topshiriladi Oʻzbekiston Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan shaxsga
Taqdirlash asosi davlat va xalq oldidagi qahramonona jasorat koʻrsatish bilan bogʻliq xizmatlari uchun
Holati topshiriladi
Statistika
Taʼsis sanasi 1994-yil 5-may
Birinchi taqdirlash 1994-yil 5-may
Mukofotlash soni 95

„Oltin Yulduz“ medali – Oʻzbekiston Respublikasi davlat mukofoti. Oliy nishon. „Oʻzbekiston Qahramoni“ oliy mukofoti belgisi. Qonunga koʻra, unvon davlat va xalq oldidagi qahramonona jasorat koʻrsatish bilan bogʻliq xizmatlari uchun Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan beriladi[1].

„Oltin Yulduz“ medali „Oʻzbekiston Qahramoni“ unvonini belgilash bilan bir vaqtda Oʻzbekiston Respublikasining 1994-yil 5-maydagi 1038-XII-sonli Qonuni bilan taʼsis etilgan[1].

„Oʻzbekiston Qahramoni“ unvoni bilan taqdirlangan shaxslarga oliy mukofot belgisi — „Oltin Yulduz“ medali va unvon berilganligi toʻgʻrisidagi tegishli hujjat — guvohnoma topshiriladi[1][2][3]. „Oʻzbekiston Qahramoni“ unvoni vafotidan keyin berilgan taqdirda „Oltin Yulduz“ medali va unvon berilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma mukofotlangan shaxsning oila aʼzosiga topshiriladi[1].

„Oltin Yulduz“ medalini tantanali va keng oshkoralik vaziyatida Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti topshiradi. Medalni Prezident nomidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Spikeri, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisi yoki Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri topshirishi ham mumkin[1].

Oliy mukofot belgisi — „Oltin Yulduz“ medali koʻkrakning chap tomoniga koʻkrak nishonlaridan, ordenlardan va medallardan yuqoriga taqiladi[1][3]. „Oltin Yulduz“ medali boshqa alohida oʻrnak koʻrsatganlik uchun olingan nishonlarni taqib yurish chogʻida orden va medallardan yuqorida, avvalgi „Oltin Yulduz“ medalidan hamda „Oʻroq va Bolgʻa“ oltin medalidan oʻngroqda qadaladi[4]. Plankalardagi lentalarni taqib yurish qoidalari oliy mukofot belgisi — „Oltin Yulduz“ medaliga nisbatan qoʻllanilmaydi[3].

Davlat mukofotlari bilan taqdirlangan shaxslar umummilliy bayramlar va tantanali tadbirlar vaqtida oliy mukofot belgisi — „Oltin Yulduz“ medalini koʻkragining chap tomoniga taqib yuradi. Taqdirlangan shaxslar medalni boshqa hollarda ham taqib yurishi mumkin[3].

„Oʻzbekiston Qahramoni“ unvonini belgilash va oltin nishon — „Oltin yulduz“ medalini taʼsis etish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasining 1994-yil 5-maydagi 1038-XII-sonli Qonunida „Oltin yulduz“ medalining tasdiqlangan tavsifi quyidagicha yozilgan:[1]


„Oltin Yulduz“ medali 585 probali oltin qotishmasidan tayyorlanadi va old tomonida har bir qirrasining ikki yonbagʻridan oltin nurlar taralgan sakkiz qirrali yulduz shaklida boʻladi. Yulduzning qarama-qarshi joylashgan uchlarining orasi 32 millimetr. Medal markazidagi diametri 8 millimetrli sathga jo boʻlgan doira ichida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining ramziga monand yarim oy va besh qirrali yulduz joylashgan. Yarim oy jo boʻlgan sath aylanasining diametri 6 millimetr, besh qirrali yulduz jo boʻlgan sath aylanasining diametri esa 3 millimetrdir.

Medalning orqa tomoni markazida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi joylashgan. Gerbning pastidagi nurga medalning raqami 1 millimetr kattalikdagi botiq shrift bilan yozilgan.

Medal yonlari oʻyiq toʻgʻri toʻrtburchak shaklida ishlangan, oʻlchami 16x25 millimetrli kumush qadagʻich (kolodka)ga kumushdan ishlangan ilmoqcha va halqa yordamida ulanadi. Qadagʻichning qismlari va halqa 0,25 mikron qalinlikdagi tilla bilan qoplangan.

Qadagʻichning ichki qismi respublika Davlat bayrogʻining rangidagi yoʻl-yoʻl zardoʻzi mato (lenta) bilan qoplangan. Matoning kattaligi 11x20 millimetr. Qadagʻichning orqa tomonida taqma toʻgʻnogʻich bor.

Medal ogʻirligi 12,5 gramm[1]